Yangi va eng yangi davr falsafasi (referat)

0

Yangi va eng yangi davr falsafasi

Reja:

  1. Kirish
  2. XVI asr oxiri va XVII asrda G‘arbiy yevropada falsafiy fikrning rivojlanishi.
  3. Fransuz ma’rifatparvarlari va ularning ta’limotlari.
  4. XVI-XX asr boshlarigacha O‘rta Osiyoda ijtimoiy-axloqiy, falsafiy qarashlar.
  5. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati.

 KIRISH

G‘arb falsafasida yangi zamondan boshlab sifat jihatidan bir biridan farq qiladigan ikkita davr: klassik (yangi davr falsafasi) va postklassik (hozirgi zamon falsafasi) farq qilinadigan bo‘ldi. Bu davrlar falsafiy ta’limotlari o‘zlarining kelib chiqishi bo‘yicha yagona asosga ega bo‘lgani va o‘zaro bog‘liq tarzda rivojlangani holda, maqsadi va ideallari, falsafiy tafakkur tarzi bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklarga ega. Klassik falsafaning xronologik chegaralari XVII – XIX asrning birinchi uchligidan iborat.U Bekondan boshlanib, Gegel bilan yakunlandi va uning muhim xususiyatlari quyidagilardan iborat:

  1. Prinsipial, qat’iy ratsionalizm. Aynan ana shu xususiyati bilan antik davr kosmotsentrizmi, o‘rta asr teotsentrizmi, uyg‘onish davri antropotsentrizmidan farq qiladi. Fikrlovchi individ, uning aqlining muqaddaslashtirilishi, borliqning etaloniga aylantirilishi klassik ratsionalizmning mohiyatini tashkil etadi.
  2. Epistemologik optimizm, insonning bilish qobiliyatiga nisbatan cheksiz ishonch. Bilib bo‘lmaydigan narsalar yo‘q, hatto xudoni ham bilish mumkin, haqiqatga to‘la hajmda erishsa bo‘ladi, degan fikr ana shu optimizmning asosida yotadi.
  3. Progress g‘oyasining asoslanishi. Bu g‘oyaga muvofiq aql-zakovatga ega inson ijtimoiy hayotni o‘z maqsadlarini tashkillashtirish va shu asosda baxt-saodatga erishishga qodir. Tarix insonparvarlik, adolat, erkinlik sari harakatlanadi; bu ayniqsa XVIII asr fransuz ma’rifatparvarlari ijodida yaqqol ifodalangan.
  4. O‘z-o‘zini anglash g‘oyasining ilgari surilishi. Bu g‘oyaga muvofiq, inson aql kuchi ila o‘z mohiyatini, borliqda tutgan o‘rnini tushunib yetadi, (nemis mumtoz falsafasida bu markaziy falsafiy masalalardan biri sifatida tahlil etiladi).

Gollandiyada (1566-I609) va Angliyada (I640-I688) bo‘lib o‘tgan ilk burjua revolyusiyalari, ularning G‘arbiy yevropa mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy va mafkuraviy jihatdan taraqqiy etishiga ko‘rsatgan ta’siri yangi davrning muhim voqealari hisoblanadi. Shuni aytish kerakki, yirik mashinali ishlab chiqarish fan va texnikaning taraqqiy etishini taqazo qilardi. London va Parijda fanlar akademiyasining tashkil qilinishi, tabiyotshunoslik va matematikaning tez sur’atlar bilan rivojlana borishi, mukammal soatlar va tegirmonlarning yaratilishi va shu kabilar davr amaliy ehtiyojini qondirishga qaratilgan javob bo‘ldi. Tabiyotshunoslik bilan uzviy aloqada, o‘rta asr sxolastikasiga qarshi keskin kurash jarayonida yangi davr falsafasi shakllandi. Bu falsafa mexanistik va metafizik xarakterga ega ekanligi bilan ajralib turadi, o‘zida davr bilishi xususiyatlarini ifoda qiladi. Kepler va Galileyning kashfiyotlari, Nyuton tomonidan mexanikaning asosiy qonunlari va prinsiplarining yaratilgani, mexanikaning nazariy fan sifatida to‘liq shakllanishiga, mexanitsizmning esa, ilmiy bilish va falsafada hukmron dunyoqarash va metodologiyaga aylanishiga olib keldi.Tabiat hodisalarini tushuntirishda mexanika qonunlarning mutloqlashtirilishi, tarixiy yondashishning yo‘qligi eksperimentlar qo‘yish, faktlar to‘plash bilan ovora bo‘lib, predmetlar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni e’tibordan chetda qoldirishga, o‘z navbatida, tabiyotshunoslik va falsafada metafizik fikr yuritish usulining shakllanishiga va uning keng qo‘llanilishiga sabab bo‘ldi. Ilk burjua revolyusiyalari davrida qator yangi ilm sohalarining vujudga kelganligini, ilmiy va falsafiy tadqiqotlarning bir-biridan aniqroq chegaralana borganligini, falsafada bilish metodi masalasining keng muhokama qilinganini alohida ta’kidlash zarur.

1.XVI asr oxiri va XVII asrda G‘arbiy yevropada falsafiy fikrning rivojlanishi.

