Samarqanddagi eng qadimiy masjid. Самарқанддаги энг қадимий масжид. Самарканддаги энг кадимий масжид.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Hazrati Xizr masjidi qadimiy Samarqand zaminida qurilgan birinchi masjid ekan. Ko‘p yillar davomida qarovsiz qolib ketgani uchun ancha nurab, to‘kilib qolgan bu ko‘hna va noyob yodgorlik davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan tubdan qayta ta’mirlanib, obod etildi.

Ish jarayonida mutaxassislar masjidning ba’zi bir eski ustunlarini almashtirishni taklif etdilar. Yurtboshimiz bu masalaga katta qiziqish bilan qarab, ana shu ustunlarni maxsus o‘rganib chiqadi. So‘ngra ustunlarning naqsh va bezaklari milliy hunarmandchilik an’analarimizga mos emasligiga, ko‘proq Tunis yoki Marokash davlatlarida shakllangan uslubni eslatishiga e’tibor qaratib, ularni yangidan ishlash haqida topshiriq beradi. Shu tariqa qo‘qonlik ustalar masjidning ustunlarini milliy me’morlik an’analarimiz uslubida ishlab, yangidan joyiga o‘rnatdilar. Bu esa ushbu qadimiy majmuaga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishladi.

Mamlakatimizda Termiz shahridagi Hakim Termiziy, Buxoro zaminidagi Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband, Samarqanddagi Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Marg‘ilondagi Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi ko‘plab buyuk qadamjolar bor. Ular yurtimizning turli shahar va qishloqlaridan, chet ellardan tashrif buyuradigan insonlar uchun qutlug‘ ziyoratgoh hisoblanadi. Yurtboshimiz lslom Karimov «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida bu tabarruk maskanlar haqida alohida to‘xtalib, quyidagi fikrlarni ta’kidlaydi:
«Xalqimiz hayotida chuqur iz qoldirgan, bugungi kunda tom ma’noda muqaddas ziyoratgohlarga aylangan bunday majmualar ma’naviy olamimizni yuksaltirishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shiladi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi»[1].
Haqiqatan ham, bu qadamjolar diyorimiz zamini, ajdodlarimizning xotirasi naqadar muqaddas ekanidan dalolat berib, bizni bu yurtni sevib-ardoqlab yashashga, ulug‘ bobokalonlarimiz an’analariga munosib bo‘lishga da’vat etadi.
[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 156-bet.
Savol va topshiriqlar:
- Qanday joylarni qutlug‘ qadamjolar deymiz?
- Sizning shahringiz yoki viloyatingizda ham shunday maskanlarbormi?











