Oliyjanoblik (Rivoyat). Олийжаноблик (Ривоят).
Buyuk shoir va mutafakkir, kuragi yerga tegmagan mohir kurashchi Pahlavon Mahmudning dovrug‘i Xorazmdan Hindiston zaminigacha yetib boribdi. Uni hindlarning eng kuchli polvonlari bilan kurashga chorlashibdi. Pahlavon Mahmud bobomiz birinketin ularning barchasini mag‘lub etibdi.
Xorazmlik bahodirning kuchi va mahoratiga qoyil qolgan hind podshosi uni huzuriga taklif etib, yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatibdi va tila tilagingni, debdi. Shunda Pahlavon Mahmud hech o‘ylab o‘tirmasdan bunday debdi: «Janobi oliylari, urush paytida sizlarga asir tushgan vatandoshlarimni ozod qilsangiz, bas, mening yakka-yu yagona tilagim shu!»
Hind podshosi Pahlavon Mahmud nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham mard va oliyjanob ekaniga tan berib, asir olingan barcha xorazmliklarni ozod qilgan ekan.
Aziz o‘quvchi, ko‘rdingizmi, bir insonning ma’naviy fazilati, ya’ni oliyjanobligi tufayli yuzlab odamlar tutqunlik azobidan xalos bo‘lgan. Bu tarixiy rivoyat Prezidentimiz tomonidan aytilgan, mashhur kitobning nomi sifatida barchamizga ma’lum bo‘lgan «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» degan so‘zlar chuqur hayotiy asosga ega ekanini yaqqol tasdiqlaydi. Chindan ham, ma’naviyati kuchli insonni, xalq va jamiyatni yengib bo‘lmaydi.
Shuni yodda tutingki, ma’naviy fazilatlar bir-biri bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun oliyjanob, muruvvatli va saxovatli inson albatta halol, pok hamda adolatli bo‘ladi. Agar siz ajdodlarimizning fazilatlar tarixi bitilgan qadimiy kitoblarini diqqat bilan o‘qisangiz, bunga qayta-qayta ishonch hosil qilasiz.
«Ma’lumki, Bobur Mirzoning otasi Umarshayx Mirzo temuriy hukmdorlardan biri edi. Bobur o‘z xotiralarida otasining naqadar adolatli va halol odam bo‘lganini ko‘rsatuvchi shunday ma’lumotni keltirib o‘tadi. Qay bir yili Xitoydan Farg‘onaga kelayotgan ming kishilik karvon O‘sh tog‘larida qor ko‘chkini ostida qolib, halok bo‘ladi. Umarshayx Mirzo darhol odamlarini yuborib, karvonning yuklarini nazorat ostiga oldiradi. Egalari halok bo‘lgan shu mollarni ikki yildan ziyod avaylab saqlaydi. Xuroson va Samarqandga maxsus odam yuborib, karvon egalarining merosxo‘rlarini daraklatib toptiradi va ularni o‘z mamlakatiga chaqirtirib, mollarni to‘laligicha qo‘llariga topshiradi»[1].
Ota-bobolarimizga xos ana shunday halollik, to‘g‘rilik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik fazilatlari ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelmoqda. Turmush tarzimiz, milliy xarakterimizga singib ketgan bunday xususiyatlarni yurtimizda 70 yildan ziyod hukmronlik qilgan yovuz sho‘ro mafkurasi ham hayotimizdan siqib chiqarolmadi. Agar siz ustoz yozuvchimiz O‘lmas Umarbekovning asari asosida tayyorlangan «Qiyomat qarz» nomli spektaklni tomosha qilsangiz, unda oddiy qishloq odamining qalbida ana shunday fazilatlar e’tiqod darajasiga ko‘tarilganini ko‘rasiz.
Mustaqillik yillarida el-yurtimizning bunday fazilatlari yangitdan qadr-qimmat topib bormoqda. Prezidentimiz tomonidan aytilgan «Savob ishni har kun qilish kerak, savob ishni har kim qilishi kerak» degan da’vat asosida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni bugungi kunda har qadamda ko‘rishimiz mumkin.
Aziz o‘quvchi, ana shunday ibratli fazilatlar egasi bo‘lgan xalqning farzandi sifatida biz doimo yaxshilik qilishga intilib yashashimiz lozim. Shundagina buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar bo‘lib, bu hayotda biz ham o‘zimizdan munosib nom qoldirishga erishamiz.
[1] Islom Karimov. Adolatli jamiyat sari. –T.: «O‘zbekiston», 1998-yil, 110-bet.
Savol va topshiriqlar:
- Nima uchun hind podshosi Pahlavon Mahmudning mardligi vaoliyjanobligiga tan berdi?
- Bobur Mirzoning otasining ismini ayting.
- Xitoydan Farg‘onaga kelayotgan karvon qanday halok bo‘ladi?
- Umarshayx Mirzoning halol va adolatli bo‘lgani haqida gapiribbering.
- Prezidentimiz tomonidan aytilgan da’vatning ma’nosi haqida so‘zlang.