Ma’naviyat xazinasi

0

Adabiyot nima ekani, odamlar badiiy asar o‘qishga nega qiziqishlari, adabiy asarlar qanday turlarga ajralishi-yu uning ayrim mumtoz namunalaridan xabardor bo‘ldingiz. Dars davomida o‘rganilgan ko‘plab asarlar hamon yodingizdan chiqmay, Sizni o‘ylantirayotgan bo‘lsa ham ajab emas. Bu holat – yaxshilik alomati. Ya’ni, Siz bu asarlarni faqat baho olish uchungina, shunchaki o‘qimabsiz. Diqqat bilan, ko‘nglingizni berib mutolaa qilibsiz. Ularning qahramonlari Sizning yuragingizdan joy olibdi. Bir so‘z bilan aytganda, ma’naviy olamingiz kengayib, yanada go‘zallashibdi!

uzbek adabiyot

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida adabiyotning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalar ekan, jumladan, shunday degandi:

«Insonni, uning ma’naviy olamini kashf etadigan yana bir qudratli vosita borki, u ham bo‘lsa, so‘z san’ati, badiiy adabiyotdir. Adabiyotning insonshunoslik deb, shoir va yozuvchilarning esa inson ruhining muhandislari deb ta’riflanishi bejiz emas, albatta».[1]

Xo‘sh, inson ma’naviyatining, ruhiyatining yuksalishida adabiyot, kitob mutolaasi qanday o‘rin tutadi?

Inson hayvondan farqli o‘laroq, nafaqat moddiy ozuqaga, balki ma’naviy-ruhiy oziqqa ham muhtojlik sezadi. Bu nima degani?

Agar Siz iste’mol qiladigan oziq-ovqatlar jismingiz ehtiyojlarini qondirib, uni holsizlanishdan asrab, doimiy quvvatlantirib tursa, ma’naviy oziqlanish Sizni ruhiy boyitib, tetiklashtirib, ma’naviy qashshoqlashishdan asraydi. Odamning moddiy boyliklari ko‘payishi uni o‘z-o‘zidan ma’naviy boy qilib qo‘ymaydi. Inson och-yupun qolmaslik to‘g‘risida qanchalik o‘ylasa, o‘zini ma’naviy yuksaltirish to‘g‘risida ham undan-da ko‘proq jon kuydirishi kerak bo‘ladi. Ma’naviy yuksalishning eng samarali yo‘llaridan biri esa kitobga oshno tutinish, jumladan, adabiy asarlar mutolaasiga ixlos qo‘yishdir.

Adabiyotning aynan ma’naviyat xazinasi ekanining yana bir sababi shundaki, uning bag‘rida hozirga qadar insoniyat ardoqlab kelayotgan eng noyob hislar – insonparvarlik (gumanizm), adolat, shafqat, o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik, mehr va muruvvat, sevgi-muhabbat, go‘zallikka tashnalik singari o‘lmas insoniy tuyg‘ular jamuljamdir. Adabiyotga oshno tutingan odam qalbiga bu hislar ko‘chib o‘tishi, uni hazrati insonga aylantirishi, hayotiga nur olib kirib, turmushini turfa mazmun bilan boyitishi aniqdir.

Islom Karimov «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida xalqimizdan yetishib chiqqan, uning dunyoga ma’rifatli millat sifatida tanilishiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ijodkorlar xizmatiga yuksak baho berar ekan, jumladan, mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyni quyidagicha ta’riflaydi:

«Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir».[2]

Ko‘ryapsizki, xalqqa xizmat qilmoq uchun, uning yodida abadiy qolmoq uchun so‘zga, adabiyotga, ma’rifat va ma’naviyatga sidqidildan xizmat qilishning xosiyati beqiyosdir.

