Kasb va kasbiy psixologiya haqida umumiy tushuncha

0

Insoniyat paydo bo‘libdiki u har doim o‘zini boqishga, ehtiyojlarini qondirishga harakat qilgan va hozirda ham shu yo‘ldan bormoqda.  Inson o‘z ehtiyojlarini  eng avvalo oziq – ovqat, boshpana, kiyim – kechaklarga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishdan boshlagan. Keyinchalik yangi sivilizatsiyalar paydo bo‘lgach, ya’ni insoniyat madaniyatlashib borgan sari o‘z ehtiyojlariga kerak bo‘lgan maxsulotlarni ishlab chiqara boshlagan. Bular  eng avvalo shu sohadagi kasb egalarini paydo bo‘lishiga va jamiyatni shu maxsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga intilishlarni paydo qilgan. Jamiyat rivojlana borgan sari yangi kasblar paydo bo‘lgan va rivojlanib borgan. Insonlar esa yaxshi yashashga intilganlar. Buning uchun kasb tanlaganlar, tajriba oshirganlar va  bilimlarni to‘plaganlar.   Kasb – inson  ish faoliyatining ma’lum  tajriba, tayyorgarlik talab etadigan faoliyat turi, sohasi, hunardir. Kasbga umumiy yoki maxsus ma’lumot hamda amaliy tajriba yo‘li bilan erishiladi. Kasb ichida mehnat faoliyatining eng tor xarakteri bilan ajralib turuvchi ixtisoslari bor. Ba’zi kasblarda bir qancha  ixtisoslar masalan:  chilangar kasbida – remontchi chilangar, asbobsoz chilangar, yig‘uvchi chilangar kabi yo‘nalishlar mavjud. Dunyoda 60 ming (qiyoslash uchun Rossiyada 20 ming) O‘zbekistonda 6 mingdan ziyod kasblar mavjud.[1] SHuni aytish joyizki jamiyat rivojlangan sari kasblar ham ko‘payib boradi. SHu bilan birga kasb bu jamiyatdagi qabul qilingan  huquqiy – normativ qonunlarga amal qilishi zarur bo‘ladi.

SHuni aytish kerakki kasb –hunar va uni egalari azaldan xalqimiz tomonidan e’zozlanib kelingan. O‘zbekistonda hozirda bilimdon, o‘z kasbini yaxshi egallagan, mustaqil fikrlovchi,  o‘z kasbiga ijodiy yondashuvchi, yuqori malakali, madaniyatli, izlanuvchan, intiluvchan mohir ustalar, kasb egalari ko‘proq talab qilinmoqda. SHunga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

I.A.Karimovning asarlarida va Vazirlar mahkamasi qarorlarida (Nizomlarida) mutaxassis kadrlar tayyorlash masalasi dolzarb va katta e’tibor berilayotgan masalalardan biri bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonda olib borilayotgan  islohatlar bilan bog‘liq xalq  ta’limini tubdan islohat qilish to‘g‘risida  I.A Karimov o‘zining  “Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori” asarida fikr bildirib shunday deydilar: “Shu tariqa yoshlarning  biron – bir shaklda  bilimlarini takomillashtirish, muayyan kasb – xunar egasi bo‘lib etishishlari uchun sharoit yaratiladi”.[2]  Bu bilan davlatimiz yoshlarni kasb – xunar egasi bo‘lishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berayotganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yoshlar bu jamiyatning kelajagi, ularni o‘zlari qiziqqan kasblarni egallashi, hayotda o‘z o‘rinlarini topa olishlari zaruriy jarayon hisoblanadi.

Kasb – hunarli bo‘lsh inson uchun zarur bir ehtiyoj ekanligini buyuk avlodlarimiz o‘z asarlarida aytib o‘tganlar. Deylik Kaykovus o‘zining “Qobusnoma” asarida shunday yozadi “Bas, agar aqling bo‘lsa xunar o‘rgang‘il, nedinkim hunarsiz aql – boshsiz tan, suratsiz badandekdir… Ey farzand, ogoh bo‘lki, xunarsiz kishi hamisha foydasiz bo‘lur va hech kishiga naf’ etkurmas.”3