XVI asr oxiri va XVII asrda G‘arb falsafasi sifat jihatidan bir biridan farq qiladigan ikkita davr: klassik (yangi davr falsafasi) va postklassik (hozirgi zamon falsafasi) farq qilinadigan bo‘ldi. Bu davrlar falsafiy ta’limotlari o‘zlarining kelib chiqishi bo‘yicha yagona asosga ega bo‘lgani va o‘zaro bog‘liq tarzda rivojlangani holda, maqsadi va ideallari, falsafiy tafakkur tarzi bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklarga ega. Klassik falsafaning xronologik chegaralari XVII – XIX asrning birinchi uchligidan iborat. U Bekondan boshlanib, Gegel bilan yakunlandi.

Ushbu davr buyuk faylasuflaridan biri bu – F.Bekon (I56I-I626)dir. Yangi davr fani va falsafasining asoschisi. Uning dunyoqarashida Angliyada burjua revolyusiyasi arafasida vujudga kelgan vaziyat, xususan dastlabki kapital jamg‘arish bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar, shakllanib kelayotgan yangi ijtimoiy tabaqalarning intilishlari, ularning tabiatni ilmiy asosda bilishdan manfaatdorligi o‘z ifodasini topgan.U sxolastik falsafani chin bilim olish yo‘lidagi g‘ov deb hisoblab, uni keskin tinqid qiladi va fanni isloh qilish lozimligini asoslaydi. Aristotel “Organon”i (mantiqiy asarlar to‘plami) ga qarshi o‘z asarini “Yangi Organon” deb atab, unda yangi sharoitda fanning asosiy vazifalari va metodi masalasini muhokama qiladi. “Bilim-kuch” degan shiorni maydonga tashladi. Uning fikricha, ilmiy bilishning bosh vazifasi – tabiatda sodir bo‘layotgan hodisalarning sabablarini aniqlash va shu asosda kishilar hayotini yaxshilashdir.Bekonning fanni isloh qilish shartlari hahidagi fikrlariga alohida e’tibor berish lozim. Uningcha, fan tajribaga asoslanishi zarur. Bilish jarayoni konkret hodisalarni o‘rganishga, faktlarni to‘plashdan ularni umumlashtirishgacha bo‘lgan yo‘lni bosishi kerak. Shuning uchun ham ilmiy bilishning asosiy mantiqiy usuli induksiya, induktiv metoddir. Shu tariqa Bekon o‘zining induktiv mantiq sistemasini yaratdi. Lekin, shuni ham ta’kidlash kerakki, ingliz faylasufi bilishda deduksiyaning rolini inkor qilgan emas. Xususan, u faktlarga urg‘u berib, ularni yig‘ish bilan ovora bo‘lgan sof empiriklarni kerakmi yoki keraksizmi ekanligini o‘ylab o‘tirmay, barcha narsalarni uyasiga tashiydigan chumolilarga o‘xshatadi.

XVI asr fransuz falsafasi va fanining boshqa bir yorqin vakili – R.Dekart (I596-I650). Uning fikricha, falsafa barcha mavjud bilimlarni o‘zida mujassamlantirib, yaxlit sistema holida mavjud. Bu sistemani u daraxtga qiyos qilib, uning ildizini – metafizika, tanasini – fizika, shoxlarini esa – boshqa barcha fanlar (ular oxir-oqibatda meditsina, mexanika va etikaga borib taqaladi) tashkil qiladi, deydi. Dekart falsafasining asosiy belgisi – jon va tana dualizmidir. Olim fikricha, bir-biridai mustaqil holda 2 ta asos: moddiy (xajm, materiya) va moddiy bo‘lmagan (tafakkur) substansiyalar mavjud bo‘lib, ularning o‘zaro ta’siri inson tabiatini belgilaydi. Dekart fizikasining (tabiat haqidagi ta’limotining) Yangi davr falsafasining taraqqiy etishdagi rolini alohida qayd etish zarur. U fizika, kosmologiya, matematika, masalalarini faqat faylasuf sifatida emas, tabiyotshunos olim sifatida ham tadqiq qilgan.Materiya, Dekart fikricha, bir jinsli bo‘lib, o‘z chegarasiga ega emas; u bo‘shliqda mavjud emas, cheksiz bo‘liniishi mumkin. Harakatni u mexanistik tarzda tushungan, ya’ni jismlarning bir-biriga bergan turtkisi natijasida hosil bo‘ladi, deb hisoblagan. Harakatning oxirgi sababini xudodan qidirgan. Bilish nazariyasida Dekart ratsionalist bo‘lgan, ya’ni aqlni bilishning asosiy vositasi deb hisoblagan. Uning fikricha. Sezgilarimiz va fikr yuritishimizdagi ayrim xatolar mavjud bilimlarga shubha bilan qarashni taqoza qiladi. Bu fikri uchun Dekartni skeptitsizm yoki agnostitsizmda ayblash xato bo‘ladi, albatta. Dekart, Bekon singari, shubhalanishni aniq va chin bilim olishga xizmat qiladigan usul deb hisoblaydi. U quyidagicha mulohaza yuritadi: “Men shubhalanayapman, demak, men fikr yuritayapman”, “Men fikr yuritayotgan ekanman, demak, men mavjudman”. Dekart ilgari surgan bu tezislar, ayniqsa ikkinchisi, uning falsafiy pozitsiyasini tushunish uchun muhimdir. Uning fikricha, inson fikr yuritish orqali o‘zining borlig‘iga ishonadi. Dekart ratsional metodi bilish oldiga bir qancha talablarni qo‘yadi. O‘zining “Metod to‘grisidagi mulohazalar” asarida u quyidagilarni ko‘rsatib o‘tadi:

  • aniq va ravshan bo‘lgan bilimlarnigina chin bilim deb hisoblash;
  • har bir murakkab muammoni qismlarga bo‘lib o‘rganish;
  • ma’lum bo‘lgan va isbotlangan narsalardan noma’lum narsalarga qarab borish;
  • hech bir bo‘g‘inni qoldirmagan holda, muammoni izchil mantiqiy asosda o‘rganish.

