Chin o‘rtoq (Mehrobdan chayon). Чин ўртоқ (Меҳробдан чаён). Чин урток (Мехробдан чаён).
Anvar yoshlig‘ida bo‘shangg‘ina bir bola edi. O‘z tengi bolalar bilan oz aloqa qilar, ularga kam aralashar va ortiqcha o‘ynab-kulmas, hamisha uning ko‘zida mung yotar edi. Bu holat balki oila baxtsizligidan, ota-ona bag‘rida yayramag‘anliqdan tug‘ilg‘andir desak, uning ikki og‘asi munday emas edilar. Bir onadan necha xil bola tug‘ilar, deganlaridek, Anvarning yaratilishi og‘alariga nisbatan boshqacha edi. Maxdumning uyida tura boshlag‘ach, Anvarda biroz o‘zgarish ko‘rildi. Shunda ham bolalar bilan aloqasini eskicha yurutib, faqat Ra’no yonidag‘ina o‘yin-kulki bolasig‘a alishinar, Ra’noni yetaklab boqchag‘a, ko‘chadagi katta suv bo‘ylarig‘a chiqib, hamrohini boqchadag‘i gullarning ismi, uchib yurg‘an qushlarning nav’i, katta oqar suvlar va ayniqsa, Ra’no kabi yosh qizchalar uchun bu suvlarga yiqilish xavfi va shuningdek, boshqa masalalar bilan uni tanishdirar, ko‘chada o‘lik ko‘targanlarni ko‘rsa, birarta bolaning otasi yoki onasi o‘lganligini so‘zlab, buning orqasidan: «Menim ham onam o‘lganda o‘shandoq qilib ko‘targan edilar… Men ham shu boladek mozorg‘a yig‘lab borg‘an edim», – deb qo‘yar edi. Ra’no ham Anvarning so‘ziga diqqat bilan quloq solar va ko‘pincha hisobsiz savollar ila uni ko‘mib tashlar, lekin Anvar zerikmas, har bir so‘roqqa javob berib, Ra’noni qanoatlantirishg‘a tirishar edi.
Anvar yosh bo‘lsa ham jiddiy va kichkina miyasi muhokamaga qobil, boshqa kishilar ustiga tushkan baxtsizlikdan ham mutaassur bo‘lg‘uchi edi.
Bola chog‘idanoq eng yaxshi ko‘rgan narsasi gulzor va undagi gullar edi. Maxdumning oilasiga kelib tura boshlag‘andan so‘ng boqchaning gulzor qismini o‘z idorasi ostig‘a oldi. Gullarni sug‘orish, o‘tlarni yulib, tozalash vazifalarini o‘zi bajardi. Gullardan hech kimga uzdirmas, bir bolaning uzib olg‘anini ko‘rsa xafa bo‘lg‘anidek, bolani ham xafa qilar edi. Bolalarning daragi bilan har kimning uyida bo‘lg‘an yangi gullardan ko‘chat va urug‘ olib, yildan yilga gulzorni boyitdi. Yoz kunlari kelsa, bolalarni kapalak va oltin qo‘ng‘uz tutib kelishka buyurar; qiynamay, ozor bermay zaxasiz kapalak tutib kelganlarga sabog‘ini o‘qutib qo‘yish bilan mukofot berar, kapalak va oltin qo‘ng‘uzlarni gulzorda uchirib yuborar, agar ular gullarga qo‘nib qolsalar, o‘zida yo‘q so‘yunar edi. Shuning uchun aksar yoz kunlari maxdumning boqchasi oq, nimrang, ola, zangor, malla, lojuvard va boshqa tus kapalaklarning yaltyult uchishlari bilan alohida bir ko‘rinishka kirar, Anvarning o‘qushdan bo‘shag‘an kezlari gullar ichida shu kapalaklar orasida kechar edi.
