Gap urg‘usi / Гап урғуси / Гап ургуси.
Gapda ishtirok etayotgan so‘zlardan birining boshqalariga nisbatan kuchliroq talaffuz qilinishiga gap urg‘usi yoki mantiqiy urg‘u deyiladi. Masalan: Buvijonim so‘zlarini kutaman. (Yo‘ldosh Sulaymon)
455-mashq. Matnni ko‘chiring. Gap (mantiqiy) urg‘usi tushgan so‘zlarni aniqlang. Urg‘u ostidagi so‘zning ohangini izohlang.
Andisha – oqibatini o‘ylab yoki yuz-xotir qilib yuritiladigan mulohaza, ehtiyotkorlik hissidir. Andishali odam deganda, oqibatni o‘ylab ish qiladigan, yuz-xotirni biladigan, or-nomusli, sharm-hayoli, iboli insonni tushunamiz. Odatda, andishali odam farosat bilan ish tutadi. («Vatan tuyg‘usi»)
456-mashq. Adabiyot darsligida berilgan badiiy asarlardan parcha keltiring va gap urg‘usini aniqlang. Gap urg‘usining vazifasini izohlang.
457-mashq. Quyidagi parchada gaplarni gap urg‘usiga muvofiq o‘qing va ko‘chiring.
Otchoparda Sherbekning tanishi Zokir chavandoz o‘zining otini yuvib-tarash, sug‘orish, tizginidan tutib turishga ruxsat beradi. Sherbek Zokirga beminnat yordamchi bo‘lib qolgan. Otxonani tozalaydi, egar-jabduqni joy-joyiga ilib, otni ko‘l yoqasiga yetaklab chiqadi. Zokirning oti juda chiroyli qora arg‘umoq, ismi ham o‘ziga yarasha: «Duldul». Sherbek yap-yalang‘och bo‘lib, uni salt minadi-da, ko‘lning chuqur joyiga undaydi, Duldul yaxshi suzadi, sovuq suvda rohat qiladi. (Asqad Muxtor)
Savol va topshiriqlar
- Gap urg‘usi nima va u qanday vazifa bajaradi?
- Bitta yoyiq gap yozib, uning turli bo‘laklarini gap urg‘usi ostidatalaffuz qiling. Ma’noda qanday o‘zgarish ro‘y berayotganini izohlang.