Otlarning ma’no turlari

0

Otlar ma’no jihatdan ikki turga bo‘linadi: atoqli otlar va turdosh otlar.

Bir xildagi predmet (shaxs) yoki hodisalardagi birinchi ayirib ko‘rsatadigan otlar atoqli otlar deyiladi. Atoqli otlar atab qo‘yilgan nomlardir. Atoqli otlarga quyidagilar kiradi:

1) kishilarning ismi va familiyalari: Murod, O‘ktam, O‘tkir, Mahmudov, Ahmedov kabi;

2) yozuvchi va shoirlarning taxalluslari: Oybek, Uyg‘un, Muqimiy, Furqat kabi;

3) uy hayvonlariga atab qo‘yilgan nomlar: Olapar, To‘rtko‘z, Mosh kabi;

4) planeta, yulduzva sayyoralarning nomi: Er, Zuhra, Etti qaroqchi, Mirrix kabi.

5) geografik nomlar (shahar, qishloq, tog‘ , daryo, ko‘l, cho‘l, qit’a nomlari): Samarqand, Chotqol, Pomir, Ohangaron, Chirchiq, Osiy kabi;

6) oliy davlat va yuqori tashkilotlarning nomlari: O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Oliy Kengashi kabi;

7) ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari, vazirliklar va korxonalar nomi: Paxtachilik ilmiy-tekshirish instituti, Toshkent Davlat Pedagogika universiteti, Moliya vazirligi, Davlat banki kabi;

8) yuqori mansab, oliy faxriy unvon nomlari: O‘zbekiston Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi raisi, Bosh Qo‘mondon kabi;

9) turli anjuman, hujjat va rezolyutsiyalar, tarixiy voqealar nomi: Ulug‘  Vatan urushi, Mustaqillik kuni, Toshkent anjumani kabi;

10) fabrika, zavod, jamoa xo‘jaligi, sport jamiyatlari, kino, teatr, kitob, gazeta, jurnal nomlari: «Sharq yulduzi» xo‘jaligi, «O‘rtoq» konditer fabrikasi, «Yosh kuch» sport jamiyati, «Turkiston» kontsert zali, «YUlduzli tunlar» romani, «Ma’rifat» gazetasi, «Guliston» jurnali kabi.

Atoqli otlar, odatda, bosh harf bilan yoziladi, shuningdek, ko‘plik son shaklida qo‘llanmaydi. Shu xususiyatlari bilan turdosh otlardan farq qiladi.

Bir turdagi predmet, hodisalarning umumlashtiruvchi nomi turdosh ot deyiladi: stol, kitob, tanbur, baxt, g‘ oya, anjuman kabi. Turdosh otlar atoqli otlarga nisbatan ko‘p miqdorni tashkil etadi. Turdosh otlar kichik harf bilan yoziladi.

Atoqli otlar turdosh otlarga yoki aksincha, turdosh otlar atoqli otga o‘tishi mumkin. Masalan, frantsiyalik ustaning nomi Batist (atoqli ot) so‘zi turdosh otga (matoning nomi) aylangan bo‘lsa, muhabbat turdosh oti (abstrakt ot) atoqli otga (ismga) aylangan.

Turdosh ot ifodalangan tushunchaning xususiyatiga ko‘ra konkret (aniq) va abstrakt (mavhum) otlarga ajratiladi. Bevosita predmet anglatadigan otlar konkret otlar deyiladi: qalam, daftar, bola, tog‘  kabi. Konkret otlarni bevosita sanash va ko‘rish mumkin: o‘nta daftar, beshta bola kabi. Birlik va ko‘plik shaklida kela oladi: bola (birlik) – bolalar (ko‘plik) kabi.

Mavhum tushunchani, belgini predmet sifatida ifodalaydigan otlar abstrakt ot deyiladi: tinchlik, iroda, baxt, quvonch kabi.

Abstrakt otlarni sanash va ko‘rish mumkin emas. Ko‘plik son shaklida qo‘llanmaydi.

Turdosh otlar birlik shaklda kelib yakka bir predmetni yoki predmetlarning to‘dasini ifodalashi mumkin. SHu xususiyatga ko‘ra turdosh otlarning ikki turi mavjud: yakka ot va jamlovchi ot.

Birlik shaklda kelib bir turdagi predmetlardan bittasini ifodalaydigan ot yakka ot deyiladi: daraxt, stol, kishi, daryo kabi.

Birlik shaklda kelsa ham, lekin bir turdagi predmetlarning jamini, to‘dasini ifodalaydigan ot jamlovchi ot deyiladi: xalq, lashkar, to‘da, olomon, ko‘pchilik, ozchilik kabi.

Previous articleOtning leksik-grammatik xususiyatlari
Next articleQanday jinsiy aloqa qilish kerak (uzbek seks +18)