Ma’nodosh so‘zlar. Маънодош сўзлар / сузлар.
1-topshiriq. Gapirmoq so‘zi ifodalagan ma’noni yana qanday so‘zlar bilan ifodalash mumkin. Har birini gap ichida keltiring.
2-topshiriq. Yuz, bet so‘zlarining ma’nosiga teng keladigan yana qanday so‘zlarni bilasiz? Ular bir-biridan nimasi bilan farqlanishini ayting.
Bir umumiy ma’noni ifodalovchi ikki va undan ortiq so‘zlarga ma’nodosh so‘zlar deyiladi.
Ma’nodosh so‘zlar bir ma’noni xilma-xil so‘zlar orqali turli nozik ma’no qirralari bilan ifodalashda, so‘z sehrini namoyish etishda, nutqni bezashda, ta’sirchanligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. |
1-mashq. Mashqni o‘qing. Bir umumiy ma’noni ifodalovchi so‘zlarni toping. Ularning ma’nosini izohlang.
1. Yuzi nam, yaltiroq o‘tloqning betida yuk mashinalarining behisob izlari ko‘rinib turardi. (Gazetadan) 2. Uning quvnoq chehrasi suv betida qizga yanada yoqimli ko‘rindi. (I. Rahim) 3. Basharasiga tushgan qamchi zarbidan yerga yiqildi. (Mirmuhsin)
2-mashq. So‘zlarning ma’nodoshlarini toping va ko‘chirib yozing.
Bahs, sovg‘a, tanqis, g‘alaba, gunoh, hadya, ayb, munozara, pinhon, tortiq, kamchil, jinoyat, tortishuv, armug‘on, taqchil, zafar, tuhfa, maxfiy.
3-mashq. Ko‘chiring. Ma’nodosh so‘zlarni aniqlab, ma’nosidagi farqini tushuntiring.
Dalamizda salqin shabboda esdi. Ulug‘ Madhiyaning yangroq ohangini olib ketdi tungi sho‘x sabo. Yel keltirar mayin bir ohang. Yana olib ketar nariga. Saharlab turaman, qutlayman tongni, bo‘ynimga osilar subh shamoli. (Mirmuhsin)
4-mashq. Do‘st, faqir, Vatan, mangu, dangasa, inoq so‘zlarining ma’nodoshlarini toping. Ular ishtirokida uchtadan gap tuzing.
Savol va topshiriqlar
- Ma’nodosh so‘zlar deb qanday so‘zlarga aytiladi?
- Ma’nodosh so‘zlardan foydalanishning qanday ahamiyati bor?
- Qaramoq so‘zining ma’nodoshlarini toping. Ularning farqlanishlarini ayting.








