Maqsud Shayхzodaning hayoti va ijodi (insho)

0

Reja:

  1. Maqsud Shayxzodaning hayot yo’li.
  2. Shoirning ijodiy faoliyati.
  3. Shayxzodaning she’riy asarlari.
  4. Shayxzodaning dramaturglik mahorati.

Bayoni

Atoqlii shoir va dramaturg Maqsud Shayxzoda 1908 yil Ozarbayjonning Ganja viloyatidagi Oqtosh shahrida tug’ildi. Badiiyatga erta qiziqdi. O’zi e’tirof etishicha, «hali alifboni egallamasdan oldin»she’r yarata boshladi. Ijodi onag’Vatanida ko’z ochdi, lekin ilg’or fikrlari tufayli ta’qibga uchrab, 1929 yil Toshkentga ko’chib o’tdi. Shundan boshlab umrining oxirigacha O’zbekiston unga ikkinchi Vatan bo’lib qoldi. Toshkentda shoir qator gazeta jurnallarda ishladi, oliy o’quv yurtlarida dars berdi, ilmiy faoliyat olib bordi. Uning ko’pdan ko’p tadqiqotlari o’zbek adabiyotshunosligi rivojiga muhim hissa bo’lib qo’shildi. Nizomiy Ganjaviy, SHota Rustaveli, Shekspir, Bobur, Bayron, Pushkin ijodiga bag’ishlangan maqolalarda bu san’atkorlarning jahon adabiyoti ravnaqidagi o’rni o’rganildi. Shayxzodaning, ayniqsa, Alisher Navoiy poetik mahoratini tadbiq etgan ishlari ilmiy chuqurligi, go’zalligi bilan ajralib turadi. «G’azal mulkining sultoni» deb atagan turkumdagimaqolalari hozirgacha yangi avlod navoiyshunoslariga o’rnak bo’lib keladi.

Shekspir, Bayron, Maxmumquli, Tagor, Avetik Isaakyan, Nozim Hikmat asarlarining o’zbek tiliga o’girilgan qator namunalarida Shayxzodaning yuksak tarjimonlik san’ati namoyon bo’ladi.

Maqsud Shayxzodaning o’zbek adabiyoti, madaniyati ravnaqiga qo’shgan hissasi mustaqil O’zbekiston va uning hukumati tomonidan munosib e’zozlandi. Qator maktab va ko’chalar uning nomi bilan taqdirlangan.

ХХ asr o’zbek she’riyati rivojida Shayxzodaning o’rni katta. Rang barang shakl va mazmun, ko’tarinki ruh, o’ktam pafos bilan sug’orilgan she’rlaridagi quyma obrazlar, ramziylik, so’zlardagi jarangdorlik, musiqiy salobat shoir asarlariga ajib badiiy yaxlitlik baxsh etadi, o’quvchi qalbida shularga monand hissiyotlar to’lqinini uyg’otadi.

Shoir hech qachon, kitobiy, sun’iy muammolarni izlamadi. U, eng avvalo, o’zini hayajonga solgan, o’zidagi fuqarolik va poetik hujayralari ko’zini ochgan masalalarga murojaat etadi. Shoir uyg’otgan yog’dular kitobxon qalbi, shuurga ham ko’chib o’tadi. O’zining yangi umrini boshlaydi. Uning she’rlarida, ayniqsa, chiroyli badiiy obrazlar mo’ldir. Shoirga ba’zan dengizdagi nuqtadek qayiq «suv ustidagi xol» bo’lib tuyulsa, ba’zan chag’alaylar quyrig’i «Ufqqa berilgan savol» bo’lib jaranglaydi.

