Қ, Ғ ундошлари билан тугаган сўзларга қўшимчаларнинг қўшилиши ва уларнинг имлоси.
Q undoshi bilan tugagan asosga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shilsa, bu qo‘shimcha -qa tarzida aytiladi va shunday yoziladi. Masalan: qaymoqqa, toshloqqa kabi. Xuddi shunday asoslarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilsa, o‘zak oxiridagi q undoshi g‘ ga aylanadi va shunday yoziladi. Masalan: bulog‘i, qishlog‘i. G‘ undoshi bilan tugagan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shilsa, asos va qo‘shimcha qanday aytilishidan qat’i nazar o‘zgarmaydi. Masalan: bug‘ga, bog‘ga. |
408-mashq. Berilgan so‘zlarga jo‘nalish kelishigi va egalik qo‘shimchalarini qo‘shing va yuz bergan o‘zgarishlarni izohlang. Bu so‘zlardan ikkitasini bir gap ichida qo‘llab, to‘rt-beshta gap tuzing.
Yarog‘, butoq, o‘rtoq, dog‘, bayroq, tog‘, o‘choq, uzoq.
409-mashq. Uyga topshiriq. Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarni jo‘nalish kelishigi hamda egalik qo‘shimchasi bilan qo‘llab, ko‘chiring. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
1. Kunchiqar tomonda katta o‘choq, qozonda sho‘rva qaynab turibdi. (Ertakdan) 2. Hammamiz bir piyola-bir piyola bug‘i chiqib turgan sutdan ichdik. (O‘. Umarbekov) 3. Topgan bir dasta gul keltiradi, topmagan – bir bog‘ piyoz. (Maqol) 4. Tig‘ yarasi bitadi, til yarasi bitmaydi. (Maqol) 5. So‘zning onasi – quloq, suvning onasi – buloq. (Maqol)
Savol va topshiriqlar
- Q va g‘ undoshlari o‘zaro qaysi belgisiga ko‘ra farqlanadi va bu undoshlar bilan tugagan o‘zaklarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shilganda, qanday talaffuz qilinadi va yoziladi?
- Q undoshi bilan tugagan o‘zaklarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilganda, bu so‘zda qanday o‘zgarish ro‘y beradi?