Dekart falsafiy dunyoqarashiga umumiy baho berib, uning dualistik xarakterga ega ekanligini hamda falsafiy fikrning keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir o‘tkazganligini aytish lozim.

Ingliz faylasufi Gobbs (1588-1679) Angliyada burjua revolyusiyasi amalga oshirilib, burjuaziya siyosiy jihatdan mustahkam pozitsiyaga ega bo‘lgan davrda yashagan. Burjuaziya bilan yaqinlashib olgan aristokratiya ham mamlakatning ma’naviy hayotida sezilarli rol o‘ynardi. Gobbsning qarashlarida shu davrdagi mamlakatda sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar, burjua davlati va tartiblarini mustahkamlashga bo‘lgan urinishlar o‘z ifodasini topgan.Gobbsning asosiy asarlari: “Fuqaro haqidagi ta’limotning falsafiy elementlari”, “Leviafan”. Gobbs Bekon falsafasini sistemaga solgan mutafakkirdir. Uning ta’limotiga ko‘ra, olam moddiy predmetlar yig‘indisidan iborat. Moddiy bo‘lmagan substansiya yo‘q, barcha harakat va o‘zgarishlarining asosi materiyada. Harakat tashqi turtki natijasida hosil bo‘lali.Gobbs bilishning asosini tajribada deb biladi. Bilish g‘oyalar yordamida amalga oshiriladi. Dekartdan farqli o‘laroq, Gobbs goyalarni tug‘ma emas, balki predmet va hodisalarning ongimizda bevosita aks etishidan iborat deb biladi, ya’ni sensualizm ruhida talqin qiladi. Uning fikricha, faqat g‘oyalarning emas, balki butun bilishimizniig manbaini tashqi sezgilar tashkil qiladi. Predmetlar ta’siri natijasida ongimizda boshlangich g‘oyalar hosil bo‘ladi. Ular, o‘z navbatida, aql tomonidan qayta ishlanib (taqqoslash, qo‘shish, ayirish usullari yordamida), predmetlar haqida bilim hosil qilinadi.Gobbs bilish nazariyasida nominalizm pozitsiyasida turadi. Uningcha, g‘oyalar ayrim faktlarni ifoda qiladi. Umumiy xususiyatlar va aloqalar til orqali aks ettiriladi, ular ob’ektiv xarakterga ega emas. Gobbs falsafasida uning davlat va huquq haqidagi ta’limotining ustun turishiga e’tibor berish ham lozim. “Leviafan” asarida u jamiyat taraqqiyotida 2 ta holatni: tabiiy va fuqarolik holatini farq qiladi. Kishilar dastlab tabiiy holatda yashaganlar va tabiatning o‘z-o‘zini saqlash qonuni asosida hayot kechirganlar. Ular kuch ishlatib, zo‘ravonlik qilib, barcha narsalarni bosib olish xuquqiga ega edilar. Buning natijasida, Gobbs fikricha, odamlar bir-birlari bilan to‘qnasha boshlaydi, hammaning hammaga qarshi urushi holati vujudga keladi. Kishilar tinchlikni istab, o‘zaro kelishishiga, shartnomalar tuzishga, o‘zlarining ba’zi xuquqlaridan voz kechib, shaxsiy irodasini bitta kishi yoki bir guruh kishilar ixtiyoriga berishga majbur bo‘ladilar. Shu tariqa, Gobbs ta’limoticha, davlat va huquq vujudga keladi va jamiyatning fuqarolik holatiga o‘tiladi. Uning fikricha, davlatning zng maqbul va mukammal shakli absolyut monarxiyadir. Din va cherkov, ilmiy va axloqiy qarashlar – barchasi davlat hokimiyatining ixtiyoriga bo‘ysungan bo‘lishi lozim.Gobbsning jamiyat haqidagi qarashlari, ayniqsa davlatni, uning kelib chiqishini tabiiy asosda tushuntirishi shu davr uchun progressiv hodisa edi. Gobbsning ijtimoiy-siyosiy va psixologik qarashlari fan va falsafaning keyingi taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Jon Lokk (I632-I704) ning hayoti va ijodiy faoliyati Angliyada ikkinchi burjua revolyusiyasi va undan keyingi davrda kechgan. Bu revolyusiya ingliz burjuaziyasi va yangi dvoryanlarning siyosiy kelishuvi bilan tugab, uning natijasida feodalizm qoldiqlarini tugatish, kapitalizmni taraqqiy ettirish uchun qulay sharoit vujudga kelgan edi. Lokk liberal burjuaziyaning ideologi bo‘lib, o‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlarida Angliyada revolyusiyadan keyin o‘rnatilgan konstitutsion davlat tuzumini yoqlab chikdi. U XVII asrda keng tarqalgan “tabiiy xuquh” nazariyasini rivojlantirdi. Uning ta’limotiga ko‘ra, tabiiy holatdan grajdanlikka o‘tishga va davlatning vujudga kelishiga sabab, tabiiy holatdagi huquqning mukammal emasligidir. Davlat kishilarning o‘zaro kelishuviga muvofiq vujudga kelgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi – inson erkinligi va mulkchilikni himoya qilishdan iborat.Asosiy falsafiy asari “Inson aqli to‘grisida tajriba” bo‘lib, unda Lokk Bekon va Gobbsning bilish haqida ilgari surgan prinsiplarini rivojlantiradi, bilimlar va g‘oyalarning tajribadan kelib chiqishini asoslaydi. Bilish nazariyasida u sensualistik pozitsiyada turadi.Lokk tajribaning 2 ta turini: ichki va tashqi tajribaning mavjudligini aytadi. Tashqi tajriba predmet va hodisalarning inson sezgi organlariga ta’sir qilishidan iborat bo‘lib, uning natijasida sezgi g‘oyalari hosil bo‘ladi. Bu g‘oyalar aql tomonidan qayta ishlanib, murakkab g‘oyalar, tushunchalar hosil bo‘ladi (masalan, go‘zallik, do‘st, butun olam g‘oyalari va shu kabilar). Ichki tajriba (refleksiya) insonning ichki dunyosini, ruhiy kechinmalarini bilishga qaratilgan. Bu tajribani talqin qilishda Lokk insonning tashqi olam bilan bo‘lgan o‘zaro ta’sirini hisobga olmaydi.Tashqi tajriba asosida sezgi g‘oyalari orqali inson predmetlarning sifatini biladi. Ularni Lokk birlamchi va ikkilamchi sifatlarga bo‘ladi. Birlamchi sifatlar (fazo, zichlik, harakat, son, figura kabilar) sezgilarimizda qanday bo‘lsa, predmetlarda ham shunday, ya’ni ular predmetlarning real xususiyatlaridir. Ikkilamchi sifatlar esa (rang, tovush, ta’m va shu kabilar) predmetlarga xos emas, ular sub’ektiv xarakterga ega.Lokk metafizik metodni yaratishda sezilarli rol o‘ynagan. Bekon bilan birgalikda bu metodni tabiyotshunoslikdan falsafa sohasiga olib o‘tgan.

