9-§. Siyosiy huquqlar (Сиёсий хукуклар)

0

Siyosiy huquqlar. O’z siyosiy huquqlarini qay tarzda ro’yobga chiqarish mumkin? Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolar ishtiroki. Yig’ilishlar erkinligi huquqi.

Сиёсий ҳуқуқлар. Ўз сиёсий ҳуқуқларини қай тарзда рўёбга чиқариш мумкин? Қонун лойиҳаларининг умумхалқ муҳокамасида фуқаролар иштироки. Йиғилишлар эркинлиги ҳуқуқи.

Сиёсий хукуклар. Уз сиёсий хукукларини кай тарзда руёбга чикариш мумкин? Конун лойихаларининг умумхалк мухокамасида фукаролар иштироки. Йигилишлар эркинлиги хукуки.


Mavzu ustida ishlash natijasida:

  • O’zbekiston Respublikasi fuqarosi qanday siyosiy huquqlarga ega ekanligini;
  • jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ular qaysi shakllarda ishtirok etishlari mumkinligini bilib olasiz.
  1. O’z siyosiy huquqlarini qay tarzda ro’yobga chiqarish mumkin?
  2. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolar ishtiroki.
  3. Yig’ilishlar erkinligi huquqi.

1. O’z siyosiy huquqlarini qay tarzda ro’yobga chiqarish mumkin?

Siyosiy huquqlar fuqarolarga nima uchun kerak? Agar fuqarolarda qat’iy axloqiy va siyosiy qarashlar bo’lsa, ular o’z huquqlari va burchlarini aniqroq anglab yetadilar, mamlakat ijtimoiy hayotida faolroq ishtirok etadilar.

Mamlakatni boshqarishda ishtirok etish huquqi bevosita yoki saylanadigan vakillar orqali amalga oshiriladi. Bu huquq fuqarolar har qanday saylab qo’yiladigan organlarni saylash va saylanish huquqiga ega ekanligi bilan kafolatlangan. Fuqaro shu tariqa hokimiyatga va qabul qilinadigan qarorlarga ta’sir o’tkazadi.

Asosiy qonun belgilaydi

O’zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o’z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o’zini o’zi boshqarish, referendumlar o’tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo’li bilan amalga oshi- riladi. Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 32-modda.

Barcha siyosiy partiyalar o’z nomzodlarini davlat vakillik organlariga ko’rsatishi mumkin. Bu saylov tizimini demokratlashtirishga ko’maklashadi, fuqarolarga muqobillik asosida deputatlarni saylash imkonini beradi. Bunda saylovni o’tkazishda bitta o’ringa bir necha nomzod qo’yilib, fuqarolar ulardan eng muqobilini saylaydilar.

Fuqarolarning hukumat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga ta’siri davlat hukumati organlariga saylash huquqi bilan cheklanmaydi. Fuqarolar murojaat, taklif, ariza va shikoyatlar orqali ko’plab kundalik muammolarni hal etishga yordam beradilar, shu tariqa o’z huquqlarining buzilishiga yo’l qo’yilishini kamaytiradilar.

Yodda tuting!

O’zbekiston Respublikasi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida»gi Qonuniga muvofiq murojaatlar, takliflar, arizalar, shikoyatlar ko’rinishida og’zaki, yozma yoki elektron shaklda yakka tartibda yoki jamoaviy tarzda bo’lishi mumkin.

Ariza – bu fuqarolarning o’z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun ko’mak so’rab qilgan murojaatlaridir.

Taklif – fuqarolarning davlat va jamoatchilik faoliyatini takomillashtirish bo’yicha tavsiyalarini ifodalovchi murojaatlaridir.

Shikoyat – fuqarolarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashni talab qilish to’g’risidagi murojaatlaridir.

Murojaatnomada fuqaroning ismi-sharifi, familiyasi ko’rsatilishi, turar joyi haqida ma’lumot bo’lishi, ariza, taklif yoki shikoyat mazmuni bayon qilingan bo’lishi kerak. Yozma murojaatnoma murojaat qiluvchining imzosi bilan tasdiqlanadi. Murojaatnomani shaxsiy imzo bilan tasdiqlash imkoni bo’lmaganda, u boshqa shaxsning imzosi bilan tasdiq- lanishi mumkin. Bunda qo’shimcha ravishda imzo qo’yuvchi shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi ko’rsatilgan bo’lishi kerak.


2. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolar ishtiroki

Fuqarolarning eng muhim siyosiy huquqlaridan biri «Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to’g’risida»gi Qonunga muvofiq qonunlar loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishdir.

Fuqarolar bunda quyidagilarga haqlidirlar:

  • qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida erkin ishtirok etish;
  • qonun loyihalariga tuzatishlar va takliflar kiritish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, boshqa davlat or- ganlariga, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlariga, korxo- nalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat- chilik birlashmalariga, ommaviy axborot vositalariga murojaat qilish;
  • deputatlar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillari bilan uchrashuvlarda, qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi uchun tashkil etilgan boshqa tadbirlarda ishtirok etish.

Fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqi- shi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy holatiga ko’ra qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishini cheklash taqiqlanadi.

Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi bo’yicha tadbirlarni fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoatchilik tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhi, shuningdek, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari saylov uchastkalarida o’tkazadilar. Qonun loyiha- si bo’yicha belgilangan tartibda kiritilgan takliflar va tuzatishlar albatta ko’rib chiqilishi shart.


3. Yig’ilishlar erkinligi huquqi

Yig’ilishlar, mitinglar va namoyishlar erkinligi insonga o’z fikrlari va o’z qarashlarini ifodalash imkoniyatini beradi. Bu huquq mamlakat rah- bariyatiga xalqning fikri haqida axborot yetkazib turish uchun ham zarur. Bu narsa o’ta muhim va rahbarlarga fuqarolarni tashvishlantirayotgan muammolarga chuqurroq kirib borish imkoniyatini beradi.

Miting – bu ma’lum bir shaxslar va tashkilotlarning xatti-harakatlari, ijtimoiy-siyosiy voqealarga nisbatan munosabatini oshkora ifodalash maqsadidagi fuqarolarning tinch yig’ini.

Namoyish – bu ma’lum bir siyosiy talablarni bildirish maqsadidagi ommaviy yurish.

Yig’ilish – bu biror-bir muhim jamoatchilik masalasini jamoa bo’lib birgalikda muhokama qilish uchun fuqarolar ishtiroki.

Jamoatchilik birlashmalarini tashkil etish huquqi fuqarolarga ularning manfaatlari va mayllariga mos keluvchi faoliyat bilan shug’ullanish imkoniyatini beradi. Masalan, jamoatchilik tashkilotlarining a’zolari inson huquq va erkinliklari masalalari bilan shug’ullanadi, xayriya tashkilotlari esa eng ehtiyojmand kishilarga moddiy yordam uyushtiradilar.

Asosiy qonun belgilaydi

Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavf- sizlik nuqtayi nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 33-modda.


Topshiriq

Fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida, davlatni boshqarishda ishtirok etishning o’zingizga ma’lum yo’llarini ayting. 9-sinf o’quvchisi davlat boshqaruvida qay yo’sinda ishtirok etishi mumkin?


Yakunlarni chiqaramiz

Siyosiy huquqlar:

  • maqsad – o’z fikri va e’tiqodini ifodalash;
  • davlatni boshqarishda ishtirok etish huquqi;
  • yig’ilishlar, mitinglar va namoyishlar erkinligi;
  • siyosiy partiya, kasaba uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlariga birlashish huquqi;
  • davlat organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi.

O’zingizni sinang!

  1. Siyosiy huquqlar insonga nega kerak?
  2. Shaxsiy va siyosiy huquqlar qay tarzda o’zaro bog’langan?
  3. Davlat jamoat birlashmalari faoliyatiga aralasha oladimi?
  4. Tinch namoyishlar, mitinglar va yig’ilishlarda ishtirok etish insonga nima beradi?
  5. Quyidagilardan qaysilari shaxsiy yoki siyosiy huquqlarga oid ekanligini aniqlang:
  • qadimgi Spartada nimjon bolalarni jarga uloqtirishardi;
  • sinfdosh qiz partadosh dugonasining xatini bekitiqcha o’qidi;
  • insonni boshqa dinga o’tishga zo’ravonlik bilan majburlashdi;
  • mahalliy hokimiyat organlarini tanqid qiluvchi maqolalarni e’lon qilish taqiqlangan.

Ro’yxatni o’z misollaringiz bilan davom ettiring.

Previous articleIlmiy va texnikaviy ijod erkinligi va madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi
Next articleO’z siyosiy huquqlarini qay tarzda ro’yobga chiqarish mumkin?