Jamg’arish va sug’urta. Жамғариш ва суғурта. Жамгариш ва сугурта.
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
Yuqorida keltirilgan rasmlarda turli xil muassasalar pulingizni jamg’arishda yoki uni siz uchun foydali bo’lgan ishga sarflashingizda o’z xizmatlarini taklif qilmoqda. Aytaylik, sizning 2 000 000 so’m pulingiz bor va uni o’zingiz uchun biror-bir nafli ishga sarflamoqchisiz.
- Har bir taklifni sinchiklab o’rganib chiqing va ularning ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qiling.
- Qaysi bir taklif ko’proq daromad (naf) keltiradi?
- Har bir taklifdan kelishi mumkin bo’lgan nafni (foydani) shaxsiy va jamiyat nuqtai nazaridan baholang.
- Qaysi bir taklifning haqqoniyligiga ko’proq ishonasiz?
- Qaror qabul qilish jadvalini tuzib, har bir taklifni o’zingizga ma’qul keladigan mezonlar bo’yicha baholang va tanlovingizning natijasini e’lon qiling. Nima uchun aynan shu qarorga kelganligingizni asoslab bering.
Ma’lumki, odamlar, odatda, daromadlarini birdaniga sarflashga harakat qilishmaydi, balki uning bir qismini omonat ko’rinishida saqlab qo’yishadi, ya’ni jamg’arishadi. Jamg’arma kelajakdagi ehtiyojlarni qondirish maqsadida jamg’ariladigan pul mablag’idir.
Jamg’arma — kelajakdagi ehtiyojlarni qondirish uchun jamg’ari- ladigan pul.
Boylik biror-bir moddiy tovar — ko’chmas mulk (uy-joy va binolar), qimmatbaho metall va toshlar, ulardan yasalgan taqinchoqlar, zeb-ziynat buyumlari yoki bevosita pul mablag’lari ko’rinishida jamg’arilishi mumkin. Hozirgi zamonda pulni ko’rpa orasida yoki sandiqda saqlash to’g’ri qaror emas, chunki u pul egasiga hech qanday foyda keltirmaydi. Pulni to’g’ri jamg’arish ham kishidan ma’lum darajadagi bilimni talab qiladi.
Pul mablag’larini saqlashga ixtisoslashgan ko’plab muassasalar mavjud. Bunday korxonalar qatoriga omonat banklari, fond birjalari, pensiya jamg’armalari, sug’urta kompaniyalari, nasiyaga turli xil tovarlar sotuvchi va nasiyaga uy-joy qurib sotish bilan shug’ullanuvchi jamiyatlarni kiritish mumkin.
Jamg’arilgan pullarni tasarruf qilishning eng maqbul yo’li — bu investitsiya, ya’ni yangi korxonalarni yaratish yoki mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun ishlatishdir. Fond birjasidan biror korxona aksiyasini sotib olib, korxonaning yillik foydasidan dividend ko’rinishidagi daromad olishingiz mumkin. Investitsion faoliyatning o’ziga xos tomoni shundaki, unda muvaffaqiyatli faoliyatgina daromad olish imkonini beradi. Aks holda nafaqat foydani, balki o’z mablag’ingizni ham yo’qotishingiz hech gap emas.
Omonat deb bankka mablag’ni jamg’arish va ko’paytirish maqsadida, ma’lum ustama haq — foiz evaziga pul qo’yishga aytiladi. Mana shu ustama haq — omonat foydasini quyidagi formula orqali hisoblab chiqarish mumkin:
Investitsiyalar (ing. Investments) — yangi korxonalarni tashkil qilish, mavjudlarini modernizatsiya qilish, yangi texnologiya va texnikani o’zlashtirish, ishlab chiqarishni kengaytirishga yo’naltirilgan mablag’lardir.
Omonat bankka bir oyga qo’yilgan bo’lsa, u holda omonat foydasini quyidagi formula orqali hisoblab chiqarish mumkin:
Omonat oylik foydasi = Omonat yillik foydasi : 12
Omonat bir necha oyga qo’yilgan bo’lsa u holda bunday omonat foydasini Omonat oylik foydasini oy soniga ko’paytirib topiladi. Masalan, omonat 3 oyga qo’yilgan bo’lsa bu omonat foydasini Omonat oylik foydasini 3 ga ko’paytirib topiladi. Omonatga pul qo’yish uchun bankni tanlashda, asosan, ikkita mezonga ahamiyat berish zarur: daromadlilik va ishonchlilik.
