O‘zbekistonning din niqobidagi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashdagi o‘rni

0

Ўзбекистоннинг дин ниқобидаги экстремизм ва терроризмга қарши курашдаги ўрни. Узбекистоннинг дин никобидаги экстремизм ва терроризмга карши курашдаги урни


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, ekstremistlar nima uchun o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishda dindan niqob sifatida foydalanadilar?
  2. Ekstremistlar va terroristlarning asosiy maqsadi nima deb o‘ylaysiz?
  3. Ekstremistlarning go‘yalariga dunyo dinlari vakillarining munosabati qanday?
  4. Inson ongida paydo bo‘lgan bo‘shliq ekstremistik g‘oyalarga bo‘ysunishiga olib keladimi?
  5. Inson ongida bo‘shliq paydo bo‘lmasligi uchun nimalar qilish kerak?

XX asrning 90-yillariga kelib dunyo siyosiy xaritasining o‘zgarishi, yangi mustaqil davlatlarning vujudga kelishi, jahon hamjamiyatining globallashuvi va integratsiyalashuvi, zamonaviy xalqaro munosabatlarda yangicha tartibotlarning shakllanishiga turtki bo‘ldi.


Kimki yerning markazi ustida nazorat o‘rnatsa, u Dunyo oroliga ega bo‘ladi, kimki dunyo orolida nazorat o‘rnatsa, u Jahon ustidan hukmronlik qila oladi. Jon Makkinder


Bu davrda Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining iqtisodiy va strategik ahamiyatiga ko‘ra dunyoning muhim hududi sifatida e’tirof etildi. Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

  • Markaziy Osiyo shimol va janub, sharq va g‘arbni o‘ta muhim transport-kommunikatsiya yo‘llari bilan bog‘lovchi hudud sanaladi;
  • Markaziy Osiyo hududi Sharq va G‘arb sivilizatsiyalari kesishgan hamda islom, xristian va buddaviylik dinlari jam bo‘lgan nuqtada joylashgan.
  • Bu — mintaqaning tabiiy resurslar (neft, gaz, oltin, uran, rangli metallar va boshqalar)ga boy ekanligi ko‘pchilikni o‘ziga ohanrabodek jalb etadi.

Ana shunday moddiy boyliklarga ega bo‘lishga intilgan g‘arazli guruhlar har bir imkoniyatdan foydalanishga, eng buyuk boyligimiz bo‘lmish milliy qadriyatlarimiz va ma’naviyatimizga tahdid solishga harakat qiladilar.

Biz bugungi kunda murakkab zamonda yashamoqdamiz. So‘nggi paytlarda butun dunyo mamlakatlarini diniy ekstremizm va terrorizm tashvishga solib kelmoqda. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan mahalliy urushlar, harbiy qarama-qarshilik va mojarolar, terrorchilik xurujlari xalqaro xavfsizlikka tahdid solmoqda. Hozir diniy ekstremizm va xalqaro terrorizm dunyo mamlakatlari uchun nafaqat tashqi, balki ichki xavfsizlikka ham daxldor masalaga aylandi. Chunki diniy ekstremistik va xalqaro terrorchilik tashkilotlari jangarilik usullari bilan hokimiyat uchun kurashuvchi guruhlarni shakllantirish, ularni har tomonlama rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga intilmoqdalar.


Diniy ekstremizm — jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va aqidaviy ahkomlar tizimini inkor etib, ularga zid bo‘lgan «g‘oyalar» va amallarni agressiv tarzda targ‘ib qilishdir.


Tarixga nazar

Markaziy Osiyo davlatlarida terrorchilik harakatlari 1990–1996-yillarda Tojikistondagi fuqarolik urushi davomida, 1999–2001-yillari Qirg‘izistonning Botken viloyatida, mamlakatimiz hududida 1990-yilda Namangan va Andijonda, 1999-yili Toshkent shahrida, 1999–2001-yillarda O‘zbekistonning Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida, 2004-yilning mart–aprel oylarida Toshkent shahri va Buxoro viloyatida, 2004-yilning iyul oyida Toshkent shahrida, 2005-yili Andijonda sodir etildi.


Ijodiy faoliyat

Berilgan matnni diqqat bilan o‘qing. Undagi xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an’analari haqida fikr bildiring:

«Bizning davlatimiz ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashashmoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an’analari muhim rol o‘ynamoqda».


