Shoir bo‘lsang, xabar ber

0

Shoir bo‘lsang, xabar ber. (Turdi shoir bilan aytishuv). Шоир бўлсанг, хабар бер. (Турди шоир билан айтишув).


Maxtumquli:
U nimadir, qizil va ko‘k o‘sadi?
U nimadir, oyog‘i yo‘q bosadi?
U nimadir, yetti daryo kezadi?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:
U ekindir – qizil va ko‘k o‘sadi,
U ilondir – oyog‘i yo‘q bosadi,
U baliqdir – yetti daryo kezadi,
Bizdan salom bo‘lsin, javobimiz shu!

Maxtumquli:
U nimadir, yoqasi bor, yoni yo‘q?
U nimadir, qanoti bor, qoni yo‘q?
U nimadir, odam yutar, joni yo‘q?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:
U kafandir – yoqasi bor, yoni yo‘q,
Kapalakdir – qanoti bor, qoni yo‘q,
Qaro yerdir – odam yutar, joni yo‘q,
Bizdan salom bo‘lsin, javobimiz shu!

Maxtumquli:
U nimadir, darvozasiz qal’adir?
U nimadir, derazasiz binodir?
U nimadir, bir-biridan a’lodir?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:
U ko‘ngildir – darvozasiz qal’adir,
U qabrdir – derazasiz binodir.
U oy-kundir – bir-biridan a’lodir,
Bizdan salom bo‘lsin, javobimiz shu!

Maxtumquli:
U nimadir, yemadilar – to‘ydilar?
U nimadir, qiyomatga qo‘ydilar?
U kim edi, tovonidan so‘ydilar?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:
U diydordir, yemadilar – to‘ydilar,
U namozdir – qiyomatga qo‘ydilar,
Nasimiyni tovonidan so‘ydilar,
Bizdan salom bo‘lsin, javobimiz shu!

Maxtumquli:
U nimadir, yetti o‘lka kezadi?
U nimadir, belin bir zarb ezadi?
U nimadir, odam kabi sezadi?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:
U cho‘pondir – yetti o‘lka kezadi,
U qo‘zidir – belin tayoq ezadi,
Bedov otlar odam kabi sezadi,
Bizdan salom bo‘lsin, javobimiz shu!

Maxtumquli:
U nimadir, tuproq uzra surinmas?
U nimadir, odamlarga ko‘rinmas?
U nimadir, hech bir to‘nga burkanmas?
Shoir bo‘lsang, shundan bizga xabar ber!

Turdi shoir:

Eranlardir[1] xor-zor bo‘lib surinmas,
U balodir kelsa, ko‘zga ko‘rinmas,
Yolg‘on gurung hech bir to‘nga burkanmas,
Bizdan salom bo‘lsin, javobimiz shu!

Maxtumquli

[1] Eranlar – Ollohning do‘stlari bo‘lgan avliyo zotlar.


Savol va topshiriqlar:

  1. Aytishuvning ilk bandlaridan borliqdagi tirik mavjudot-larning uzluksiz harakatda ekani ifodasiga diqqat qiling va o‘zingiz ham bir nechta misol keltirib, davom ettiring.
  2. Ikkinchi savol-javobda kafan va odamni yutadigan qora yer sirasida nima uchun kapalak haqida so‘ralayotganligini izohlang.
  3. Shoirlar nima uchun ko‘ngilni darvozasiz qal’aga, qabrni derazasiz binoga o‘xshatib, oy va kunni bir-biridan a’lo deb biladilar?
  4. Odam yemasa-da, to‘yadigan diydorga hayotdan, badiiy asar yoki boshqa san’at asarlaridan misol ayting. Nima uchun namoz qiyomatga qo‘yiladi? Nasimiy taqdirining diydor va namoz tushunchalariga aloqasini aniqlang.
  5. Cho‘pon, qo‘zi, bedov ot to‘g‘risidagi tushunchalarning turkman xalqi hayot tarziga nechog‘liq aloqadorligi borasida mulohaza yuriting.
  6. Nima uchun eranlar (Ollohning do‘sti bo‘lmish avliyo zot-lar) xor-zor bo‘lib surinmaydilar? Yolg‘on gurung hech bir to‘nga burkanmasligini hayotiy misollar bilan asoslang.
Previous articleAdolat yaxshi she’ri
Next articleAbdulla Qodiriy hayoti va ijodi