Bulardan tashqari ushbu davrda Jon Toland (I670-I722), Spinoza. (I632-I677), Leybnits (I646-I7I6), Jorj Berkli (1685-1753) va David Yum (1711-1776) kabi buyuk faylasuflar o’z faoliyatlarini olib borganlar.

2.Fransuz ma’rifatparvarlari va ularning ta’limotlari.

Yangi davr falsafiy fikrining muhim yo‘nalishlaridan birini ma’rifatchilik falsafasi tashkil etadi. U G‘arbiy yevropaning ilg‘or mamlakatlarida, xususan Fransiya, Angliya, Germaniyada shakllandi va rivojlandi.Fransuz ma’rifatparvarlarining dunyoqarashi asosan XVII asr fransuz materializmiga asoslangan, jamiyatni tubdan qayta qurish uchun bo‘lgan intilishlarni o‘zida mujassamlashtiruvchi ijtimoiy qarashlar majmuasidan iborat bo‘lgan falsafiy ta’limotdir.O‘sha paytda yevropa ijtimoiy muhitida keskin burilishlar davri boshlangan edi. Bu bir tomondan, xristian katolik cherkovining jamiyat ustidan hukmronligini yo‘qotgan; ikkinchi tomondan esa, xristian cherkovi mafkurasining o‘rnini egallashi kerak bo‘lgan, ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan izchil ta’limotning shakllanib yetilmagan davriga to‘g‘ri keladi. Jamiyatning ilg‘or ziyolilari oldida jamiyatni qanday qilib aqlga muvofiq tarzda qayta ko‘rsa bo‘ladi?, degan savol ko‘ndalang turgan edi. Bunga ular jamiyatning barcha a’zolarini dunyoviy fanlarni o‘qitish orqali erishish mumkin, degan javob berishdilar. Ma’rifatparvarlar fikricha, qurilishi zarur bo‘lgan jamiyat: 1) dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan borishi kerak; 2) davlat ko‘pchilik fuqarolarning xohish-irodasini qonunlashtirib, uni amalga oshiruvchi siyosiy tashkilot bo‘lishi kerak; 3) davlatni dindan, maktabni cherkovdan ajratish prinsiplariga amal qilinishi kerak; 4) jamiyatning bosh tamoyili gumanizm g‘oyalariga mos kelishi kerak edi.Ularning falsafiy ta’limoti bo‘yicha inson – tabiatning bir bo‘lagi. Tabiat o‘z-holicha yashaydi, ya’ni uni hyech kim yaratmagan va uni hyech qanday qudrat yo‘q qila olmaydi.Materiya – tabiatning qurilish materialidir. Tabiatda uning ichki qonuniyati hukmronlik qiladi. Tabiat mexaniq harakat qonunlariga muvofiq harakat qiladi va rivojlanadi. Inson tabiatning mahsuli bo‘la turib, moddiy bo‘lmagan ruh bilan materiyani o‘zida jo qilishi mumkin emas. U to‘la moddiy va tabiat qonunlariga muvofiq harakat qiladi va faoliyat ko‘rsatadi. Insonda moddiy xususiyatlarga hos his qilish qobiliyati mavjud bo‘lib, u tabiatning qolgan qismi bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishini, hayotda o‘z o‘rnini topishini ta’minlaydi. Aql xissiyot bilan aynanlashtiriladi (Gelvetsiy) yoki umumiy his qilish jarayoni (Didro) sifatida namoyon bo‘ladi, deb ta’kidlanadi.Inson o‘zi erishgan yutuqlarni saqlab qolish uchun azob-uqubatdan qochishi, lazzat va roxatga intilishi zarur– bu tabiatning umumiy qonuniyatidir, deyiladi.Xristian mafkurasida ta’lim berilganidek inson tabiatan yomon yoki yaxshi bo‘lib tug‘ilmaydi. Insondagi barcha yaxshi yoki yomon xislatlar ijtimoiy muhit ta’siri ostida va bevosita tarbiyaning natijasi ularoq shakllanadi, deb qayd qilinadi. Ularning mafkurasiga muvofiq to‘g‘pi tarbiya topgan kishi a) ma’rifatli, b) me’yor darajasida xudbin bo‘lishi kerak. Unday kishilarda «Yashashni bil, o‘zgalarga ham yashashga imkon ber» tamoyil amal qiladi.Demak, bu tamoyillarga amal qilgan holda, barcha xalqlar va elatlar, ijtimoiy tabaqalar, qatlamlar, umuman barcha fuqarolarning xuquqiy tengligini ta’minlaydigan tuzum barpo qilishga intilib yashash kerak. Ana shunday jamiyatgina har bir fuqaro uchun kam miqdordagi azob uqubat va kerakli darajadagi poxat-farog‘atda yashashni ta’minlashi mumkin. Kishini yaxshi yoki yomon odam qilib tarbiyalash mumkin, deb hisoblaydi Gelvetsiy. Yana bir ma’rifatparvar D.Didro (1713-1784) esa kishida tug‘ma ravishda boshqalarga yordamga intilish mavjud bo‘ladi, o‘z navbatida, bu intilish pirovardida o‘ziga foyda olib keladi, deb hisoblaydi. Didro ta’limoti bo‘yicha, inson tabiatan yaxshi bo‘lib tug‘iladi. Tarbiya faqat yaxshi bo‘lishga tabiiy moyillik prinsipini jamiyat uchun yaxshi odam qilib shakllantirishi mumkin.Fransuz ma’rifatparvarlarining ijtimoiy-siyosiy, falsafiy qarashlari XIX, XX asrda dunyoviy taraqqiyot yo‘lini tanlagan qator mamlakatlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Fransuz ma’rifatarvarlarining o‘lmas ta’limoti dunyoning gumanizm va dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan borib, demokratik tuzumning g‘alaba qilishida g‘oyaviy-nazariy asos bo‘lib xizmat qildi. Bu ma’rifatparvarlarning falsafiy-ijtimoiy qarashlari asosida Butun jahon inson huquqlari deklaratsiyasi BMTda (1948) qabul qilindi. Ezgulikka yo‘g‘pilgan ma’rifat – ijtimoiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi, adolatli, erkin, farovon hayotni ta’minlab beruvchi kuch ekanligi va yer yuzida, Zardusht bashorat qilganidek, ezgulikning qabohat ustidan g‘alaba qozonishini ta’minlab bera oladigan yagona ilinj ekanligini insoniyatga sistemali bayon qilib bergan kishilar fransuz ma’rifatparvarlar edilar.