Sizni badiiy adabiyotni ixlos bilan o‘qishga da’vat etayotganimizning sabablari ko‘p, albatta. Bu masalada, uzoqqa bormay, o‘zingizdan kelib chiqaylik. O‘tgan o‘quv yilida o‘nlab shoir va yozuvchilarning qator asarlarini o‘qib-o‘rgandingiz. Endi aytingchi, shu asarlarni o‘qigan va uqqan tengdoshingiz bilan ularni o‘qimagan yoki o‘qisa-da, uqmagan sinfdoshingiz orasida qandaydir farq bormi-yo‘qmi?

To‘g‘ri, adabiyot va boshqa san’at turlarining insonga ta’siri darrov sezilib, bilinib qolmaydi. Xuddi yoshingiz ulg‘ayayotganini o‘zingiz sezishingiz qiyin bo‘lganidek, adabiyotning Sizga o‘tkazayotgan ta’sirini ham qo‘l bilan ushlab, ko‘z bilan ko‘rish mumkin emasdek. Lekin ko‘p kitob o‘qiydigan, adabiyotga chin dildan qiziqadigan do‘stlaringiz yurish-turishiga, odob-axloqiga razm solib qarasangiz, ular boshqalardan ancha ajralib turishini sezmaslik, ko‘rmaslik ham mumkin emas. Ularning gap-so‘zlari salmoqli, mazmunli bo‘lib boradi, bu bolalar ko‘cha changitib yurishdan ko‘ra biror foydali mehnat bilan shug‘ullanishga harakat qilishadi. Uyatsiz so‘zlar bilan lafzini bulg‘ashdan tiyilishlarini ham sezsangiz kerak. Ular uyda yozib kelgan inshosi yoki referatini o‘qib berayotganida eng to‘polonchi sinfdoshlaringiz ham jimgina eshita boshlagani ham bor gap.

Xo‘sh, bu kitobsevar bolalarning boshqalardan bir-ikki qadam oldinroqqa o‘tib olishlariga, ham ota-onalar, ham ustozlarning nazariga tushishlariga ko‘proq nima sabab bo‘ldi? Nega ko‘plab fan olimpiadalarida aksariyat o‘shalar g‘olib chiqyapti? Nega maktabingizda o‘tkazilayotgan «Davlat tili bayrami»ga sinfingizdan aynan shu bolalar tanlab olindi? Nima uchun bu do‘stlaringiz ortidan turli xunuk gaplar eshitmaysiz? Ularni boshqalardan ildamroq yurishiga kuch berayotgan narsa nima ekan?

Barakalla, to‘g‘ri topdingiz! Buning nomi – MA’RIFAT. Kitob orqali, adabiy asarlarni o‘qib-o‘rganish tufayli orttirilgan bebaho boylik – ma’naviyat va ma’rifat!

Qolaversa, adabiyot so‘zi aslida odob so‘zidan olingan bo‘lib, qadimdan Sharq mamlakatlarida adabiyotga insonni odob va axloqqa yo‘naltiruvchi ruhiy-ma’naviy manba sifatida qaralgan. Bu yerda odobni tor ma’noda tushunmasligimiz, bu so‘z zamirida yotgan barcha fazilatlarni tasavvur qilishimiz kerak. Ya’ni odob tushunchasi insonni inson qilib turadigan barcha ijobiy fazilatlarni o‘zida jamuljam etadi. Vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga ehtirom, ota-ona va yaqinlariga mehr-oqibat, o‘zgalar dard-u tashvishi bilan yashash, inson tuyg‘ulariga hurmat va e’tibor, shafqatga muhtoj kishilar ko‘nglini ko‘tarish – bularning bari inson odobi degan yuksak tushunchani tashkil etadi. Adabiyot tarixidagi jamiki buyuk asarlarning bosh mazmun-mohiyatini esa ayni qadriyatlar tashkil qiladi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, o‘qishda ham o‘qish, uqish va his qilish bor. Demoqchimizki, kitob mutolaasi odam bolasidan bu ishga jiddiy berilishni, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ixlos bilan yondashishni talab qiladi. Falon asarni o‘qidingmi-o‘qidim qabilida ish tutish mutlaqo yaramaydi. O‘sha asarni, uni yozgan yozuvchi yoxud shoirning orzu-o‘ylari, asarga singdirgan tuyg‘ularini his qilish kishidan alohida e’tiborni talab qiladi. Asarni his qilib o‘qimaslik chinakam gul bilan sun’iy gulning farqiga bormagandek gap.

