Otning leksik-grammatik xususiyatlari

0

Predmetning nomini (keng ma’noda) bildiruvchi mustaqil so‘z turkumiga ot deyiladi. Ot so‘z turkumiga oid so‘zlar kim? nima? kimlar? nimalar? savollaridan biriga javob beradi: o‘qituvchi, xonanda, tilshunos – kim?, er, suv, tuz, non – nima? kabi.

Keng ma’noda predmet ma’nosini ifodalash otning leksik xususiyatidir. Predmetlik ma’nosini tirik mavjudotlar (parranda, qush, chumoli kabi), er va osmonga oid narsalarning nomi (quyosh, oy, tog‘ , tosh, daryo kabi), kundalik turmushga oid narsalarning nomi (tuz, non, choynak, qatiq kabi), o‘simliklarning nomi (paxta, sholi, jo‘xori, beda kabi), voqea-hodisa, belgi, xususiyat va munosabatlarning nomi (to‘y, anjuman, majlis, shodlik, ishonch, kurash kabi), o‘rin va vaqt nomlari (yoz, kuz, pastlik, tepalik kabi), shuningdek atab qo‘yilgan shaxs va predmet nomlari (Toshkent, Zulfiya, Sirdaryo, «O‘qituvchi» nashriyoti kabi) ifoda etadi.

Ot shu ma’no xususiyati jihatidan ikki turga bo‘linadi: turdosh otlar va atoqli otlar. Kitob, daftar, tinchlik – turdosh otlar; Samarqand, Akmal, «Qora ko‘zlar» (roman), «Fan» (nashriyot) – atoqli otlar.

Ot o‘ziga xos morfologik xususiyatlarga ega, ya’ni:

1) Ot son kategoriyasiga ega, ya’ni predmet anglatuvchi so‘zlar birlik va ko‘plik sonda qo‘llanadi. Otlar birlik sonda yakka bir predmetni ifodalaydi: daraxt – yakka bir predmet, birlik son shaklida kelgan; daraxtlar – noaniq ko‘plik son shaklida kelgan;

2) ot egalik kategoriyasiga ega, ya’ni predmetning uch shaxsdan biriga (so‘zlovchi, tinglovchi, o‘zga shaxsga) taalluqliligini, qarashliligini, maksubligini bildiradi: mening daftarim, sening ukang, uning quvonchi kabi;

3) ot kelishik kategoriyasiga ega. Otlar oltita kelishik ma’nosiga ega bo‘lib, bu kelishik shakllari otning boshqa so‘zlarga bo‘lgan sintaktik munosabatini ifodalaydi (Barnoning kitobi, kitobni o‘qidi, kitobdan foydalandi kabi);

Ot o‘ziga xos sintaktik belgilarga ham ega:

1) ot ot bilan bog‘lanadi. Bosh va qaratqich kelishigidagi otlar ana shunday xususiyatga ega: paxta g‘ururimiz, farzandning baxti kabi;

2) ot fe’l bilan bog‘lanadi, ya’ni tushum, jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kelishigidagi otlar fe’l bilan birikadi: xatni o‘qidi, xatga qaradi, xatda yozilgan, xatdan ko‘chirdi kabi;

3) ot ba’zan sifat, ravish, son, olmosh, taqlid va undov so‘zlar bilan ham birika oladi: osmon tiniq, uylar ko‘p, beshta bola, maqsadim shu, dupur-dupur ovoz, holiga voy kabi;

4) bosh kelishik shaklidagi ot gapda asosan, ega va kesim, ba’zan sifatlovchi-aniqlovchi, izohlovchi kabi gap bo‘laklari vazifasida, shuningdek, undalma, nominativ gap tarzida keladi. Masalan: O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat (I.Karimov). Olim kishi o‘zining ilmi va odobiga tayanadi. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). Seni ulug‘layman, ey ona xalqim (A.O.) Subhidam. Quyosh yotog‘idan bosh ko‘tardi (P.Q.);

5) Qaratqich kelishigidagi ot qaratuvchi-aniqlovchi vazifasida keladi: Sen Pushkinning sevgan malagi (A.O.);

6) tushum, jo‘nalish, o‘rin-payt va chiqish kelishigi shaklidagi otlar to‘ldiruvchi, hol, ba’zan kesim vazifasini bajaradi. Masalan: Bayramni munosib mehnat tortiqlari bilan nishonlashdi (S.A.). Bog‘ chada daraxtlar oltin rang bilan tovlanardi (O.). Oltin o‘tda bilinadi, odam mehnatda. (Maqol).

Demak, otning qanday sintaktik vazifada kelishi uning qaysi kelishik shaklida kelishi bilan bog‘liqdir.

Shuningdek, ot so‘z turkumi so‘z yasalish xususiyatiga ega. Ot so‘z turkumi faol so‘z yasalish usullari morfologik, sintaktik va faqat ot so‘z turkumi yasaydigan abbreviatsiya usuli bilan yasaladi: xizmatchi, kulgi, taroq, gulzor, sevinch (morfologik usul bilan); belbog‘ , ko‘zoynak, baxt-saodat, ota-ona (sintaktik usul); DAN, ToshDPU (abbreviatsiya usuli bilan) kabi.

Otlarda modal shakl yasalishi ham mavjud. Otlarda modal ma’no otning leksik ma’nosiga kengaytirish, erkalash, hurmat, kuchaytirish, gumon, noaniqlik, kesatiq, ta’kid, umumlashtirish kabi qo‘shimcha ma’nolarni qo‘shish bilan hosil qilinadi: qizcha, qo‘zichoq, bo‘taloq, bolagina, Karimjon, Ra’noxon, un-pun, non-pon kabi.

Previous articleOperatsion tizim tushunchasi. Drayverlar haqida tushuncha
Next articleOtlarning ma’no turlari