Mustaqillikka erishgan O‘zbekiston Respublikasi mutaassiblik, ekstremizm va terrorchilikning mintaqaviy va umumbashariy miqyosdagi xavf ekanidan kelib chiqib, jahon hamjamiyati unga qarshi birgalikda kurashishi lozimligi to‘g‘risidagi g‘oyani jahonning nufuzli tashkilotlari minbarlaridan e’lon qildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1993-yil 28-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida qilgan ma’ruzasida jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini izchil o‘rganish va yechishga chaqirdi.

O‘zbekiston diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi huquqiy jarayonlarni tartibga solish, ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olish uchun o‘zining ichki siyosatida ham tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

2001­yilda terrorchilik oqibatida buzib yuborilgan minoralar o‘rniga qurilgan milliy memorial va muzey. Nyu­York
2001­yilda terrorchilik oqibatida buzib yuborilgan minoralar o‘rniga qurilgan milliy memorial va muzey. Nyu­York

Aqidaparastlik (arab. aqida — ishonch) muayyan sharoitda, biron-bir g‘oya yoki tamoyilga qat’iy ishonch va uni mutlaqlashtirish asosida shakllangan qoida va tartiblarni sharoit, holat, vaziyatni hisobga olmagan holda, ko‘r-ko‘rona qo‘llash va urinishni anglatadi.

Ekstremizm (fransuzcha extremisme, lotincha extremus — keskin, so‘nggi) jamiyatda qabul qilingan muayyan qonun-qoidalarga zid bo‘lgan g‘oyalarni targ‘ib qilish va ularni amalga oshirish.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda 1998-yil 1-mayda yangi tahrirda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunda mazkur yo‘nalishdagi faoliyatning huquqiy asoslari mujassam etilishi bilan birga din niqobi ostida ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga chek qo‘yildi.

Respublikamiz ekstremizm va terrorizm hamda uni moliyalashtirish bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan narkobiznes va narkotrafikka qarshi kurashda ham qat’iy siyosat olib bormoqda. 1999-yilda «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi, 2000-yilda «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi va 2006-yilning 1-yanvaridan amalga kiritilgan «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilingani ham fikrimizni tasdiqlaydi.


AQSH davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzida yiliga 10 mingtadan ziyod terrorchilik harakatlari sodir etiladi.

70 mingdan ortiq inson bunday harakatlar oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda — bundan 80% ini voyaga yetmagan yosh bolalar tashkil etadi.

Xalqaro statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyo miqyosida 500 dan ortiq terrorchilik tashkiloti mavjud.


Ijodiy faoliyat

Berilgan matnni o‘qing. Urushlar qanday oqibatlarga olib kelishini mulohaza qiling.

Urushda g‘olib va baxtli podshoh, g‘olib va baxtli qo‘shin, g‘olib va baxtli davlat, g‘olib va baxtli tuzum bo‘lishi mumkin. Ammo g‘olib va baxtli odam bo‘lmaydi. Negaki, urush odamni odam o‘ldirishga majbur qiladi. Odam o‘ldirgan odam esa hech qachon baxtli bo‘lmaydi.

O‘tkir Hoshimov, «Daftar hoshiyasidagi bitiklar»


O‘tgan yillar davomida respublikamiz terrorchilikka qarshi kurash bilan bog‘liq qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qildi. Jumladan, 2000-yil 24-aprelda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekis ton davlatlarining rahbarlari tomonidan imzolangan, terrorchilik kabi o‘ta og‘ir jinoyatni tag-tomiri bilan qirqib tashlashga qaratilgan bitim hamda xuddi shu yilning 21–22-iyun kunlari MDH davlatlari rahbarlarining Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ushbu masala yuzasidan muhim hujjat imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan «Genotsid jinoyatining oldini olish va uni sodir etganlik uchun jazolash to‘g‘risida»gi (1961-yil 12-yanvardan kuchga kirgan), «Yollanma jinoyatchilarni yollash, ulardan foydalanish, moliyaviy ta’minlash va o‘qitishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi (1989-yilda qabul qilingan), «Bombali terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi (1997-yil 16-dekabr), «Plastik portlovchi moddalarni topa olish maqsadida ularni markirovka qilish to‘g‘risida»gi (1991-yil) va boshqa bir qator xalqaro konvensiyalar ham ratifikatsiya qilingan.