3.XVI-XX asr boshlarigacha O‘rta Osiyoda ijtimoiy-axloqiy, falsafiy qarashlar.

Odatda, sharq uyg‘onish davrining ikkinchi bosqichi sifatida qayd qilinadigan Temur va temuriylar davri ham mamlakatimiz va mintaqamiz tarixiy taraqqiyotida juda katta iz qoldirgan, insoniyat takdirida burilish yasagan ijtimoiy-siyosiy hodisalarga boy davr hisoblanadi. Ana shu buyuk siymolar zamoni ham Bahovuddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Vali, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Kushchi kabi yuzlab olimu fuzalolarni yetkazib bergan edi.

XVI asrdan boshlab O‘rta Osiyoda Xiva xonligi, Buxoro amirligi va keyinchalik – XVIII asrning oxirlaridan boshlab – Qo‘qon xonliklari tashkil topdi. Dunyoning boshqa mintaqalari bilan savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarning sustlashuvi, ortodoksal islomning jamiyatda to‘la hukmpon mafkuraga aylantirilishi, feodal tarqoqlik va ichki nizolarning avj olishi va boshqa sabablar tufayli mintaqa davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy soxalarda tanazzulga yuz tuta boshladi. Bu inqirozning boshqa sabablaridan biri sifatida jahon miqyosida sodir bo‘lgan katta o‘zgarishlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Xususan, jahon mintaqalari orasida savdo yo‘llarida tuya karvonlari o‘pniga dengiz(okean) kemalari kelib, ular hal qiluvchi ahmiyat kasb eta boshladi. Oqibatda Buyuk ipak yo‘li ustida joylashgan shaharlar, mamlakatlar endilikda juda katta foyda manbasidan ajrala boshladi. Undan tashqari, O‘rta Osiyo jahon mintaqalarida kechayotgan yangiliklar, kashfiyotlar, ma’naviy-madaniy munosabatlarda tobora qoloqlikka yuz tuta boshladi.Ijtimoiy-iqtisodiy tanazzul siyosiy tanglikni, ma’naviyatda turgunlikni keltirib chiqaradi. Bunday holat esa muqarrar ravishda kishilar o‘ptasidagi axloqiy munosabatlarning buzilishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Ana shunday sharoitda jamiyatning barcha sohalarini nazorat qiladigan, jamiyatdagi inqirozning yanada chuqurlashib ketishining oldini oladigan kuchli hukmron mafkuraga ko‘ppoq ehtiyoj sezila boshladi. Ana shunday hukmpon mavqyeni egallay olishi mumkin bo‘lgan dunyoqarash mavjud islom mafkurasi edi. Buxoro, Xiva madrasalarida XVI asrdan boshlab temuriylar davrida an’anaga aylangan dunyoviy fanlarni o‘qitishga chek qo‘yildi. Endilikda, davlat shariat qonun-qoidalari asosidagina jamiyat oldidagi o‘z vazifasini uddalashga yo‘nalish ola boshladi.Bu hol muqarrar tarzda o‘sha davr ijtimoiy fikrlariga, adabiyot, san’at va ma’naviyatning turli sohalariga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmasdi. Qariyb to‘rt yuz yillik turg‘unlik o‘sha davr falsafiy tafakkurida aks etgan edi. Faqatgina XVIII asr oxirlariga kelib xonliklar va amirlik markazlarida badiiy hamda tarixiy vokelikni aks ettiradigan tarixiy-adabiy muhit shakllana boshladi.

