Maqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» Dramasi

0

Reja:

  1. Dramaning yozilish tarixi.
  2. Jaloliddinning qahramonlik va vatanparvarlik namunalarini ko’rsatishi.
  3. Asardagi tarixiy va badiiy to’qima obrazlar.
  4. Dramaning o’zbek adabiyotida tutgan o’rni.

Bayoni

Jaloliddin Manguberdi – tarixiy shaxs. Xorazm shohi Muhammadning o’g’li. U umrining so’nggi yilida Xorazmshohlar davlati hukmdori esa-da, Chingiz boshliq mo’g’ul bosqinchilarining quvg’ini tufayli, hayotiningg bu davridagi asosiy qismini lashkarlari va saltanati bilan yurt sarhadlaridan olisda o’tkazishga majbur bo’lgan. Jaloliddin mo’g’ul qo’shinlariga qaqshatqich zarbalar bergan, Vatan ozodligi uchun kurashlar olib borgan, lekin kuchlar teng bo’lmagani bois chekingan. 1231-yilda qaroqchi kurdlar qo’lida halok bo’lgan.

«Jaloliddin Manguberdi» dramasida Shayxzoda Vatan erki, mustaqilligi uchun fidoyilarcha kurash olib borgan mana shu jasur sarkarda qiyofasini badiiy gavdalantirdi. Jaloliddin Manguberdi Amir Temurga ham ibrat bo’lgan buyuk siymodir.

Ma’lumki, sho’ro davrida, o’tmio’dagi xon, sulton, hukmdorlarimiz nechog’liq buyuk va vatanparvar bo’lishidan qat’iy nazar, yoppasiga qoralab kelindi. Chunki sho’rolarga buyuklarimizdagi xuddi ana shu vatanparvarlik qudrati ma’qul kelmas, ota-bobolarimizdagi ana shu buyuk xislat yangi avlodlarga o’tishiniistamas edilar.

Sh qatag’on qilgan bunday ulug’ siymolar nomi mustaqillik davriga kelib tiklandi. O’zbekiston hukumati xalqning bu jasur farzandi nomini abadiylashtirish maqsadida «Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida» (1998) maxsus qaror qabul qildi, O’zbekiston Prezidentining farmoni bilan (2000) «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ta’sis etildi.

Vatanparvarlik hissiyoti jo’sh urib yozilgan Maqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» dramasi 1945-yilda Hamza nomidagi O’zbek davlat drama teatri tomonidan muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilgniga qaramay, ko’p o’tmay, sahnadan olib tashlandi. Muallifga esa o’tmishni, xonlarni, beklarni, feodalizmni oqlash va yoqlash tamg’asi yopishtirildi. Bu «aybnoma» nohaq qamalishiga ta’sir ko’rsatdi.

Dramaning ayrim parchalarigina yozilgan kezlari nashr etildi. Muallif hayotlik chog’ida, biror marta to’lig’icha chop etilgani yo’q. To’lig’icha ilk bor o’zbek tilida dramaturg vafotidan yigirma bir yil o’tgach (1988) bosmadan chiqdi.

«Jaloliddin Manguberdi» dramasida ona-Vatan uchun, uning ozodligi uchun bosqinchilarga qarshi kurash olib borgan jasur sarkarda, buyuk hukmdor siymosi o’zining, ayniqsa, tabiiy, jonli tasvirlanishi bilan ajralib turadi. Tasvirdagi qahramon tabiiyligini ta’minlovchi muhim hayotiy omillar bor, albatta.

Xalqni, lshkarni dushmanga qarshi birlashtirish va yurt himoyasini uyushtirish yo’lidagi Jaloliddin ko’rsatgan jonbozliklarini saroydagi Badriddin singari munofiq kimsalar va ular ta’sirida dastlab otasi Xorazmshoh ham to’g’ri tushunmaydi. SHunda Jaloliddin «Menga koshonadan chodir yaxshiroq» deb chiqadi va yurt himoyasi uchun qo’shin berishlarini talab qiladi. Amir Badriddin valiahdning bu mardona so’zlari ostidagi maqsad vatanparvarlik emas, taxtni egallash deb tushunib, shoh hayot bo’lishiga qaramay, «u taxtga ega bo’lmoqchi» deb ig’vo boshlaydi.