Iqtisodiy huquq asoslari
Bankka qo’yilgan omonatlar sir tutiladi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 36-modda
Omonat — mablag’ni jamg’arish va ko’paytirish maqsadida ma’lum ustama haq — foiz evaziga bankka qo’yish.
Omonatning eng katta dushmani — bu inflatsiya. Inflatsiya — bu mamlakatda o’rtacha narx-navoning muttasil oshib borishi natijasida pulning qadrsizlanishidir.
Agar mamlakatda iste’mol tovarlarining narxi 3 marta ortsa, demak, aholining omonatlari ham shuncha marta qadrsizlanadi. Shuning uchun, kuchli inqiroz davrlarida omonatni pul ko’rinishida saqlash iqtisodiy jihatdan to’g’ri emas. Yaxshisi, zudlik bilan kelajakda yuqori narxlarda sotish oson bo’lgan tovarlarni sotib olish kerak bo’ladi.
Iste’molchilarning shaxsiy pul mablag’lari foydalanilmasdan bir joyda turgandan ko’ra tegishli muassasada saqlansa, bu nafaqat omonatchi uchun, balki davlat va ishlab chiqaruvchi firmalar uchun ham foydalidir. Chunki, bu pul mablag’lari ishlab chiqarishga yo’naltirilib, tovar va xizmatlar hajmining ko’payishiga olib keladi. Bundan esa, o’z navbatida, mamlakat iqtisodiyoti manfaat ko’radi. Shu bois, jamg’armalar iqtisodiy rivojlanishning asosiy negizlaridan biri bo’lib xizmat qiladi.
Inflatsiya — mamlakatda o’rtacha narx-navoning muttasil oshib borishi natijasida pulning qadrsizlanishi.
Turli xil kutilmagan holatlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan moliyaviy muammolardan muhofaza qilish sug’urta deb ataladi.
Hozirda mulk sug’urtasi, hayot sug’urtasi, tibbiy sug’urta kabi qator sug’urta turlari mavjud. Bunday sug’urta turlarida sug’urta kompaniyalariga muttasil sug’urta badallari to’lab boriladi. Biror kor-hol yuz berganda vujudga keladigan moliyaviy muammo, yetkazilgan zarar yoki yo’qotishning o’rni sug’urta kompaniyasi tomonidan qoplanadi. Masalan, uy-joy sug’urta qilinganda har yili ma’lum miqdordagi sug’urta badali to’lab boriladi. Biror baxtsiz hodisa, masalan, yong’in tufayli uy-joyga ziyon yetganda, ko’rilgan moliyaviy zarar sug’urta kompaniyasi tomonidan to’lanadi.
Sug’urta — turli xil kutilmagan holatlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan moliyaviy muammolardan muhofaza qilish.
Mashq
2018- yilda tijorat banklaridan biri:
1 oy muddatga — 18%; 2 oy muddatga — 21%; 3 oy muddatga — 24% yillik foiz stavkasi bilan qo’shimcha haq to’lashini e’lon qildi.
- Bankning yillik foiz stavkalari nima sababdan har xil?
- Agar yillik foiz stavkasi 24% ni tashkil qilsa, bir oylik foiz stavkasi necha foizni tashkil qiladi?
- Bankka qo’yilgan 5.000.000 so’m 1, 2, 3 oy saqlanganda necha so’m bo’lib qaytishini hisoblang.
Bilimingizni sinab ko‘ring!
- Odamlar nima sababdan pullarini jamg’aradilar?
- Pul jamg’arishning qanday yo’llarini bilasiz va ular ichidan qaysi biri siz uchun ma’qul va qulay? Nega?
- Pulni jamg’arishdan pul egasidan boshqa yana kimlar manfaatdor bo’ladi?
- Pul jamg’arib ko’rganmisiz? Pul jamg’arish osonmi yoki qiyinmi?
- Qanday paytda pul mablag’larini jamg’arish befoyda, hatto ziyon bo’lishi mumkin? Bunday vaziyatda qanday yo’l tutgan ma’qul?
- Inflatsiya nima? Nima sababdan uni omonatning eng katta dushmani deb ataydilar?
- Sug’urta nima? U nima uchun kerak?
Buni yodda tuting!
- Iste’molchilar daromadlari ko’payganda uning bir qismini jamg’arishga moyil bo’ladilar.
- Jamg’arilgan mablag’lar ko’pincha moddiy kapitalni ko’paytirishga sarflanadi.
- Jamg’arishning asosiy dushmani — bu pulning qadrsizlanishi — inflatsiyadir.
- Jamg’arish kelajakda iqtisodiy rivojlanish negizi hisoblanadi.