Muhammad Sharif al-Buxoriy (1697 yilda Buxoroda vafot etgan). Bizgacha uning 20 ta asari yetib kelgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligini falsafiy masalalar, xususan mantiq, kalom, ahloq-odob masalalariga bag‘ishlangan. “Xoshiya–i mavlaviy sharif bir sharhi taqzib” (“Mantiq va kalomning tuzatilishi”) asarida mantiqan to‘g‘ri fikrlash shakllari, qonun-qoidalari, argumentlash tartibi va usullarini o‘rganish, kalom mohiyatini tushunib yetish zarurligi asosli ravishda bayon qilinadi.Muallifning ahloq-odob masalalariga bag‘ishlangan “Kitobi favondi hoqoniy” asarida muhim ahloqiy fazilatlarning mazmun-mohiyati tushuntiriladi. Xususan, unda podshohlik qilish uchun zarur hislatlar qatoriga shariat ko‘rsatmalarini yaxshi bilish, davlat hududini bosqinchilardan asrash, adolatli, oqil, nutq va eshitish qobiliyatiga ega bo‘lish va shu kabilar kiritiladi[1].

Boborahim Mashrab (1653-1711) o‘zining badiiy merosida o‘sha vaqtda Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida tarqalgan tasavvufning qalandarlik oqimiga e’tiqod qiladi. U jamiyatdagi adolatsizliklarni qoralaydi, kishilarni halol, pok, mehr-shafqatli, sabr-qanoatli bo‘lishga chaqiradi. Iymon, e’tiqodning yuksak ma’naviy qadriyat ekanligini asoslashga urinadi. Xususan, she’rlaridan birida Alloh visoliga intilib yashashni kapalakning shamga intilishiga qiyos qilib, ilohiy haqiqatni anglashning qanchalik muhim ekanligini tushuntiradi[2].

So‘fi Olloyor (XVIII asrning oxirlarida Samarqandda tug‘ilgan deb taxmin qilinadi, vafot etgan yili ham aniq emas). Fors va o‘zbek tillarida she’rlar yozgan. Asarlari islom dini, tasavvuf falsafasining g‘oyalarini tushuntirishga, izohlashga bag‘ishlangan. Xususan, ularda bu dunyoning azob-uqubatlarga to‘la ekanligi, ularga ko‘nikish, sabr-toqatli bo‘lish kerakligi to‘g‘risida fikrlar aks etgan.Shoirning “Maslak ul-mutaqii“ (“Taqvolilar maslagi”) asari diniy amallarni bajarish qoidalariga bag‘ishlangan. Unda Allohning fazilatlari, avliyolarning karomatlari, namoz o‘qish, ro‘za tutish, tug‘ilish va o‘lim bilan bog‘liq marosimlarni o‘tkazish va boshqa amallar to‘g‘risida chuqur fikr-mulohazalar bildirilgan.[3] So‘fi Olloyor asarlaridan o‘z davrida madrasalarda ta’lim jarayonida keng foydalanilgan.Xiva shahrida Abulg‘ozi Bahodirxon tomonidan asos solingan tarixchilik maktabi (XVII asr) XIX asr boshlarida Munis Xorazmiy, keyinchalik Ogahiy, Komil Xorazmiy va Bayoniylar davom ettirgan Xiva adabiy -tarixiy muhiti davrida biroz jonlandi.Shu o‘rinda aytish kerakki, Xorazm (Xiva)da shakllangan adabiy-tarixiy muhitning o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti va umuman turkiy tilning mustaqil adabiy til sifatida shakllanishidagi ahamiyati adabiyotimizda ham o‘zining munosib bahosini topa olgan emas. Buxoroda yaratilgan tarixiy asarlar (masalan, Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asari yoki Qo‘qonda “Tarixi Farg‘ona” va boshqa asarlar) asosan fors tilida ijod qilingan. Qukon adabiy muhitida turkiy va forsiy til teng darajada ardoqlangan bo‘lsa, Buxorodagi adabiy muhitda deyarli forsiy tilda ijod qilinardi.Xorazm (Xiva)da shakllangan adabiy-tarixiy muhit faqat turkiy (o‘zbek) tilidaga ijod natijasi bo‘lib, u o‘zbek tilining hukmronlik mavqyeini yaratgan edi. Undan tashqari, Xiva tarixiy-adabiy muhitida Munis, Ogahiy, Feruz, Komil, Bayoniy, Chokar va boshqa ko‘pgina iqtidorli shoirlar, tarixchilar Xorazm tarixining uzoq o‘tmishidan to o‘z davrlarigacha bo‘lgan voqea va hodisalarini aks ettirgan ko‘p tomlik asarlarini turkiy (o‘zbek) tilda yozdilar. Ular bu bilan cheklanmasdan, Mirxondning “Ravzat us-Safo”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Sa’diyning “Guliston” kabi sharqda juda mashxur bo‘lgan yuzlab asarlarini arab va fors tilidan o‘zbek tiliga o‘girganlar.