Xo‘sh, asarni his qilib o‘qish nima degani?

Bilasizki, har qanday badiiy asarda insonga xos bo‘lgan fazilat va illatlar ifoda etiladi. Hatto hayvonlar to‘g‘risida bitilgan ertaklarning ham tagzaminida insoniy tuyg‘ular yotadi. Tuyg‘ular esa faqat aql orqali emas, balki ko‘ngil, yurak orqali seziladi.

Deylik, bir asar qahramoni og‘ir ahvolda qoldi. Yomon odamlar qilmishidan uning taqdirida qorong‘i kunlar boshlandi.

Uning bu holatini yaqindan his qilish, bu voqealar xuddi Siz bilan bo‘layotgandek qarash ruhiyatingizni toblaydi, Sizni chiniqtiradi, yomonliklardan qutulish yo‘llarini o‘rgatadi. Siz o‘zingiz sezib-sezmagan holda dunyoda yomonlik degan yovuz kuch bor ekanini bilasiz. Uni olamga yoyayotgan ham siz-u bizdek insonlar ekanini ko‘rasiz. Eng muhimi, bu yomonlikka qarshi kurashish ham odamlarning zimmasidagi vazifa ekanini anglab yetasiz. Mana shu anglash Sizning olimgina emas, yaxshi odam ham bo‘lishingiz yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lsa, ne ajab.

O‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan ona Vatanimizning ertangi kun taqdiri qanday bo‘lishi, dunyo xalqlari orasida orttiradigan obro‘-e’tibori ko‘p jihatdan Sizning qanday odam bo‘lishingizga, adabiyot va san’atga ixlos bilan oshno tutinishingizga bog‘liqdir desak, hecham hayron bo‘lmang. Chunki mamlakatni mamlakat, millatni millat qiladigan uning o‘g‘il-qizlari, bag‘rida o‘stirayotgan farzandlaridir. Agar bu farzandlar faqat bugungi kunini, qorin g‘aminigina o‘ylab yashaydigan, yurtdoshlari taqdiriga befarq, o‘z manfaati yo‘lida insof, adolat, iymon tuyg‘ularini toptab o‘tadigan kimsalar bo‘lib yetishsa, bunday yurtning holiga voy. Bunday yurtga chetdan bosib keladigan dushmanning ham keragi bo‘lmaydi. Boyagi ma’naviyatsiz, ma’rifatsiz kimsalarning qilmishlari yurtning nafaqat bugunini, balki kelajagini ham xavf ostida qoldirishi turgan gap. Bunday farzandlar qo‘liga o‘tadigan yurtning boyliklari talon-taroj bo‘ladi, iqtisodiy tanazzul tuganmas dardga aylanadi. Uning madaniyati va san’ati milliy qiyofasini yo‘qotadi. Jamiyat hayotida adolatsizlik, insofsizlik va madaniyatsizlik oddiy holga aylanib, kishilarning kelajakka bo‘lgan ishonchi mutlaqo so‘nadi.

Farzandlari ma’rifatli, ma’naviyatli, o‘zligini tanigan xalqning esa, albatta, iqboli kuladi. Komil farzandlar o‘zini tug‘ib katta qilgan ona Vatanining qadrini har narsadan yuksak qo‘yadi. Ular uchun yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, el farovonligi yo‘lida o‘qib-o‘rganish, mehnat va ijod qilish hayotning tub mazmuniga aylanadi. O‘zini buyuk millatning, qadimiy xalqning chinakam vorisi deb bilgan farzandlar bugun dunyoda hech kimdan kam emasligini anglab, kelajakda ham hech kimdan kam bo‘lmaslikni ko‘zlab harakat qiladilar.

