O‘zbekistonda keng tarqalgan dorivor va zaharli o‘simliklar

0

O‘zbekistonda keng tarqalgan dorivor va zaharli o‘simliklar. Ўзбекистонда кенг тарқалган доривор ва заҳарли ўсимликлар.

Dorivor o‘simliklar, Yalpiz, Na’matak, Isiriq, Shirinmiya, Aloe, Zaharli o‘simliklar, Kanakunjut, Bangidevona, Mingdevona, Zaharli ayiqtovon. Доривор ўсимликлар, Ялпиз, Наъматак, Исириқ, Ширинмия, Алоэ, Заҳарли ўсимликлар, Канакунжут, Бангидевона, Мингдевона, Заҳарли айиқтовон.


Dorivor o‘simliklar

Dorivor o‘simliklar. O‘zbekistonda 4500 dan ortiq yuksak o‘simliklar o‘sadi. Ular orasida dorivor turlari ham ko‘p. Dorivor o‘simliklardan tibbiyotda va xalq tabobatida keng foydalaniladi.

Yalpiz

Yalpiz ariq bo‘ylarida o‘sadigan ildizpoyali ko‘p yillik o‘simlik. Barg va poyalari hushbo‘y hidga ega (46-rasm).

46-rasm. Yalpiz
46-rasm. Yalpiz

Chunki bu o‘simlik tarkibida mentol va efir moylari bo‘lib, ular asabni tinchlantirishga yordam beradi. Yalpiz barglari suyuq ovqat yoki somsaga qo‘shib iste’mol qilinadi.

Yoz oylarida sharbat yoki kompot tarkibiga yalpiz barglaridan qo‘shib, chanqovbosdi ichimlik tayyorlanadi. Yalpiz balg‘amni ko‘chiradi, nafas yo‘li kasalliklarining oldini olishda, jigar xastaliklarini davolashda keng qo‘llaniladi. Uning yer ustkiqismidan tayyorlangan qaynatmasi tish og‘rig‘i, milk yallig‘lanishini davolash uchun tavsiya etiladi.


Na’matak

47–rasm. Na’matak qaynatmasi va mevali shoxi
47–rasm. Na’matak qaynatmasi va mevali shoxi

Na’matak atirgulning yovvoyi turi bo‘lib, asosan, uning mevasidan ko‘proq foydalaniladi. Odamning quvvati kamayganida, erta bahorda organizmda vitaminlar yetishmaganda na’matak qaynatmasi tavsiya etiladi (47-rasm).

Na’matak mevasi odamning immunitetini oshiradi. Qaynatmaga nisbatan termosda damlangan na’matakda vitaminlar ko‘proq saqlanib qoladi. Tarkibidagi C vitamini qonni suyultiradi, arterial bosimni tushiradi, organizmdan mikroblarni chiqarib yuborishga yordam beradi.


Isiriq

Isiriq bo‘yi 30–60 sm keladigan ko‘p yillik o‘simlik. Dasht va vodiylarda o‘sadi. Isiriqning dorivorlik xususiyati o‘simlikning meva bergan davrida yuqori bo‘ladi (48-rasm).

48-rasm. Isiriqning quritilgan shoxi
48-rasm. Isiriqning quritilgan shoxi

Uning poya va urug‘idan asabni tinchlantiruvchi vosita sifatida foydalanish mumkin.

Quritilgan isiriq kuydirib, biroz hidlansa bosh og‘rig‘i yo‘qoladi, urug‘ining qaynatmasi nafas qisishida davo bo‘ladi. O‘simlikning qaynatmasi bilan yuz yuvilganda ko‘z kasalligi – kataraktani tuzalishiga yordam beradi. Isiriqning dorivor preparatlari uxlatuvchi ta’sirga ham ega. Isiriq tutuni esa uy-joylarni dezinfeksiya qilish bilan birga, xona havosini tozalaydi, kasalliklarning keng tarqalishining oldini oladi.


Shirinmiya

Shirinmiya ildizpoyali ko‘p yillik o‘t. Xalq tabobatida ildizpoyasidan tayyorlangan qaynatma quruq yo‘tal, tomoq og‘rig‘iga davo sifatida ishlatiladi (49-rasm).

49-rasm. Shirinmiyaning quritilgan ildizpoyasi
49-rasm. Shirinmiyaning quritilgan ildizpoyasi

Shirinmiya o‘simligining balg‘am ko‘chiruvchi xususiyati ham bor. Dorixonalarda shirinmiya (qizilmiya) sirop ko‘rinishida sotuvga chiqariladi. Ayniqsa, yosh bolalar shamollaganda ko‘proq tavsiya etiladi.


Aloe

Aloe xona o‘simligi sifatida o‘stiriladi (50-rasm).

50-rasm. Gullagan aloe
50-rasm. Gullagan aloe

Barglari seret va sersuv, uzib olingach, 10 kun davomida salqin joyda saqlab, keyin dori sifatida ishlatish mumkin. Aloe bargini qirg‘ichda qirib, asal bilan qo‘shib iste’mol qilinsa, shamollash, oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda foyda beradi.

Dorivor o‘simliklardan o‘z o‘rnida bilib foydalanilsa, organizmni quvvatlantiradi va organizmdagi turli xil kasalliklarni davolaydi.