Jaloliddin – qahramon shaxs. U jasur sarkarda, elni, yurtni g’animga qarshi birlashtirayotgan, tashabbusi bilan lashkarni ulug’ g’alabalarga ilhomlantirayotgan va bu yo’lda ibrat ko’rsatayotgan valiahd bo’lishiga qaramay, ayni vaqtda, oddiy inson sifatida gavdalanadi. Masalan, Jaloliddin bilan singlisi Sultonbegim o’rtasidagi oddiy insonlarga xos bo’lgan aka-singillik mehr-oqibatlari shu qadar samimiy va go’zal tasvirlanadiki, kishining havasi keladi.

Vatan va xalq taqdirining eng qaltis pallalarida ularni bosqinchilardan himoya qilish uchun otlangan Jaloliddinning bu yo’ldagi shijoatini, jur’atini, jasoratini ko’rsatar ekan, dramaturg o’z qahramonining valiahd va hukmdor sifatidagi xususiyatlaridan ko’ra oddiy inson sifatidagi iztiroblarini, har qanday insonga begona bo’lmagan ayrim mas’uliyatli holatlardagi ikkilanishlarni badiiy tasvirlashga alohida e’tibor beradi. Bu esa qahramon xarakterining ishonarli, jonli va hayotiy chiqishini ta’minlaydi.

Dushman qo’liga tushib azoblangandan ko’ra, o’limni afzal bilib, hatto dunyodagi eng aziz zot – onasi va farzandlari daryoga cho’ktirilishini ma’qul ko’rgan Jaloliddin Manguberdi va mard Temur Malikning tarixiy haqiqat ruhi bilan yo’g’rilgan siymolari dramaturg Maqsud Shayxzoda qalami ostida ko’z o’ngimizda tirik insondek gavdalanadilar.

Dramaturg Chingizxon obrazini mahorat bilan yaratadi. Shunisi muhimki, u bu obrazni qora bo’yoqlarga chaplab tashlamaydi. Tarixiy haqiqatga rioya qilgan holda, bu shaxsning Jaloliddin va Temur Malik qahramonligi jasoratiga tan berganligini ifodalashni unutmagani holda, uning tabiatidagi bosqinchilik, yovuzlikni, pokiza insoniy tuyg’ularni oyoq osti qilish singari xususiyatlarni to’laqonli badiiy gavdalantiradi:

Adolat yo insof? Nima degan u?

Tupurdim bularga, ming katta tfu!

Ch bu fikri uning dunyoqarashini juda aniq ochib bera olganidek, mana bu mulohazalari uning ruhiy dunyosiga bir ochqich bo’la oladi:

Muhabbat! Bu so’zni kimlar to’qigan?

Go’l shoir yozgan-u, tentak o’qigan.

Yuqoridagi qahramonlar, asosan, tarixiy qahramonlardir. Asarda ular bilan yonma-yon dramada muallif badiiy taxayyulining mahsuli bo’lgan Elbors pahlavon, Yaroqbek, Navkar, No’’yon, Tabib chol singari to’qima qahramonlar ham ishtirok etadilar. Ko’rinib turibdiki, Jaloliddin Manguberdi dramasining asosini, mevalarini etakchi qahramonlarini tarixiy shaxslar tashkil etadi. Lekin to’qima personajlarning zimmasidagi yuk ham oz emas. Elbors pahlavon va Chol qiyofalarida, asosan, xalq, xalq vakillari qiyofasi, kuchi mujassamdir. Elbors pahlavon, aslida cho’pon. U qaltis vaziyatlarda Jaloliddinning yonida bo’ladi. Unga ko’makka keladi. Sarkardani zaharlashga intilgan tabib og’usidan saqlab qoladi. Bosqinchilar bilan ayovsiz janglarda qahramonlik namunalarini ko’rsatadi.