Shu ma’noda, xalqimiz boshidan o‘tgan barcha yaxshi va yomon kunlarni doimiy yodda tutish uchun adabiyotga murojaat qilamiz. Qolaversa, ota-bobolarimizning ushalmagan orzularini ro‘yobga chiqarish bizning zimmamizdagi muqaddas burch ekanini anglashga yordam beradigan ham adabiyot – so‘z san’ati hisoblanadi. Zero, adabiyot tarixi – millat va mamlakat tarixining jonli ifodasidir. Adabiyotini anglagan millat o‘zligini anglaydi.

Birinchi Prezidentimiz mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab adabiyot ahliga har tomonlama yordam ko‘rsatish, ijod erkinligini ta’minlash, badiiy adabiyotlar nashrini ko‘paytirish borasida O‘zbekiston hech qaysi davlatdan ortda qolmasligi masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Eng muhimi, milliy adabiyotimizning ertangi kuni, uning kelajakdagi rivoji ma’naviyat sohasidagi ustuvor vazifa ekanini uqtirdi:

«Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor, buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak. Nega deganda, ulug‘ adib Cho‘lpon aytganidek, adabiyot yashasa – millat yashaydi».[3]

Demak, adabiyot darsi Siz uchun shunchaki vaqt o‘tkazib, o‘qituvchi savollariga bir amallab javob berib, qoniqarli baho qo‘yganiga xursand bo‘lib chiqib ketadigan dars bo‘lmasligi kerak ekan-da. Adabiyot Sizni nafaqat olim, balki ODAM bo‘lishingizga ko‘maklashadigan eng yaqin do‘stingizga aylanishi qanchalar muhim. Bilingki, bu do‘st Sizga hech qachon xiyonat qilmaydi, hech vaqt Sizni yo‘lg‘iz qoldirmaydi, biror payt joningizga tegmaydi, zeriktirmaydi. Adabiyotga qo‘lingiznigina emas, qalbingiz, yuragingizni bering, u bilan yorug‘ kunlarni ko‘zlab safarga chiqing.


  • [1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: «Ma’naviyat», 2008. 136-b.
  • [2] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: «Ma’naviyat», 2008. 47-b.
  • [3] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: «Ma’naviyat», 2008. 139–140-betlar.

Savol va topshiriqlar

  1. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning badiiy adabiyot va ijodkorlar haqidagi fikrlarini so‘zlab bering.
  2. «Adabiyot» so‘zining lug‘aviy ma’nosini izohlang.
  3. Adabiyot nega «ma’naviyat xazinasi» deb nomlanishini tushuntirib bering.
  4. Qaysi adabiy asarni o‘qiganingizdan keyin o‘zingizda jiddiyo‘zgarish his qilgansiz? Shu o‘zgarishni izohlab bera olasizmi?
  5. O‘zingizni yetarli darajada kitob o‘qiyapman deb hisoblaysizmi?
  6. «Kitobdan kitobning farqi bor» degan gapni qanday tushunasiz?
  7. Sizni va tengdoshlaringizni ko‘proq nimalar qiziqtiradi? Ularorasida adabiy asarlar o‘qishga chanqoqlik ham bormi?
  8. Agar bir aylanib yozuvchi bo‘lib qolsangiz, eng avvalo, nimalarto‘g‘risida yozgan bo‘lardingiz?
  9. «Ma’rifatli kishi» deganda yaqinlaringizdan kimni ko‘z oldingizga keltirasiz? Bunday odamdan nimalarni o‘rgangan bo‘lardingiz?
  10. Ota-onangizning vaqti bo‘lmaganda, ukalaringizni atrofingizgayig‘ib biror kitob o‘qib berishni odat qilganmisiz?

Previous articleO‘zbekiston respublikasining davlat madhiyasi
Next articleG‘afur G‘ulom hayoti va ijodi (Ghafur Ghulom)