Respublikamiz tomonidan terrorchilikka qarshi amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar tinchlikni saqlashda katta ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, qator davlat idoralari, jumladan, mudofaa, favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar vazirliklari, milliy xavfsizlik xizmati, chegara, bojxona va prokuratura idoralarining terrorchilikka qarshi kurashdagi faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabidir.

Respublikamiz terrorizmga qarshi qaratilgan ko‘plab xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilib, ulardagi maj buriyatlarni izchil bajarib kelmoqda. Shu bilan birga, bu masalalarda o‘zining tashabbuslarini ilgari surayotganini ham alohida ta’kidlash zarur.

Ma’lumki, BMTning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan 13 ta hujjati (11 ta Konvensiya va 2 ta protokol) mavjud. Hozir O‘zbekiston 12 ta ana shunday xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan. Ular qatorida 1971-yildagi «Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid soluvchi g‘ayriqonuniy aktlarga qarshi kurash to‘g‘risida»gi; 1973-yildagi «Xalqaro himoyadan foydalanuvchi shaxslarga, shu jumladan, diplomatiya agentlariga qarshi jinoyatlarning oldini olish va bunday jinoyatlar uchun jazolash to‘g‘risida»gi; 1979-yildagi «Odamlarni garovga olishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi; 1980-yildagi «Yadroviy qurilmalarni va yadroviy materiallarni jisman himoya qilish to‘g‘risida»gi; 1988-yildagi «Dengiz kemachiligi xavfsizligiga tahdid soluvchi g‘ayriqonuniy aktlarga qarshi kurash to‘g‘risida»gi; 1997-yildagi «Bombali terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi; 1999-yildagi «Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiyalari borligini ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda BMT tomonidan «Yadroviy terrorizm xurujlariga qarshi kurash to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiya va «Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yalpi konsepsiya» loyihalari tayyorlanayotgani O‘zbekiston Respublikasining terrorizmga qarshi kurash borasidagi tashabbuslariga hamohangdir.

O‘zbekiston Yevropa Kengashi doirasida ham terro rizmga qarshi kurashga qaratilgan 7 ta xalqaro shartnomani imzolagan.

O‘zbekiston Respublikasi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalalarida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ham faol ishtirok etmoqda.


Qo‘shimcha o‘qish uchun

  • 1993-yilda BMTning 48-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash hamda yadro quroli tarqalmasligi va qurolsizlanish bo‘yicha takliflar kiritildi.
  • 1995-yilda BMT Bosh Assambleyasining 50-sessiyasida O‘zbekiston Afg‘onistonga qurol-yarog‘ kiritishga qarshi xalqaro embargo qo‘yish g‘oyasi bilan chiqdi.
  • 1997-yil mamlakatimiz tashabbusi bilan 6+2 (Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, AQSH va Rossiya) shaklidagi muloqot guruhi faoliyat ko‘rsatdi.
  • 1999-yilda «Afg‘onistondagi muammolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish tamoyillari to‘g‘risida»gi Toshkent deklaratsiyasi imzolandi.
  • 2008-yilda NATO tashkilotining Buxarest sammitida Afg‘oniston mojarolarini birgalikda siyosiy yo‘l bilan hal etish, iqtisodiy yordam ko‘rsatish maqsadida Muloqot guruhi faoliyati 6+3 (NATO ishtirokida) shaklida namoyon bo‘ldi.
  • 1999-yil Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Istanbul sammitida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Xalqaro markazni yaratish g‘oyasi 2001-yilning sentabrida BMT Xavfsizlik kengashi doirasida aksilterror qo‘mitasining ta’sis etilishi bilan o‘zining tasdig‘ini topdi.
  • 2002-yil Islom Karimov taklifi bilan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyoda mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi.
  • 2014-yil 6-may kuni — BMT tashkil etilgandan keyin birinchi marotaba, beshta yadroviy davlat, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya yakdillik bilan muhim xalqaro hujjat — Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Xalqaro terrorizm muammosi hozirgi davrning dolzarb global muammolaridan biriga aylanishi qaysi sabablar bilan bog‘liq?
  2. Diniy ekstremizmning asosiy xususiyatlari nimalardan iborat?
  3. Jamiyatni diniy-ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish uchun qanday takliflar bildirgan bo‘lardingiz?
  4. Ma’naviy qadriyatlarni asrash nima uchun kerak?
Previous articleProzelitizm nima? Прозелитизм нима?
Next articleDiniy ekstremizm nima? Диний экстремизм нима?