Maqsud Shayxzoda bu obrazlarga muhim ma’no yuklar ekan, yurtimizdagi XIII asr tarixiy hodisalarini gavdalantirishdan tashqari, Vatan bosqinchilariga oyoq osti bo’lishida, xalq boshiga azob-uqubatlar yog’ilishida, mustaqillikning qo’ldan ketishida mana shunday xiyonatlarning o’rni oz emas, degan achchiq, lekin muhim degan ma’nolarga ham ishora qilmoqchi bo’ladi. Shunday ekan, ushbu drama Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari asosiy qahramonlari bilangina emas, Badriddin, Yaroqbek, Sulton Muhammad Alovuddin singari personajlari bilan ham bizni ogohlikka chaqiradi, Mustaqilligimizni ko’z qorachig’idek e’zozlashga da’vat etadi, xalqni, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

«Jaloliddin Manguberdi» dramasi badiiy jihatdan teran asardir. Asa monolog va dialoglari pishiq ishlangani, har bir qahramon xarakterining ham til boyligini, ham ruhiy dunyosidagi o’ziga xoslikni ifodalay oladigan yo’sinda ekani bilan ajralib turadi. Qahramonlararo konfliktlarda sun’iylik yo’q, ular voqealarning tabiiy oqimi va xarakterlar kurashidagi maqsadning hayotiyligi va haqqoniyligidan kelib chiqadi.

Bu asarga qadar dramaturgiyamizda «Abulfayzxon» singari tragediyalar mavjud edi. Shunga qaramay, mazkur asar o’zining tug’ilishi va shakli jihatidan Sofokl davridagi qadimgi Yunon mumtoz tragediyalaridagi fazilatlarni o’zida namoyon etuvchi dastlabki o’zbek dramalaridan biridir, deyish mumkin. Birinchi pardadagi xos vazifasini ijro etuvchi umumiy yallalar, sipohlar yallasi, soqchilar qo’shig’i, sahnaga, shuningdek, alohida-d

ovoz personajlarining olib kirilishi, ikkinchi pardada jarchilar va masxarabozlardan foydalanish, xalq obrazini ifodalovchi personajga murojaat etilishi va boshqalar shunday deyishga asos beradi. Qadimgi mumtoz yunon tragediyalaridagi bu xususiyatlar, mohiyat e’tibori bilan qaraganda, o’zbek dramaturgiyasida ilk bor qo’llanishidir.

Bunday xususiyatlar dramaturgiyamiz jahon dramaturgiyasidagi rang-barang, murakkab shakl va tuzilishlarni o’tgan asrning o’rtalaridayoq o’zlashtirish salohiyatiga ega bo’lgan san’atkorlarimiz bo’lganini ko’rsatadi.

Dramatik asarni she’riy shaklda yozish muallifdan katta poetik mahoratni talab etadi. Maqsud Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» she’riy dramasi ana shunday katta san’atkorlik bilan yozilgan poetik asardir.

Tayanch so’z va iboralar:

Dramaturg, Vatan ozodligi, mustaqillik, vatanparvarlik, tarixiy obraz, to’qima obraz, bosqinchi, valiahd, hokim, poetik asar, teranlik.

Savol:

  1. «Jaloliddin Manguberdi» dramasida qaysi tarixiy davr aks ettirilgan?
  2. Dramaga sho’ro davrida qanday munosabat bo’lgan?
  3. Dramadagi qaysi qahramonlar tarixiy, qaysi qahramonlar badiiy to’qima ekanini bilasizmi?
  4. Jaloliddinning qahramonligi va vatanparvarligi qaysi fazilatlarda ko’rinadi?
  5. Jaloliddin va Chingizxon obrazlarini mustaqil ravishda qiyosiy tahlil qiling.

МАSАL haqida tushuncha

Previous articleMaqsud Shayхzodaning hayoti va ijodi (insho)
Next articleAbu Nasr Forobiyning hayot yo’li