Xiva tarixiy-adabiy muhitida XIX asrning yetmishinchi yillarida Erondan uskunalar sotib olib kelinib, Xiva shahrida O‘rta Osiyoda birinchi kitob nashriyotiga asos solindi. Unda ilk nashrdan chiqqan kitob Alisher Navoiyning “Hamsa” asaridir.Xullas, XVI-XIX asrlarda Turkistonda ijtimoiy-axloqiy, diniy, ilmiy, badiiy va falsafiy fikrlar o‘z davri hukmron mafkurasi ta’sirining o‘ta kuchli bo‘lganligi bilan tarixiy rivojlanishning boshqa davrlaridan keskin farq qilib turadi.

O‘rta Osiyo ma’rifatchilik falsafasi. Ma’lumki, O‘rta Osiyo 1853 yildan 1882 yilgacha bo‘lgan davrda Chor Rossiyasi tomonidan bosib olindi. Albatta, mustamlakachilik siyosati xalqimiz boshiga son-sanoqsiz kulfatlar olib kelganini hyech kim inkor eta olmaydi. Oq podsho hukumati o‘lkamizda dunyoviy fanlarni o‘qitadigan maktablar ochib, xalqimizni dunyoviy madaniyat bilan tanishtirishga shoshilmas edilar. Ular o‘lkada o‘rta asrga xos ijtimoiy munosabatlar saqlanib qolishidan ko‘proq manfaatdor bo‘lganlar. Axir, xalqni ma’rifatli qilish bilan bir paytda mustamlakachilik siyosatini davom ettirib bo‘lmasligini aniq bilardilar.XIX asrning 80-yillarida Ismoil Gaspirali (Gasprin-skiy) tomonidan jadidlar harakatiga asos solindi. U Rossiya imperiyasidagi musulmon turkiy xalqlar eski uslubda o‘qitiladigan maktab-madrasa tizimidan voz kechib, yangi (jadid) uslubda (Ovro‘pocha) o‘qitish sistemasiga o‘tish orqali dunyoviy ma’rifatga erishishi mumkin, deb chikdi.Aslida bu g‘oya o‘rta asr sharqida keng tarqalgan bo‘lib unda asosan mamlakat hukmdorlarini ma’rifatli qilish orqali yurtda osoyishtalik, adolatli jamiyatni o‘rnatish mumkin deb hisoblaganlar. Masalan, Alisher Navoiy ma’rifatli shoh Iskandar obrazini yaratib, temuriy shahzodalarni shu ruhda tarbiyalab adolatli jamiyatni qurishni orzu qilgan edi.XVIII asr fransuz ma’rifatparvarlari esa adolatli za-monga barcha fuqarolarni dunyoviy ilmlar bilan ma’rifatli qilish orqali erishish mumkin deb chiqdilar. Ular ma’rifatli shaxs deganda, birinchi navbatda dunyoviy ilmlar bilan qurollangan tafakkurga ega bo‘lish kerakligini e’tiborga olganlar. Ikkinchidan, unday shaxsning o‘z davri ijtimoiy muhiti talablari asosida shakllangan axloq normalariga to‘la rioya qilishini nazarda tutganlar. Uchinchidan esa, ma’rifatli kishi albatta gumanizm ruhida (ya’ni ezgulik ruhida) tarbiya topgan bo‘lishi kerak deb tushunganlar.Bunday qarashlar XVIII asr oxirlari – XIX asrning birinchi yarmida Rossiyada ham keng tarqaldi. Ismoil G‘aspirali hukmdorlarning Rossiya musulmon-turkiy qavmlarni maxsus asoratda saqlash orqali mustamlakachilik siyosatini uzoq davom ettirishga urinayotganligini payqar edi. Bu mustamlakachilik asoratidan qutulib chiqishning yagona yo‘lini jadidchilar xalqni ovro‘pocha jadid uslubida o‘qitib, ma’rifatli qilishda deb hisoblar edi.Ismoil G‘aspirali jadidlar harakatidan ikki maqsadni ko‘zlar edi. Birinchidan, musulmon-turkiy qavmlarni ma’rifatli qilish yo‘li bilan mustamlaka asoratidan qutulishni orzu qilsa, ikkinchidan, Rossiya saltanatidagi barcha turkiy qavmlarni yagona tarixiy birlik (millat) sifatida birlashtirmoqchi bo‘lgan edi. Ana shu maqsadda 1886 yildan boshlab chop etila boshlagan «Tarjumon» gazetasi musulmon-turk qavmlari orasida juda katta e’tibor topgan edi. Gazeta orada katta-katta tanaffuslar bilan bo‘lsada, to 1914 yilgacha nashr etilib turgan edi.Jadidlar harakatidan oldin O‘rta Osiyoda ham ilmma’rifatni targ‘ib qiluvchi shoirlar, ziyolilar mavjud edi. (Masalan, Muqimiy, Axmad Donish, Feruz kabilar.) Lekin ularning intilishlari butun xalqni ma’rifatli qilish uchun ommaviy tus olgan harakatning hukmron mafkurasiga aylanmagan edi.Jadidlar mafkurasi Turkistonda Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni ayovsiz tarzda bostirilgandan so‘ng tez tarqala boshladi. Ayniqsa, 1905-1907 yillarda inqilobiy vaziyatning ta’siri ostida bu harakat Toshkent, Samarqand, Farg‘ona vodiysida keng ommalasha boshladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlarining yorqin namoyandasi edi. U (18791919)ning faoliyati ayniqsa ikki narsaga: o‘rta asrchilikka va Turkistonni boshqarayotgan mustamlakachi hokimiyatga qarshi qaratilgan edi. Behbudiy 1913 yilda «Samarqand» nomli gazetani va shu yili «Oyina» jurnalini ta’sis ettirdi. U 1905 yildan boshlab faoliyat olib borayotgan «Musulmonlar ittifoqi» partiyasi nomidan siyosiy talablar bilan Markaziy hokimiyatga chiqa boshladi. 1914 yilda Davlat Dumasidagi Musulmonlar fraksiyasining majlisida Turkiston o‘lkasi bo‘yicha o‘z mulohazalarini gapirib berish uchun Peterburgga chaqirildi. O‘lkani boshqarishning islohoti bo‘yicha Behbudiy ilgari surgan loyiha asosan tubandagilarni nazarda tutap edi: o‘lkani boshqarishning markazi qilib Toshkent belgilansin; viloyatlarda mahalliy vakillardan tashkil topgan yacheykalar bo‘lishi ko‘zda tutilsin; har bir viloyat yacheykalarida oliy yoki o‘rta malumotga ega bo‘lganlardan to‘rtta vakil saylansin; bo‘lim (yacheyka) raisi dunyoviy ta’lim olgan bo‘lishi shart va h.k. Behbudiy o‘z maqolalarida xalqni dunyoviy bilim olishga chaqirar edi. U endilikda dunyoning taqdirini diniy emas, balki dunyoviy ilmlar hal qilishini bilar edi.Behbudiy qarashlaridan uning islomiy qadriyatlar bilan dunyoviy ilmlarni egallagan mahalliy millat vakillarini shakl-lantirishni orzu qilganligi ko‘rinadi. U ma’rifatsiz na taraqqiyot va na adolat bo‘lishi mumkin emasligini o‘z xalqiga qaytaqayta uqtirar edi.Jadidlar qismati qanchalik ayanchli bo‘lmasin, ularning millat ongining shakllanishidagi buyuk xizmatlarini e’tirof etmog‘imiz kerak. Jadidlar mafkurasi milliy tafakkurning shakllanishidagi ahamiyati shunchalik ulug‘vor bo‘lganki, ularning ta’sirini XX asrning yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarida yetishgan har bir ziyoli timsolida ko‘rishimiz mumkin edi.

