Iqtisodiyot bilan tanishuv

0

Iqtisodiyotga kirish. Iqtisodiyot bilan tanishuv. Иқтисодиётга кириш. Иқтисодиёт билан танишув.

Iqtisodiyot bilan tanishuv


Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu o‘zgarishlarga bir nechta misollar keltiring.
  2. “… mamlakatimizni taraqqiy toptirish uchun, avvalo, iqtisodiyot so- hasini rivojlantirish kerak deganda nimani tushunasiz? Fikringizni asoslashda yuqoridagi rasmlardan foydalaning.

Biz muttasil o‘zgarib, rivojlanib borayotgan olamda yashamoqdamiz. Atrofga sinchiklab nazar solsangiz, yangi tovarlar va xizmat turlari- ning paydo bo‘layotganligi, odamlarning istak va xohishlari o‘zgarib borayotganligi, ko‘chalar, shahar va qishloqlarning yangicha ko‘rinish olayotganligining guvohi bo‘lasiz. Ushbu yangilanib borayotgan olamda yashar ekansiz, siz ham har bir o‘zgarishga o‘zingizning munosabatin- gizni bildirishingiz, yangi sharoitga moslashib borishingiz zarur bo‘ladi.


Iqtisodiyot jamiyat hayoti sohalaridan eng o‘zgaruvchanidir. Chunki odamlarning yaxshi yashashi uchun zarur shart-sharoitlarni har kuni yaratib borish zarur. Tabiatda tayyor holda non, kiyim-kechak, uy-joy yo‘q. Inson ehtiyoji uchun kerakli, tabiatda tayyor holda uchramaydigan barcha narsalarni o‘zi yaratishga majbur. U shu maqsadda tabiat qo‘ynida iqtisodiyot deb atalmish ulkan xo‘jalikni barpo etdi. Endilikda iqtisodiyot xo‘jalik yuritish tizimi sifatida — insonning yashashi va kamol topishi- ning birdan bir vositasiga aylangan.

Iqtisodiyotning eng asosiy tarkibiy qismi — odamlardir. Odam o‘z mehnati, aql-idroki evaziga iqtisodiyotni harakatga keltiradi, boshqaradi. Iqtisodiyotning ikkinchi tarkibiy qismi — tabiatdir. Tabiat iqtisodiyotning xom ashyo ombori hisoblanadi. Iqtisodiyotning uchinchi bo‘lagi — bino va inshootlar, zavod va fabrikalar, yo‘l va ko‘priklar, asbob-uskunalar, mashina va mexanizmlar hamda boshqa qator inson qo‘li bilan yaratilgan narsalardan tarkib topgan sun’iy muhitdir.

Iqtisodiyot nima?

Iqtisodiyot — odamlarning ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan har xil ne’matlarni ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilish vazifalarini bajarishga yo‘naltirilgan faoliyatlar tizimidir.

Iqtisodiyotning shu uch tarkibiy qismlarining birikishi natijasida iqti- sodiy jarayon vujudga keladi. Iqtisodiy jarayonlar to‘rt bosqichda kechadi. Birinchi bosqichda, inson ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qiladigan ne’matlar, ya’ni tovar va xizmatlar yaratiladi, ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqichda, yaratilgan tovar va xizmatlar taqsimlanadi. Keyingi bosqichda, ular ayirboshlanadi va nihoyat oxirgi bosqichda iste’mol qilinadi.

Iqtisodiyotni yuritish, ya’ni iqtisodiy jarayonlarni boshqarish muammosi bilan odamzot qadimdan tanish bo‘lgan. Yunonistonda ikki ming yil oldin “Ekonomikos” (o‘zbek tilidagi ma’nosi — “uy xo‘jaligini yuritish san’ati”) deb nomlangan iqtisodiyotga oid birinchi kitob Ksenofont to- monidan yozilgan. “Ekonomika” (o‘zbek tilida “iqtisodiyot”) so‘zi shu kitob nomidan kelib chiqqan.

Hozirda iqtisodiyot fani nafaqat birgina uy xo‘jaligini, balki butun bir davlat, hatto dunyo xo‘jaligini yuritish yo‘l-yo‘riqlari haqidagi fan sifatida tushuniladi. Shunday qilib, iqtisodiyot fani odamlarning, korxo- nalarning va hatto butun davlatlarning iqtisodiy ne’matlarni yaratish, taqsimlash va iste’mol qilish jarayonidagi faoliyatini, o‘zaro munosa- batlarini o‘rganadigan fan ekan.


Iqtisodiyot fani nima?

Iqtisodiyot fani — odamlarning iqtisodiy ne’matlarni yaratish jarayonidagi faoliyatini va o‘zaro munosabatlarini o‘rganadigan fan.


Ksenofont (miloddan avvalgi 430 — 356 yillarda yashagan) — grek tarixchi va faylasufi. Ksenofont iqtisodiyot faniga oid bir nechta asarlar yozgan.

