She’r vaznlari (adabiyot)

0

Шеър вазнлари (адабиёт). She’r vaznlari (adabiyot).


Shoirning fi kri va ichki kechinmalari ifodasi bo‘lib, ma’lum bir tartibga solingan ritmik nutq she’r deb ataladi. Ijodkorning qalbida ma’lum bir voqea-hodisaga nisbatan paydo bo‘lgan munosabat ichki kechinma deyiladi va uning o‘lchamli nutq holida bayon etilishi natijasida she’r paydo bo‘ladi.

Adabiyotshunoslik ilmida nutqning bu tarzda qolipga, o‘lchamga solinishi vazn yoki she’riy tizim deb ataladi. She’r tizimlari mana shu qolipga solingan nutqqa nimaning asos sifatida olinayotganiga qarab bir-biridan farq qiladi. She’riyatimizda asosan uchta: barmoq, aruz va erkin vaznlar qo‘llanib kelingan. O‘zbek she’riyatida eng ko‘p o‘rin egallaydigan barmoq deb atalgan she’r tizi mida misralar dagi bo‘g‘inlar miqdori asosiy o‘lchov hisob lanadi.

Barmoq she’r tizimida misralarda bo‘g‘inlar soni bir xil miqdorda takrorlanadi va bir xil guruhlanadi, biroq bo‘g‘inlarning sifati, ya’ni ochiq-yopiqligi, uzun-qisqaligi muhim sanalmaydi. O‘zbek she’riyatiga arab va fors she’riyatidan kirib kelgan aruz deb nomlangan tizimda esa misralardagi hijolarning qat’iy miqdori va guruhlanishidan tashqari sifati, ya’ni qisqa, cho‘ziq va o‘ta cho‘ziqligi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Hozirgi o‘zbek she’riyatiga xos vaznlardan yana biri erki n she’r tizimi deb ataladi. Erkin vaznda bir o‘lchamdan boshqasiga erkin o‘tib ketilaveradi. Unda na bo‘g‘inlar va na turoqlar sonining bir xilligiga rioya qilinadi.

Barmoq she’r tizimida ikki xil vazn bor: sodda vazn, qo‘shma vazn. Agar she’rning boshidan oxirigacha misralardagi bo‘g‘inlar miqdori bir xil bo‘lsa, sodda vazn deyiladi. Masalan:

Qani, ayt, maqsading nimadir sening? – 11 bo‘g‘in
Nega tilkalaysan bag‘rimni, ohang? – 11 bo‘g‘in
Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim, – 11 bo‘g‘in
Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am? – 11 bo‘g‘in

Misralardagi bo‘g‘inlar miqdori ikki xil ko‘rinishda bo‘lsa, qo‘shma vazn deb ataladi. Qo‘shma vaznda bo‘g‘inlar miqdori bir xil bo‘lmagan misralarning muayyan tartibi she’r oxirigacha qat’iy saqlanadi. Masalan, Mirtemirning

Alisherga alla aytib uxlatgan – 11 bo‘g‘in
Sen – ona.    – 3 bo‘g‘in
Og‘ushida Bobur kamolga yetgan   – 11 bo‘g‘in
Sen – ona,    – 3 bo‘g‘in

misralari bilan boshlanuvchi she’rida barcha toq misralardagi bo‘g‘inlar miqdori bir xil va barcha juft misralardagi bo‘g‘inlar miqdori boshqacha xil ko‘rinishga ega. E.Vohidovning «Majnuntol» she’rini ham qo‘shma vaznga misol qilish mumkin:

Qubbon[1] sohilida qomating bukib, – 11 bo‘g‘in
Oltin barglaringni ko‘l uzra to‘kib, – 11 bo‘g‘in
Nimalar haqida surasan xayol,        – 11 bo‘g‘in
 So‘yla, majnuntol?         – 5 bo‘g‘in

Barmoq she’r tizimida misralardagi bo‘g‘inlarning muayyan guruhlarga bo‘linishi turoq deb ataladi. Bo‘g‘inlarning qanday ko‘rinishda turoqlarga bo‘linishi esa she’rning o‘ziga xos ohangini keltirib chiqaradi.

Solishtiring:
4                         5
Garchi shuncha/ mag‘rur tursa ham 4+5=9
Piyolaga/ egilar choynak.               4+5=9
Shunday ekan/ manmanlik nechun, 4+5=9
Kibr-u havo/ nimaga kerak?          4+5=9

yoki

6        5
Tuproq ko‘chalardan/ chopgan bolalik     6+5=11
Yillar changi ichra/ asta yo‘qoldi. 6+5=11
Bolalik ketdi-yu/ sho‘x suhbatlarda 6+5=11
Uni kula-kula/ eslamoq qoldi.       6+5=11

She’r vaznlari haqida tushunchaga ega bo‘lish she’r o‘qish va uni tushunishga yordam beradi.


[1] Qubbon – ko‘l nomi.

Previous articleAsqad Muхtоr she’rlari – Асқад Мухтор шеърлари
Next articleMirmuhsin hayoti va ijodi