Paronimlar. Паронимлар
Topshiriq. Quyida berilgan so‘zlarning qaysi qismi bir xil, qaysi qismi farqli ekanini ayting. Ular ishtirokida gap tuzib, ma’nolarini izohlang. Afzal – abzal, fol – pol, bob – bop, tub – tup.
Talaffuzi va yozilishi bir-biriga juda yaqin, lekin ma’nolari bir-biridan butunlay farq qiladigan so‘zlarga paronimlar deyiladi.
Talaffuzi yaqin bo‘lgani uchun bunday so‘zlarni bir-biri bilan almashtirib qo‘yish ehtimoli bor. Nutqingizning aniq, ravon bo‘lishini istasangiz, ana shunday xatoga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiling. |
1-mashq. Quyida berilgan paronim so‘zlarning ma’nosini bilib oling, ularning talaffuziga e’tibor bering.
1. Abzal – ot-ulovni egarlash yoki aravaga qo‘shish uchun zarur asboblarning jami. Afzal – yaxshi, a’lo, ortiq so‘zlarining ma’nodoshi. 2. Daho – kuchli zehn va iste‘dod. Daha – shaharning ma’muriy bo‘linishi. 3. Amr – buyruq, farmon. Amir – o‘tmishdagi davlat rahbari.
2-mashq. Nuqtalar o‘rniga qavs ichidagi paronimlarning mos keladiganini qo‘yib, ko‘chiring, kerakli o‘rinlarda qo‘shimchalar qo‘shing.
1. Boburning Kobul … topilgan emas. (Darslikdan) Mashina … tepasiga ko‘tarilar ekan, derazadan salqin shamol urildi. (Said Ahmad) (dovon – devon) 2. Mirzakarimboyni Toshkentning to‘rt … biladi. (Oybek) O‘zbek xalqi ichidan o‘nlab … yetishib chiqqan (daha – daho). 3. Ot …in shayladi, o‘q-anjomin boyladi. (Termalardan) Sizning har bir so‘zingiz biz uchun tilladan … (Oybek) (abzal – afzal).
3-mashq. Ko‘chiring, matndagi paronimlarni toping, ma’nolarini izohlang.
1. Konstitutsiya 6 bo‘lim, 26 bob, 128 moddadan iborat. 2. Ayni bizbop ketmon ekan, endi hech ham qiynalmaymiz. 3. Ularning tub maqsadini bilib olishimiz kerak. 4. Erta bahorda o‘n tup mevali daraxt ko‘chatidan ekdik.
Savol va topshiriqlar
- Paronimlar deb qanday so‘zlarga aytiladi?
- Paronimlardan shakldoshlarning farqini ayting.