Ksenofont iqtisodiy tafakkur tarixiga meh- nat taqsimotining ahamiyatini, uning bozor o‘lchamlariga bog‘liq ekanligini, tovarning qiymati uning nafliligiga va almashuvchan- ligiga bog‘liq ekanligini, pulning jamg‘arish mumkin bo‘lgan maxsus tovar ekanligini bi- rinchi bo‘lib ta’kidlagan shaxs sifatida kirgan.


Zamonaviy iqtisodiyot fani mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot deb nomlangan bo‘limlarga bo‘linadi. Mikroiqtisodiyot — alohida olingan oila, korxona va tarmoq iqtisodiyotini o‘rganadi. Makroiqtisodiyot esa mamlakat va jahon miqyosidagi iqtisodiyotni o‘rganadi. Biz iqtisodiyot fani bilan tanishuvni uning mikroiqtisodiyot qismidan boshlaymiz.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan olamshumul islohotlarning katta qismi iqtisodiyot sohasiga taalluqlidir.Iqtisodiyot sohasini keskin ravishda erkinlashtirish, davlatning iqtisodiy faoliyatga aralashuvini qisqartirish, har bir shaxsning iqtisodiy faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi mana shu islohotlarning nati- jasidir. Bu islohotlar mamlakatimiz iqtisodiyotini jahon iqtisodiyotiga uyg‘unlashtirishni ham nazarda tutadi.Natijada vatanimiz rivojlanishning tamoman yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.

Bunday tub o‘zgarishlar iqtisodiy munosabatlarning murakkablashu- viga olib kelishi tabiiy, albatta. Bundan bir necha yil oldin innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, blokcheyn, kriptovaluta, klaster kabi iqtisodiy atamalar qulog‘imizga chalinsa, bu bizga dahli yo‘q, faqatgina chet el iqtisodiyotiga taalluqli atamalar deb qabul qilinar edi. Bugungi kunga kelib esa shu va shunga o‘xshash murakkab atamalar va tushunchalar- ning mohiyatini anglash va ularni hayotga tatbiq qilish siz kabi ertangi kun kadrlari uchun o‘ta dolzarb vazifaga aylanib qolmoqda.Siz kelajakda qanday kasb egasi bolmang xoh tadbirkor bo‘lasizmi, xoh shifokor yoki o‘qituvchi, xoh rahbarlik lavozimida ishlaysizmi, yoki oddiy xizmatchi bo‘lasizmi iqtisodiy ta’limni mukammal o‘zlashtirishga majbursiz. Chunki iqtisodiy tafakkur sizning kelajakdagi farovon hayotingizga zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizning har bir fuqarosi, jamiyatimizning har bir a’zosining farovonligi o‘z navbatida butun mamlakatimizning, jamiyati- mizning rivojlangan davlatlar safidan joy olishiga olib keladi.

Aziz o‘quvchi!

Yuqorida aytilganlardan iqtisodiy bilimlarning asoslarini o‘rganishingiz, o‘zingizda iqtisodiy tafakkurni tarkib toptirishingiz, iqtisodiy madaniyatni shakllantirishingiz nechog‘lik zarurligini his qilgan bo‘lsangiz kerak.

Siz fanni o‘zlashtirish mobaynida kitobdagi nazariy materiallarni o‘zlashtirish bilan qanoatlanib qolmang. Har bir o‘zlashtirilgan bobni atrofingizdagi iqtisodiy voqelik bilan uyg‘unlikda o‘rganishga harakat qiling.

Imkoniyat topilishi bilanoq turli iqtisodiyot obyektlariga boring, u joydagi faoliyat bilan jonli ravishda tanishing, o‘rganing, o‘z amaliy kompetensiyalaringizni shakllantiring.


Buni yodda tuting!

  • Iqtisodiyot — insonning yashashi va kamol topishining birdanbir vositasi.
  • Iqtisodiyotning tarkibiy qismlari: tabiat, odamlar va odamlar tomonidan yaratilgan barcha narsalar.
  • Iqtisodiy jarayon bosqichlari: ishlab chiqarish, taqsimot, ayirboshlash va iste’mol.
  • Mikroiqtisodiyot va makroiqtisodiyot — iqtisodiyot fanining bo‘limlaridir.
  • Iqtisodiy ta’lim — kelajakdagi farovon hayotingiz kalitidir.


Bilimingizni sinab ko‘ring!

  1. Iqtisodiyot xo‘jalik yuritish tizimi sifatida nimalardan tarkib topgan?
  2. Iqtisodiyot fanining kelib chiqishi haqida qisqacha so‘zlab bering.
  3. Iqtisodiy jarayon bosqichlarini sanang va biror misol asosida ularni izohlang.
  4. Har bir fuqaro uchun iqtisodiyotni o‘rganish hayotiy zarurat ekanligini uchta dalil yordamida asoslang.
  5. Kundalik turmushda iqtisodiy bilimlar qachon va qanday vaziyatlarda kerak bo‘ladi?
  6. Iqtisodiyot fani nimani o‘rganadi?
  7. Iqtisodiyot qanday qismlardan tashkil topgan?
Previous articleNeobuddizm. Buddaviylik yo‘nalishlari
Next articleIqtisodiyot nima? Iqtisodiyot fani nima?