Anvar har kim uchun ham so‘yimlik va xushmuomalasi barchaga barobar edi. Ammo ayniqsa, xush ko‘rgan kishilaridan birinchisi Ra’no va ikkinchisi maktabdagi shogirdlardan saboqdosh sherigi Nasim ismlik bola edi. Nasim bilan Anvar juda yaqin do‘st, bir-birini onglag‘uchi sirdosh o‘rtoq edilar. Garchi Nasimning otasi Qo‘qonningg‘ina emas, butun xonliqning tanilg‘an kishilaridan va bu ikki bolaning sinfi y ayirmaliqlari yer bilan ko‘kcha, lekin yosh do‘stlar buning farqiga yetmaslar, Nasim «xonning mirzoboshisining o‘g‘liman», deb havolanmag‘anidek, Anvar ham «Salim bo‘yoqchining yatimi, Solih maxdumning asrandisiman» deb andisha qilmas edi. Bu ikki bola bir joyda suhbatka kirishsalar, chetdagi bir kishi Anvarni yirtiq bo‘z kiyimlar ichida va Nasimni shohi-adraslar bilan g‘arq holda ko‘rib, albatta: «Bu gadoybachcha bilan bekbachchaning o‘zaro nima munosabatlari bor?» – deb taajjublanar, lekin do‘stlar hali buning ayirmasini idrok qilmaslar edi.
Aksar jum’a kunlari maxdumdan izn olib, Anvar shu o‘rtog‘ining uyiga borar, kechkacha Nasim bilan «suhbatlashib» qaytib kelar edi. Anvar shu munosabat bilan Nasim ning otasi Muhammad Rajab poygachining iltifotiga noil ham bo‘ldi. Nasim o‘rtog‘i Anvarning yatimlig‘ini otasig‘a bildirib majbur qilg‘an bo‘lsa kerak, bir necha hayit mavsumlarida Muhammad Rajabbek Anvarga kiyimlar ham berdi. Bu iltifot ikki do‘stning aloqalarin birbirlariga yana qattig‘roq bog‘ladi, ayniqsa, maxdumning dimog‘ini chog‘ qildi. Zero, Anvarning Muhammad Rajab kabi bir kishining o‘g‘li bilan do‘stlashishi bir kamolot bo‘lg‘anidek, do‘stliqning hatto sarpolar kiyishkacha borib yetishi maxdumning nazarida yana ayni fazilat edi… Shu sarpo kiyish voqi’asidan so‘ng maxdum Anvarga boshqacha qarab qoldi va ichidan: «Sen odam bo‘ladirg‘an ko‘rinasan», – deb qo‘ydi.
Baxtka qarshi, bu do‘stliq aloqasi uzoq davom etalmadi. Bir kun oradag‘i do‘stliq rishtasini o‘lim yag‘mogari kelib uzdi. Nasim o‘n besh yoshlar chamasida chechak kasali bilan og‘ridi va o‘sha kezlarda davosiz hisoblang‘an bu kasaldan o‘nglanmay vafot qildi. Muhammad Rajabbek va oilasi uchu n bu musibat, albatta, og‘ir edi. Biroq, ulardan ham Anvar uchu n og‘ir bir hasrat bo‘ldi. Hatto, ko‘z yoshini marhum ning ota-onasidan ham ko‘broq Anvar to‘kdi desak, mubolag‘a qilmag‘an bo‘lurmiz. Uch kun maktab va maxdumni unutib, Muhammad Rajabbek havlisida turib qoldi. Har oqshom Nasimning qabri ustida bir soatlab yig‘lab o‘lturdi. Bu yosh ning samimiy chin do‘stlig‘i va o‘rtog‘ig‘a sadoqati har kimni taajjubka qo‘ydi.
Anvarning birinchi martaba marhum do‘stiga atab yozg‘an marsiyasi motamlik ota-onani yana bo‘zlatqan edikim, biz marsiyadan bir necha misra’ini quyida ko‘rsatamiz:
Ochilmay so‘lsa har gul g‘unchasi pir-u juvon[1] yig‘lar,
Emas pir-u juvon, balki hamma ahli jahon yig‘lar.
Ajal yag‘mogari bog‘i zako[2] ichra uzib zanjir,
Rahmsiz ezsa ma’sum lolalarni, chun xazon yig‘lar.