Shayxzoda she’rlari «Chorak asr davomida», «Dunyo boqiy», «Xiyobon» singari o’nlab to’plamlarda bosilib chiqdi. Bu she’rlar yuksak insoniy orzular bilan yashayotgan zamondosh xayollari, muhabbati, dardlari, umidlari bilan kuylandi. To’g’ri, qirq yil davom etgan ijodida Shayxzoda Lenin, Kreml, sho’rolar, irqa va firqaviylarni ham kuyladi. Lekin bu zamon va tuzumning shoir taqdiri va ijodidagi muhridir. Biroq Shayxzoda she’riyatining qimmati bu yo’nalishdagi asarlar bilan emas, inson qalbining nozik va betakror holatlarininafis va ko’tarinki, umidvor aks ettirib, o’quvchida ana shunday go’zal onlarning yanada boyishida xizmat qiluvchi asarlari bilan belgilanadi. Shayxzoda shoirning asosiy vazifasini «inson ruhini tarbiyalash, odamda yaxshilik unsurlarini ko’paytirish, xalqqa go’zallik va nafosat tuyg’usini yanada baland darajada ko’tarishda» deb bilgan edi.

Uning «Toshkentnoma» nomli lirik falsafiy dostoniga munosabatda ham shu nuqtayi nazardan kelib chiqish to’g’ri bo’ladi. Shoining bu fikrlari o’zining aksar she’rlari uchun ham ochqich bo’la oladi.

Maqsud Shayxzoda fikricha va iqroricha, hayotdagi buyuk ne’matlardan biri she’riyat, tengsiz go’zalliklardan biri she’rdir. Shayxzoda «She’r chin go’zallik singlisi ekan» nomli she’rida butun ijodi bo’ylab porlagan – she’riyatning insonga cheksiz go’zalliklar, ruhiy tovlanish va evrilishlar in’om etguvchi mohiyatini kuylaydi, uning yangi-yangi qirralarini ochishga intiladi.

She’r sarlavhasidagi fikr, bir jihatdan, yangilik emasdek. Unga yaqin qarashlarni Navoiy, Pushkin, Yesenin, Cho’lpon ijodida ham uchratamiz. Biroq she’riyatning yozilmagan qoidalariga ko’ra, asosiy masala, asarga turtki bo’lgan fikr va ifodalanayotgan ma’nodagina emas, balki ularning badiiy namoyon etilish tarzi, o’quvchi ruhiyatida yangi to’lqinli tuyg’ularni uyg’ota bilish san’atidir. Shayxzodaning «She’r chin go’zallik singlisi ekan» asari shu jihatlari bilan qimmatli.

Asarda she’riyat, inson tabiati va umrini yashnatib turuvchi ulug’ xosiyatlardan biri sifatida ulug’lanadi. She’r bilan oshno bo’lish, muallif fikricha, inson fe’l-atvorini, quvvayi ziyosini, ma’naviyatini sermazmun qiladi, ruhiyati barkamol bo’lishiga kuchli ta’sir ko’rsatdi.

Har kimki u bilan sevishsa agar –

Husniga chiroylar qo’shilar aynan.

Bu chiroy nainki surat, ayni vaqtda siyrat chiroyi hamdir. O’quvchi bu misralarning hayotiy, jonli, purhikmat ekaniga sinfdoshlar, uzoq-yaqin hamsuhbat do’stlar, tanish-bilishlar misolida ishonch hosil qilishi turgan gap. She’riyat ixlosmandi umr ma’nosidagi achchiq haqiqat-u, oniy nazokatlarni chuqur tushunishi, tiniqroq his etishi, go’zal ma’nolar va tuyg’ulardan mutaassir bo’lishi hamda shular ta’siridagi o’zining kishini o’ziga jalb etib turmaydimi?

Umr shomiga yaqin Shayxzoda bir xatti-harakatlari, dunyoga qarashi, atrofdagilarga munosabati, xususan, ichki va tashqi istarasi bilan qator judoliklarni boshdan kechirdi. 1966-yilda yaqin do’sti, buyuk shoir G’afur G’ulom, munosabatlari yaqin bo’lgan ulkan davlat arbobi Usmon YUsupov vafot etdi. Bu yo’qotishlar shoir yuragida kuchli aks sado berdi: «G’afurga xat» va «Ayriliq» (Usmon Yusupov xotirasiga) nomli she’rlar yaratildi.