Hozirda o‘sib kelayotgan yoshlar o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib minglab kasblar ichidan o‘zi uchun qiziqarli bo‘lgan kasbni tanlab olishlari va o‘z hayotlarini mazmunli, yaxshi o‘tkazishlari uchun intiladilar. Ularga bu kasblarni tanlashlarida kasb psixologiyasining o‘rni va ahamiyati juda katta. “ Men kelajakda kim bo‘laman?”, “YAxshi yashashim uchun qaysi kasbni tanlashim kerak?”, “Mendagi iqtidor shunga etadimi?”, “Kelajagimdan qoniqamanmikan?” degan ko‘lab savollar yoshlarni o‘ylantiradi. Bu savollarga javob olish uchun ular ko‘plab kuzatadilar, hayotdan ma’lum bir malakalar olishga intiladilar. Kattalarni maslahatlarini o‘ylaydilar va ikkilanib yuradilar. Kasb psixologiyasi esa ularni to‘g‘ri yo‘lga solishga harakat qiladi.

 Izlanuvchi yoshlar kasb – xunar va uni egallash, hayotlarini, kelajaklarini hal qiluvchi omil ekanligini bilib boradilar. Shulardan kelib chiqib kasb – bu inson hayoti uchun zarur bo‘lgan, jamiyatdagi huquqiy normalarga javob beradigan, insonni kelajagini belgilab beradigan o‘ziga xos murakkab bo‘lgan jarayon deb belgilashimiz mumkin. Kasbga xos bo‘lgan jarayonlar, ularni egallash, tanlash  inson psixologiyasi bilan bog‘liq. Kasb psixologiyasi aynan shunday murakkab jarayonlarni o‘rganish orqali yoshlarni o‘zlari qiziqqan kasbga yo‘nalish beruvchi murakkab fan hisoblanadi. Har bir kasbning o‘ziga xos bo‘lgan tomonlari, insonlarni o‘ziga jalb qila oladigan qirralari mavjud bo‘lib, inson  bu jarayonlarni kuzatib borib shu kasbni egallashga intiladi. Bu jarayonlarda inson o‘zini ruhiyati bilan shu kasbga xos bo‘lgan psixologik tomonlarni ham shakllantirib boradi.

 Jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar yoshlarni ham kasb tanlashda o‘ylantirib qo‘ymoqda. Ko‘plab yangi kasblar paydo bo‘lmoqda, ularni fan yangiliklari, texnika va texnologik yangiliklar asosida ko‘plab  mutaxassisliklar  bilan tanishishlari kasb tanlashda qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Bundan tashqari jamiyatni olg‘a rivojlanib borishi yoshlarni olayotgan kasblarini raqobatbardoshligini, kerakligini va yashashlari  uchun imkoniyatlar yaratib bera olishlariga  ishontira bilishini ham talab qilib bormoqda. Hayotiy jarayonlar, yashashga beriladigan imkoniyatlar, kasbga bo‘lgan intilishlar tabiiy ravishda amaliy psixologiyaning bir bo‘lagi bo‘lgan kasb psixologiyasiga bo‘lgan talabni zaruriy qilib qo‘ydi va bu fanni paydo bo‘lishiga olib keldi. Hozirda O‘zbekistonda bu fan endi rivojlanishi kerak bo‘lgan va yoshlarni tarbiyalashda, ularga kasb tanlashlariga yordam beruvchi asosiy mutaxassislik fani bo‘lib bormoqda. Kasb psixologiyasini mohiyati bu insonni kasbga xos xatti – harakatini va kasb tarixi bilan bog‘liq tomonlarni ko‘rsatib berish, shuningdek yoshlarni, kasb tanlovchilarni o‘zi qiziqqan kasbni tanlashlarida yo‘nalishlar berish, keyinchalik kasbdan ketishlariga yordam berish kabilar hisoblanadi.

