Sivilizatsiya haqida
Sivilizatsiya deyilganda biror xalqning madaniyati rivojida erishgan yutuqlari darajasi tushuniladi. Shuning uchun ham sivilizatsiya atamasi o‘rnida ko‘pincha «madaniyat» iborasi ham qo‘llaniladi. Mehnat qurollarining takomillashuvi va ishlab chiqarish texnikasining ixtiro qilinishi, shaharsozlik, yozuvning paydo bo‘lishi, ilm-fan, adabiyot, san’atning taraqqiyoti va boshqalar sivilizatsiya yoki madaniyat taraqqiyotining belgilaridir. Osiyo va Shimoliy Afrika (qadimgi Misr) ilk sivilizatsiya markazlari bo‘lgan. Ularning ta’sirida Yevropada ham sivilizatsiya rivojlangan.
Krit – Yevropaning dastlabki madaniyat o‘chog‘i
Arxeolog olimlar Yunoniston (bugungi Gretsiya) davlatiga qarashli Krit orolida miloddan avvalgi 3–2ming yillikka oid shaharlar qoldig‘ini topdilar. Shaharda bunyod etilgan saroyning devorlari suvalgan. Suvoq namligidayoq unga o‘yib rasmlar solingan. Saroyning quyi qavatidagi ko‘plab xonalarda ustaxonalar, qurolxonalar, qimmatbaho buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadigan omborlar joylashtirilgan.
Kritliklar hunarmandchilikda katta yutuqlarga erishganlar. Arxeologik topilmalar hunarmandchilik, zargarlik, uysozlik va kemasozlik sohalarining rivoj topganligini ko‘rsatdi.
Kemasozlikda erishgan yutuqlar kritliklarga savdo qilish va harbiy flot yaratish imkonini berdi. Savdo floti Misr va Bobil kabi davlatlar bilan savdo-sotiq olib borishga xizmat qildi.
Kritliklar o‘z yozuvlarini ham yaratdilar. Ular uzunligi 150–200, eni 70–150 metr kenglikdagi nihoyatda go‘zal yerosti zallari ham qurganlar. Ular yaratgan labirintlar hamon odamlarni hayratga solib kelmoqda.
Miloddan avvalgi 2-ming yillikda Kritda davlat tashkil topdi. Bu Yevropadagi birinchi davlat edi.
Miloddan avvalgi 2-ming yillikning o‘rtalarida yuz bergan vulqon otilishi natijasida Krit madaniyati halokatga uchradi. Biroq yuz bergan bu halokat Krit madaniyatini butunlay yo‘q qilib yubormagan edi. Ko‘p o‘tmay Peloponnes yarimorolida yashovchi yunon qabilalari Kritni egallab oldilar.
Mikena madaniyati
Peloponnes yarimorolida miloddan avvalgi 2-ming yillikda Mikena shahar-davlati vujudga keldi. Bu shahar-davlatning madaniyati kritliklar madaniyati ta’sirida rivojlandi. Arxeologik qazishmalar Mikenada hunarmandchilik va savdoning yaxshi rivojlanganligini ham ko‘rsatdi.
Bronzadan yasalgan turli qurollar, oltindan ishlangan zeb-ziynatlar, sopoldan tayyorlangan idish qoldiqlari yaxshi saqlangan. Mikenaliklar bunyod etgan qal’a va toshdan qurilgan uylar juda mustahkam edi.
Shaharning yuqori qismida podsho saroyi va badavlat zodagonlarning uylari joylashgan. Saroy yaqinida qoyaga maqbara qurilgan. Maqbaradan bronza qurollar va oltin buyumlar topilgan.
Mayya madaniyati
Markaziy Amerikaning Yukatan yarimorolida, qalin chakalakzorlar orasida mayyalar yashardi.

Bu xalq yashagan hudud tabiatan yashash uchun juda noqulay bo‘lgan. Biroq ular matonatli mehnatlari bilan bu hududni obod o‘lkaga aylantira oldilar. Mayya xalqi Amerika qit’asida eng rivojlangan madaniyat namunalaridan birini yaratdi. Bu ular bunyod etgan Tikal shahri timsolida o‘z ifodasini topdi. Shaharda uch mingga yaqin turli imorat (ibodatxona, rasadxona, marosimlar saroyi va uy-joy)lar qurilgan. Shahar markazida qurilgan piramida va saroylar esa uning ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib turgan.
Milodning birinchi ming yilligida mayyalarda shahar-davlatlar vujudga keldi. Ularning hukmdorlari «Buyuk inson» deb atalgan. Hukmdorlik nasldan naslga meros bo‘lib o‘tgan. Mayyalar 300 belgidan iborat iyeroglifli yozuvni yaratganlar. Shuningdek, o‘z davri uchun eng aniq bo‘lgan kalendar tuzishga ham muvaffaq bo‘lganlar.
Ibodatxonalarda «xudolarga xizmat qiluvchilar» – kohinlar o‘z davrining eng o‘qimishli kishilari edi. Ular sayyoralarning Quyosh atrofida aylanishi, Quyosh va Oy tutilishi vaqtini oldindan hisoblab chiqa olganlar. Ming yildan ortiq yashagan bu madaniyat keyinchalik yevropaliklar bosqini oqibatida barham topdi.
Inklar madaniyati
Amerikaning inklar deb atalgan xalqi (dastlab hozirgi Peru davlati hududida yashagan) ham o‘z davlatlarini tashkil etganlar. Davlatni oliy hukmdor – Oliy Inka boshqargan. Oliy Inkaning yaqin qarindoshi bo‘lgan erkaklar o‘zlarini «Quyosh o‘g‘illari» deb atashgan. Bunga inklarning Quyoshni «bosh xudo» deb hisoblashlari sabab bo‘lgan. «Quyosh o‘g‘illari» davlatda yuqori lavozimlarni egallaganlar. Inklar qudratli sug‘orish tizimi bunyod etganlar. Xarsangtoshlardan mudofaa inshootlari qurganlar. Ayniqsa, ular yaratgan uch qavatli tosh devorli Quyosh ibodatxonasi mashhur bo‘lgan. Ibodatxona devorlari yarmigacha oltin bilan qoplangan.
Inklar Korikancha ibodatxonasida «Oltin bog‘» barpo etganlar. Bu bog‘oltin va kumushdan yasalgan qush, turli hayvon va odamlarning rasmlari bilan bezatilgan. Inklar iplarni turli ko‘rinishda tugish yo‘li bilan o‘ziga xos yozuv yaratdilar. Bu yozuv «kipu» deb ataldi. Inklar davlatida ikki xil maxsus o‘quv muassasasi faoliyat ko‘rsatgan. Ularning birinchisida aslzodalar til, tarix, harbiy va davlatni boshqarish san’ati yo‘nalishida ta’lim olganlar. Ikkinchisida esa qiz bolalar o‘qishgan. Ularda ibodatxona xizmatchilari va o‘z hayotini aslzodalar bilan bog‘lovchi oila bekalari tarbiyalangan. Bu o‘quv muassasasida she’riyat, musiqa va raqs san’atidan saboq berilgan.
Savol va topshiriqlar
- Yevropadagi dastlabki madaniyat o‘chog‘i – Krit madaniyati haqida nimalarni bilib oldingiz?
- Mayya madaniyati haqida so‘zlab bering.
- Krit va Mikena madaniyat o‘choqlarini taqqoslang. O‘xshash va o‘ziga xos tomonlarini toping.
- Inklar madaniyati haqida nimalarni bilib oldingiz?