Insonni qadrlash, har bir qalbning izzatg’nafsiga xolis munosabat muammolarni badiiy yoritish Shayxzoda she’riyatining etakchi yo’nalishini tashkil etadi. Shoir o’zi ham hayotga bir qator adolatsizlikka ro’barsh keldi. O’tgan asrning 20-yillarida nohaq quv-quvga uchradi, 50-yillar avvalida nohaq qamalib chiqdi. Bular bari beiz o’tmadi, albatta:

Do’stlar, yaxshilarni avaylab saqlang!

«Salom» degan so’zning salmog’in oqlang!

O’lganda yuz soat yig’lab turgandan –

Uni tirigida bir soat yo’qlang!

«Ayriliq» she’rida shu poetik g’oya yanada chuqurlashtirildi. Asar ХХ asr o’rtalarida O’zbekistonga rahbarlik qilgan, xalqning sevimli farzandi xotirasini ulug’lashga qaratilgan bo’lsa-da, mohiyatan, xalq, Vatan uchun fidoyi siymolar nomini abadiylashtirish, ularga hurmat bajo keltirish maqsadlariga qaratilgan.

Yurak kichik, lekin o’ziga ko’p narsani sig’dirishi mumkin. Yo’qotilgan insonning katta-kichigi bo’lmasa-da, do’st ayrilig’ini, Vatanning sevimli farzandidan judolikni yurakka sig’dirish qiyin ekan, deydi shoir:

Motamning o’lchovi sig’mas yurakka,

Faryodlar achchig’i tepar ko’krakka.

«Ayriliq» she’rining ayniqsa, so’nggi ikki misrasi e’tiborli:

Ammo uning bevaqt o’limiga, oh,

Senda ham, menda ham bor jindek gunoh!

Bu realistik bayt chuqur ma’nolidir. Chindan ham, atrofimizdagi tanish- bilish, yaqinlarimizning ayrim bevaqt vafotiga ba’zi hollarda o’zimiz sezib-sezmay yo’l qo’ygan bemehrlik, oqibatsizlik, beparvolik, nomardlik, sovuqqonlik ham sabab bo’lmaydimi? Bu – she’rning umumiy ruhiyatidan, badiiyatidan kelib chiqadigan saboq. Asarning tarixiyligiga kelganda, bu fikr lirik qahramonga asos bo’lgan tarixiy shaxsga nisbatan o’z davrida ko’rsatilgan ayrim adolatsizliklarga ishoradir. Bu fikrni o’tgan asrning 60-yillari o’rtasida aytish oson emas edi. Lekin shoir Shayxzoda bu poetik fikrni badiiy yo’sinda chiroyli va ta’sirchan ifodalaydi Badiiy haqiqat bilan bir qatorda tarixiy xaqiqatni ham aks ettirishning yo’lini topdi.

Maqsud Shayxzoda o’zbek adabiyotini «Jaloliddin Manguberdi», «Mirzo Ulug’bek» nomli tarixiy dramalar bilan boyitdi.

Tayanch so’z va iboralar:

Shoirlik, o’zbek she’riyati, poetik hujayralar, she’riy to’plam, nafosat tuyg’usi, ruhiy tovlanish, siyrat, yo’nalish, badiiyat.

Savol

  1. Maqsud Shayxzoda qachon va qaerda tug’ilgan?
  2. U badiiy ijod bilan bir vaqtda ijodning yana qaysi turi bilan shug’ullangan?
  3. Shoir she’rlarning o’ziga xos xususiyatlari deganda nimalarni tushunasiz?
  4. “She’r chin go’zallik singlisi ekan” nomli asarning asosiy hoyaviy-badiiy yo’nalishini tahlil qilib bera olasizmi?
  5. «Ayriliq» she’ri kimga bag’ishlangan?
Previous article«Uch оg‘а-ini bоtirlаr» Ertagi hаqidа
Next articleMaqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» Dramasi