Dunyoga kelgan bola haqida, uning kelajagi haqida, qanday kasbni egallashi haqida ko‘proq uning ota – onasi bosh qotiradi. Bolani maktabga chiqqanidan boshlab uning ota – onasi “Mening bolam kelajakda vrach bo‘ladi”, yoki ma’lum bir kasbni oldindan tayyorlab qo‘yadilar. Lekin hayotni o‘zi bolani  shaxs sifatida rivojlanishi, biologik taraqqiyoti, psixologik imkoniyatlari asosida o‘ziga xos bo‘lgan kasbni tanlashlariga imkoniyat yaratadi. Dunyoga kelgan bolada kurtak tarzida o‘ziga xos bo‘lgan imkoniyatlar bo‘ladi. Bola rivojlanib borgan sari unda ma’lum bir tamonga ixtidorlik ham taraqqiy etib boradi.  SHaxs bo‘lib borayotgan bolada psixologik xususiyatlar yuzaga chiqib, uni borliqqa bo‘lgan qiziqishini ortirib boradi. Ayrim bolalar yosh davrlaridanoq  o‘simliklarga, ularning tuzilishlariga qiziqadilar, ayrimlari xarakatdagi xashoratlarga, xayvonlarga qiziqadilar. Qo‘ng‘izni ko‘rgan bola uni xarakatlanishini tekshirib uni nima xarakatlantirmoqda degan savol bilan tekshirib ko‘radilar. Uni bo‘laklarga ajratadilar. Bunday bolalardan ko‘plab yaxshi vrachlar, injinerlar, konstruktorlar, qassoblar  chiqadi. Keyinchalik bunday shaxslar o‘zida shu kasbga xos bo‘lgan xususiyatlarni rivojlantirib boradilar. Bular ularning qiziqishlaridan kelib chiqadi. SHaxs sifatida bolada shu sohani bilishga ehtiyojlar rivojlanadi. Tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha bilimlar to‘plab boradi. Bu maktabda, oliygohda, atrofdagilarning  aytib berishlari va o‘zining mustaqil o‘rganishlari bilan shakllanib boradi. Maktabda bolalarga kasb bilan bog‘liq bo‘lgan tanishtirish darslarini ham tashkil etish zarur bo‘ladi. Bunda bolalar ko‘pchilik kasblar haqida bilib oladilar va kasb tanlashlari uchun imkoniyatlar kengayadi. Ularni yuqori sinflarga  o‘tib borishlari bilan birga keyingi etaplarda  qaysi kollejga va litseyga kirishlari ham aniqroq bo‘lib boradi. Ular o‘zlari qiziqqan kasbni olishga mustaqil qarorlar qabul qilgan holda  intiladilar.

YOshlarning  kasb tanlashlari maktabdan boshlanadi. Bunga ularni tayyorlab borish zarur bo‘ladi. Buni  psixolog olim Anvar Jalolov o‘zining “Kasb qanday tanlanadi” kitobida shunday ko‘rsatib beradi

Bu rasmdan ko‘rinib turibdiki yoshlar kasb tanlashlarida ma’lum bir bosqichlarni bosib o‘tadilar. Xilma – xil va qiziqarli kasblarni tanlashning asosiy maqsadi yaxshi yashash va yaxshi kasbni tanlash hisoblanadi. O‘zi uchun qiziqarli bo‘lgan kasb insonni har doim o‘z ustida ishlashga, uni yaxshiroq bilishga olib keladi.  Insonda kasb tanlash jarayonini yana shu muallif quyidagicha belgilaydi.

Insonda ma’lum kasbga, uni egallashga xavas, mayil, orzu, ishtiyoq, xafsala bo‘lmasa u hech qanday kasbni egallay olmaydi. Insondagi shu jarayonlar odamning o‘z kelajagini to‘g‘ri anglashga, tushunishga olib keladi. Unda istak, xohish paydo bo‘ladi. Bular bolada ma’lum bir maqsadni shakllanishiga va bu yo‘lda iroda kuchini sarf qilishga olib keladi. Irodali inson o‘z maqsadi sari intiladi va orzu havaslariga erishadi. Bunda bolada paydo bo‘luvchi xavas  atrofdagi insonlarni kuzatish orqali, ularga aytilgan maqtov so‘zlarini tinglash va  uning mahoratiga qoyil qolish, odamlarni uning mahoratini maqtashlari, bu insonni bilimdonligi, qo‘lidan ko‘plab ishlar kelishini kuzatishi unda shu insonga o‘xshashga xavasni uyg‘otadi. Unda orzu, armon, tilak, ishtiyoq va xafsala paydo bo‘ladi.  Bu jarayonlar bolada uyg‘onayotgan ehtiyojlar va manfaatlar bilan bog‘liq bo‘lib uni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirishning xissiyotlari, irodalari bilan bog‘liq jarayondir.

Katta bo‘lib borayotgan bolada xavas paydo bo‘ladi. Kasbga nisbatan olganda bolani shu kasbga qiziqishi, intilishi, mayli, xohish, istak va orzusi bo‘lib ko‘zga tashlanadi. Bu yo‘lda bola o‘ziga tilak tilab shu kasbni egallashga bo‘lgan intilishi sodir bo‘ladi. Agarda bola o‘z tilaklarini xafsala bilan amalga oshirmasa, xarakat qilmasa bu armon va orzu bo‘lib qoladi. SHuning uchun u zo‘r ishtiyoq bilan xarakat qilishi va armonlarini amalga oshirishi zarur bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki bu jarayonlar insonga xos bo‘lgan psixologik jarayonlarni tashkil etib. Insonning maqsadini vujudga kelishining asosi hisoblanadi. Albatta bu jarayonda insondan iroda kuchi ham talab qilinadi. Ishtiyoq bu – zo‘r istak, xohish hisoblanadi.