Tabiatda dorivor o‘simliklar bilan birgalikda zaharli o‘simliklar ham o‘sadi. Ko‘pincha zaharli o‘simliklarning guli chiroyli, hidi yoqimli bo‘ladi. Shuning uchun har qanday o‘simlikni bilmay uzish yaramaydi.


Zaharli o‘simliklar

Zaharli o‘simliklar. Quyida O‘zbekistonda uchraydigan ba’zi zaharli o‘simliklar bilan tanishamiz:

Kanakunjut

Kanakunjut bo‘yi 2–3 metr keladigan bir yillik o‘t (51-rasm). Bargi yirik panjasimon.

51-rasm. Kanakunjut
51-rasm. Kanakunjut

Palmaga o‘xshab tez o‘suvchi manzarali o‘simlik sifatida o‘stiriladi. Uning urug‘ida zaharli moddalar ko‘p uchraydi. Bu o‘simlikdan zaharlangan odamda ich ketishi, ko‘ngil aynishi, darmonsizlik kabi holatlar kuzatiladi.

Urug‘i tarkibida zahardan tashqari, 40–50% moy mavjud bo‘lib, tabobatda undan soch va terini parvarishlashda foydalaniladi. Kanakunjut moyi surtib yurilsa, soch va kipriklarning mustahkamligi ortadi.


Bangidevona

Bangidevona bo‘yi 1 metr keladigan o‘t (52-rasm). Tashlandiq yerlarda, yo‘l yoqalarida o‘sadi.

52-rasm. Bangidevonaning guli va ko‘sak mevasi
52-rasm. Bangidevonaning guli va ko‘sak mevasi

Bargi oddiy, guli oq rangda, yirik voronkasimon shaklda, mevasi tikanli ko‘sak shaklda. Urug‘i mayda, qoramtir rangda bo‘ladi. O‘simlikning barcha qismlari zaharli, ayniqsa, urug‘i organizmga tushsa, asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yozning issiq kunlarida bangidevona o‘zidan o‘tkir hid ajratadi. Uning hididan ham zaharlanish mumkin.

Zaharlanish belgilari: og‘iz qurishi, yurak urishining tezlashishi, qo‘l va oyoq harakatining qiyinlashishi, mo‘ljal olish qobiliyatining susayishi kuzatiladi. Ayrim hollarda odam birdan kulib, birdan yig‘lashi mumkin.


Mingdevona

Mingdevona o‘simligining yirik guli oqish sariq rangda, bargi oddiy, mevasi tikanli (53-rasm). O‘simlikning hamma qismlari zaharli.

53-rasm. Mingdevona o‘simligi
53-rasm. Mingdevona o‘simligi

Iste’mol qilgandan so‘ng 10–20 daqiqa o‘tib, o‘simlikdan zaharlanish belgilari yuzaga chiqadi. Bunda og‘iz qurishi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi, ovoz bo‘g‘ilishi, yuzning qizarishi va yurak ishining susayishi kuzatiladi.

Birozdan so‘ng harorat ko‘tariladi, titroq, hushdan ketish holatlari vujudga keladi. Birinchi yordam berish uchun bemorga ko‘p suyuqlik ichirib, qustirish kerak.


Zaharli ayiqtovon

Zaharli ayiqtovon uzunligi 10–45 sm keladigan o‘t o‘simlik (54-rasm).

54-rasm. Zaharli ayiqtovon
54-rasm. Zaharli ayiqtovon

Gullari yumaloq sariq rangda, bargi zaharli. Agar ayiqtovon o‘simligining bargiga tegib ketsangiz, undan ajralgan suyuqlik ko‘zning yoshlanishiga, og‘iz va tomoqning qurishiga sabab chi bo‘ladi.

Bargdan ajralgan suyuqlik ko‘zga tushsa, odamning vaqtinchalik ko‘rish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Agar o‘simlik iste’mol qilinsa, oshqozon-ichak tizimida og‘riq, ko‘ngil ayni shi, ich ketishi kuzatiladi, yurak ishi sekinlashadi. Bunday holatda darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Aziz o‘quvchilar! Tabiat qo‘yniga sayohatga chiqqaningizda, har qanday o‘simlikni ushlab ko‘rish, tatib ko‘rish mumkin emasligini yodingizda saqlang. Chunki ular orasida zaharli o‘simliklar ham bo‘lishi mumkin.

Zaharli o‘simliklarni bilib, me’yorida ishlatilsa, ulardan dori sifatida foydalanish mumkin. Dorivor o‘simliklarni me’yoridan ortiq ishlatish natijasida esa zaharlanib qolish mumkin.

Shuning uchun o‘simliklardan mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra foydalanish va me’yorga alohida ahamiyat berish zarur.

  • dorivor o‘simliklar
  • zaharli o‘simliklar
  • bangidevona
  • mingdevona

Savollar
  1. Tarkibida mentol uchraydigan qanday o‘simliklarni bilasiz?
  2. Isiriqning odam salomatligi uchun qanday foydasi bor? Kuzatishlaringizni izohlab bering.
  3. Aloedan nima maqsadda foydalaniladi?
  4. Qaysi o‘simliklar zaharli hisoblanadi?
  5. Qaysi o‘simlikdan soch o‘stirishda ishlatiladigan moy olinadi?

Previous articleTerak – Терак (Yuksak o’simliklar)
Next articleYalpiz – Ялпиз