Ma’nodosh so‘zlar qatorida bosh so‘z

0

Ma’nodosh so‘zlar qatorida bosh so‘z. Маънодош сўзлар қаторида бош сўз. Маънодош сузлар каторида бош суз.


Ma’nodosh so‘zlarning bir qatorga tizilib kelishiga ma’nodoshlik qatori deyiladi. Boshqalariga nisbatan nutqda keng qo‘llaniladigan va ma’nosi barchaga tushunarli bo‘lgan so‘z bosh so‘z deb yuritiladi. Masalan, kulmoq, jilmaymoq, iljaymoq, tirjaymoq, qah-qah urmoq, xanda otmoq, hiringlamoq ma’nodoshlik qatoridagi kulmoq so‘zi boshqalariga nisbatan nutqda ko‘proq qo‘llaniladi va uning ma’nosi barchaga tushunarli bo‘ladi. Shunga ko‘ra, bu so‘z bosh so‘z sanaladi.

Ma’nodosh so‘zlarda ijobiy va salbiy ma’nolar bo‘lishi mumkin. Kulmoq, jilmaymoq, qah-qah urmoq, xanda otmoq so‘zlarida ijobiy ma’no kuzatilsa, hiringlamoq, iljaymoq, tirjaymoq so‘zlarida salbiy ma’no mavjud. Ammo bosh so‘zda bunday ma’nolar bo‘lmaydi.


1-mashq. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidan olingan parchani o‘qing va unga munosabat bildiring. Nuqtalar o‘rniga quyida berilgan ma’nodoshlik qatorlaridagi so‘zlardan mosini qo‘yib, ko‘chiring.

Har kim … olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish … tomonidan kafolatlanadi. Maktab … davlat nazoratidadir.

So‘zlar: ilm, bilim, ma’lumot; mamlakat, davlat, respublika; ishlari, yumushlari, vazifalari.

2-mashq. To‘rtlikni o‘qing, qavs ichida berilgan ma’nodoshlik qatoridan mos so‘zni o‘rniga qo‘ying va ushbu so‘zning she’r shakli va mazmunini yuzaga chiqarishdagi o‘rni haqida fikr bildiring.

Inson bahra olsa qancha (kun, oftob, quyosh) dan, Shunchalar zavq olar (doim, hamisha, manguga) kitobdan.

O‘girma yuzingni inson bo‘lsang sen,

«O‘qi!» degan (buyuk, ulug‘, muhtasham) so‘zdan, xitobdan.

3-mashq. Ma’nodoshlik qatoridagi so‘zlardan foydalanib, hikmatli so‘zni toping. Vatanparvarlik haqida fikr yuriting.

  1. Bu, shu, mana shu.
  2. Aziz, mo‘tabar, qadrdon.
  3. Vatanda, yurtda, mamlakatda.
  4. Muqaddas, mo‘tabar, ulug‘.
  5. Inson, odam, kishi.

4-mashq. Ma’nodoshlik qatoridagi bosh so‘zni aniqlang va ular ishtirokida gaplar tuzing.

Imillamoq, g‘izillamoq, jadallashmoq, yurmoq, sudralmoq; go‘zal, chiroyli, kelishgan; bidirlamoq, vaysamoq, sayramoq, gapirmoq, javramoq; uddaburon, epchil, chaqqon.


Savol va topshiriqlar

  1. Ma’nodoshlik qatori deganda nimani tushunasiz?
  2. Bosh so‘z deb qanday so‘zlarga aytiladi?
  3. Ma’nodosh so‘zlardagi ijobiy va salbiy ma’nolar haqida gapiring.
Previous articleMa’nodosh so‘zlarda umumiy va xususiy ma’nolar
Next articleZid ma’noli so‘zlar. Зид маʼноли сўзлар