Yoshlarni kasb tanlashlari yo‘lidagi bunday jarayonlarni o‘rgangan psixolog olimlar ularni quyidagicha ta’riflaydilar. Insonni anglash darajasiga ko‘ra kasb tanlashda quyidagi tomonlar ta’riflanadi. Istak –  intilishning shunday bir turidirki, bunda inson faqatgina o‘zining hozirgi holatidan norozi ekanini his qilib tursa ham, lekin qanday maqsadga intilayotganini, binobarin, bu maqsadga erishishning yo‘l – yo‘riqlarini aniq bilmaydi. Bunda kishi nima istayotganini o‘zi anglab etmaydi. Bola o‘zi nimani  istayotganini anglamas ekan bu istakni amalga oshirib bo‘lmaydi. Insondagi  istak ma’lum darajada anglangan bo‘lsa, tilak – xavasga aylanib ketishi mumkin. Tilak – havas  intilishning shunday  bir  turidirki, bunda inson faqatgina  qanday maqsadga intilayotganligini biladi, lekin bu maqsadga erishish yo‘llarini aniq  bilmaydi. Bunday tilak bo‘lgan payitda bolada ko‘pincha yangi  intilish paydo bo‘ladi. Bunda bolada tilakka erishish uchun vosita va yo‘llarqidirish, ba’zi vaqtda esa o‘zida tug‘ilgan tilakni bosishga intilish hosil bo‘ladi.  Agarda  amalga oshirish uchun vosita va yo‘llar topilsa, u vaqtda tilak to‘la anglangan va maqsadga  intilishning vosita va yo‘llarini  aniq anglanganini ko‘rsatadi. Tilakni  tobora anglanib borishi natijasida xohishga aylanib boradi. Xohish esa to‘la anglangan intilishdir. Bunda inson  maqsadi sari  anglangan xarakatlarni bajarishga tayyorlanadi va o‘z irodasini shu maqsad sari yo‘naltiradi. Kasb tanlashda inson irodaviy xarakatlarni amalga oshiradi. Irodaviy xarakatlar – ilgaridan mo‘ljallangan xohish bilan amalga oshiriladigan xarakatlardir. Insondagi bu irodaviy harakatlar  ixtiyorsiz va ixtiyoriy ravishda bo‘lishi mumkin. Ixtiyoriy xarakatlar insonni anglangan va o‘z xohishi bilan bajariladigan harakatlari hisoblanadi. Irodaviy xarakatlar motivlar asosida amalga oshiriladi.

Motivlar kurashi natijasida inson o‘zining maqsadlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qiladi va shu qarorlarni amalga oshirish uchun intiladi. Qat’iat bilan qilingan xarakatlar maqsadni amalga oshirsa. Qat’iyatsizlik bu kasbdan yuz o‘grishga olib keladi. Boshqa bir onson kasbni tanlashga olib keladi. Bu erda o‘z qiziqishlaridan voz kechadi va oxir oqibatda adashganini biladi. Qat’iyatsizlik uni boshi berk ko‘chaga olib keladi. Qat’iyat esa uni o‘zi sevgan kasbini bilishga va undan rohatlanishga, qoniqishga olib keladi. Bu kasb orqali o‘zini inson sifatida bilib boradi. Bu kasb orqali yaxshi yashaydi, orzulari amalga oshadi. Kasb tanlash bu murakkab, lekin zaruriy jarayon bo‘lib, insonni kelajagini va yaxshi yashash imkoniyatlarini yaratuvchi, shuningdek jamiyatda o‘z o‘rnini topib borib, unga foydali mehnat qilish hisoblanadi. YAxshi kasb tanlash uchun kerak bo‘lga tomonlar quyidagicha ko‘rsatilishi mumkin.