Nasimim ketdi olamdin meni qayg‘u aro tashlab,
Ko‘zimdan oqsa xun hech bir ajab yo‘q, chunki qon yig‘lar.
Jahonda erdi tanho men yatimga hamnishin, dildor,
G‘ariblikning diyorida adashkan notavon yig‘lar…
Mulla Muhammad Rajabbek poygachi o‘g‘lining sodiq do‘stiga shu kundan e’tiboran boshqacha qarab qoldi. Bir jihat dan ma’sumiyat, ikkinchidan ko‘rinib turg‘an iste’dod Muhammad Rajabbekni Anvarga iltifot etishka majbur qildi. Garchi, Anvarning yuqoridag‘i marsiyasi bolaliq xarxashasidan iborat edi ersa-da, yana uning istiqbolidan xabar olish uchun yaxshi mezonliq vazifasini ham o‘tar edi.
Mulla Muhammad Rajabbek, avvalo, o‘z iltifotini Anvarning marsiyasidan bir baytini Nasimning qabr toshi g‘a olis h bilan boshladi. So‘ngra Anvarning «dunyoda men yatim o‘rtog‘ingg‘a tanho sirdon va dildor (ko‘ngil ko‘tar guchi) eding . Bu kun men sendek do‘stdan ayrilib, yana g‘urbat diyori da notavon yig‘layman!» deb afsus va nadomat qilishig‘a qarshi, ya’ni Anvarning yatimlik va g‘aribligiga yo‘l qoldirmasliq uchun mulla Muhammad Rajabbek o‘g‘lining sodiq do‘stiga o‘z otalig‘ini ko‘rsatmakchi bo‘ldi.
Anvar uch haftagacha xatmi qur’on kechlari Muhammad Rajabbek uyiga kelib turar edi. Oxirg‘i xatmi qur’on kechi Muhammad Rajabbek Anvardan ahvol so‘radi:
– Domlangiz salomatmi?– Shukur.
– O‘qushingiz yaxshimi?
– Birmuncha.
– Domlaning uyida turasiz?
– Taqsir.
– Siqilmaysizmi?
– Yo‘q.
– Ilmi hisob o‘qug‘aningiz bormi?
– Yo‘q, taqsir.
– Domlangiz ilmi hisobni bilurmikin?
– Bilmaslar deb o‘ylayman.
– Agar men bir domla ta’yin qilsam, hisob o‘quysizmi?
– Ustozim ruxsat bersalar, albatta, o‘quyman.
– Xub… bo‘lmasa erta kechka domlangiz shu yerga ke-lib, menga uchrashsin.
– Xub, taqsir.
Ertasi kuni maxdum keldi, Muhammad Rajabbek maxdum bilan so‘zlashib, Anvarni o‘rda xizmatiga olish fi krida bo‘lganlig‘ini, buning uchun arabcha, forsiychadan yana ham chuqurroq ma’lumot olishi lozimligini va hisob o‘rganishi kerakligini aytdi. Maxdum Muhammad Rajabbek ning Anvarga munchalik marhamati uchun biroz shoshib qolsa ham, lekin bu mehribonchiliq sababiga yaxshi tushunganligi jihatdan, avvalo, bekning yatimparvarligini, so‘ngra, Anvarning zako va iste’dodini maxtadi. Anvarni odam qilish yo‘lida chekkan o‘z mashaqqatlarini hikoyat yo‘sunida so‘zlab chiqg‘ach, bu kunlarda ehtimomi tom[3] birlan Anvarga fors va arabiydan dars berib turg‘anini va alhol ham Anvar forsiycha tazkira va tahrirlar yoza olishini bayon qilib, necha xil uzrlar ichida o‘zining ilmi hisobdan bahrasizligini bildirdi, ya’ni Anvar ning ilmi hisob o‘rganishi uchun boshqa muallim kerak bo‘lur, dedi. Muhammad Rajabbek bu to‘g‘rig‘a o‘zi domla top moqchi bo‘lib maxdumga ruxsat berdi.
[1] Pir-u juvon – keksa-yu yosh.
[2] Bog‘i zako – aql bog‘i.
[3] Ehtimomi tom – butun diqqat bilan.