Kasb va kasbiy psixologik  jarayonlar  kasb tanlovchidan quyidagilarni talab qiladi:

  • Umumta’lim maktablarida beriladigan ta’lim darajalaridagi bilimlarga ega bo‘lishni;
  • Kasb tushunchasining ta’rifini, uning tabiatini, xususiyatlarini kasblar sonini va turlarini bilishni;
  • Kasbni inson hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini tushunish va u haqida tasavvurga ega bo‘lish;
  • Kasb tanlashga kerak bo‘lgan idrokni , xohishni mavjud bo‘lishi; · O‘z maqsadi va manfaatini to‘g‘ri anglab olgan bo‘lishi; · Kelajagi haqida tasavvurlarni bo‘lishi.

Bulardan kelib chiqqan holda kasb tushunchasining asosiy tamoyillarini ko‘rsatish mumkin. Bular quyidagi rasmda o‘z aksini topgan:

Yoshlar o‘z kelajagini anglagandagina, o‘z qiziqishlari va manfaatlarini aniqlab olgandagina, hayotini tashkil etishdagi ehtiyojlarini tushungandagina kasbni tanlashlari onson kechadi. Kasb insonni boquvchi asosiy omil va hayotini tashkil etuvchi asos hisoblanadi.

Kasb haqida ko‘plab olimlar o‘z fikrlarini bildirganlar. Kasbni tushuntirishda va uni psixologiya fani bilan bog‘liqligini taniqli rus psixologi Gurevich K.M. ham o‘zicha tariflab bergan. Kasblar doimiy emas, ular paydo bo‘ladi va yo‘qolib ketadi. Ayrimlari fan – texnikaning rivojlanishi va takomillashib ketganligi sababli faqat otigina saqlanib qolgan bo‘lsada,  o‘zlari tubdan o‘zarib ketgandir. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Masalan tikuvchilik kasbi – bu kasb texnikani o‘sganligi sababli hozirda tikuvchilar avtomatlashtirilgan ko‘lab tikuv stanoklarini boshqaradilar. Bu erda matolarni to‘qish nazarda tutilmoqda. SHuni aytish kerakki xozirgi to‘quvchining ishini ilgarigi formatsiyadagi tikuvchining ishi bilan taqqoslab bo‘lmaydi deb ko‘rsatadi psixolog olim.

Gurevich K.M. kasblarni paydo bo‘lishini va shakllanishini quyidagicha ko‘rsatadi. 1) Mehnat taqsimotini yuzaga kelishi bilan; 2) Fan – texnikani paydo bo‘lishi va taraqqiyoti bilan; 3) Farmatsiyalarni o‘zgarib borishi bilan.

Inson faoliyatini ko‘rinishi  sifatida kasbning o‘zi nima? degan savol berar ekan  Gurevich K.M. unga shunday javob berishga urinadi.

Mehnatni taqsimlanishi natijasida kasblar ajralib chiqdi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Bu mehnat  faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonni kasb deb yuritiladi. Kasb – bu o‘zoq davom etadigan mehnat kompleksining majburiyatidir. Ma’lum bir jamiyatdagi kasblarning yig‘indisi uning ehtiyojlarini qondiruvchi va jamiyatning xayotiy funksiyalarini ado etuvchi zaruriy jarayondir. Insonning kasbiy mehnati bu uning ijtimoiy mehnatdagi  ishtirokini beradi.O‘zining mehnatida inson jismoniy va ruhiy imkoniyatlarini ko‘rsatib, qobiliyatlari va ijodini mehnatda tadbiq etgan holda o‘zining mehtaidan ijodiy qoniqishini olib keladi. Jamiyat o‘z navbatida xar bir mehnat qilgan shaxsni taqdirlab boradi. Mehnat sifati  va soni jihatidan taqdirlanadi. Bu esa kasblar o‘rtasida bir xillik yo‘qligini ko‘rsatadi deb yozadi Gurevich K.M.[4] Kasblarni paydo bo‘lishi va insonni unga bo‘lgan ehtiyojini borligi – bu insoniyatni va jamiyatlarni yashashining, hayot jarayonlarining ko‘rinishi va kelajagidir.


[1] А.Жалолов  касб қандай танланади. Т., 2010 й. 62 б.

[2] И.А.Каримов Баркамол авлод – Ўзбекистон тараққиётининг пойдевори. Т.,1998 й. 17 б. 3 Кайкоаус. “Қобуснома”  Т., 1994 й.  26 б.

[4] Гуревич К.М. Дифференциальная  психология и психодиагностика. М.,2008 г. 21 с.

Previous articleBolaning ko‘ngli poshsho (Bolalik qissasidan)
Next articleKasbiy psixologiya fanining ob’ekti va predmeti.