 Xulosa

Ushbu davr falsafa rivojida keskin o’zgarishlarga boy bo’lgan. Yangi va Eng yangi davr faylasuflari falsafa olamiga yangi falsafiy ta’limotlarini taklif etishgan. Neotomizm va diniy modernism ana shu tamoyillardandir. Neotomizm Foma Akvinskiy ta’limotiga asoslanadigan zamonaviy katolik falsafasining asosiy oqimlaridan biri bo‘lib hisoblinadi. 1879 yilda u Vatikanning rasmiy doktrinasi maqomiga ega bo‘lgan. II Vatikan sobori (1862-1865) katolik “yangilanishi” ga sanksiya berganidan keyin, neotomizm antropotsentrik mazmun kasb etdi. Neotomizmning bosh prinsipi kashf etilish teologiyasi, ratsional ilohiyatchilik va metafizikaning ajralmas bog‘liqligidan iborat. Neotomizmda asosiy e’tibor Xudo va olamning o‘zaro munosabatiga qaratiladi.Diniy modernizmda ijtimoiy taraqqiyot sohasida “kapitalistik individualizm” va “marksistik kollektivizm” oralig‘idagi “uchinchi yo‘l” bo‘ylab harakat qilish zarurligi ta’kidlab o‘tiladi. Cherkov va jamiyat muloqotiga oliy diniy-axloqiy qadriyatlarni hozirgi zamon madaniyatiga olib kirish vositasi deb qaraladi, dunyoviy tarix va unda immanent g‘oyalarning mavjudligi fundamental qadriyatlar sifatida tan olinadi. Bu oqimning taniqli vakillari Eten Jilson (1884-1978) , Jak Mariten (1882-1973) lardir. Teyyar de Sharden (18811995) xristian evolyusionizmi asoschisi bo‘lib, bu ta’limot diniy modernizmning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Unda ilmiy va diniy dunyoqarashni sintez qilishga urinish bor.

Insoniyat taraqqiyotida har bir davr an’anaviy falsafiy muammolarni ilgari surgan va ularni o‘z davri dunyoqarashi ta’sirida hal qilishga harakat qilgan. Falsafa tarixini yangi shoxchalari paydo bo‘ladigan daraxtga qiyoslash mumkin, har bir shox o‘z shakliga va yaproqlarining rangiga ega bo‘lib, ular boshqalarini takrorlamaydi. Biroq daraxt shoxlari kabi falsafiy yo‘nalishlar qancha ko‘p bo‘lmasin, ularni umumiy ildiz- inson va olamning o‘zaro aloqadorligi, inson va jamiyat hayotining uzviyligi birlashtiradi. Ushbu umumiy ildiz inson madaniyatining dunyoqarashli asosi sifatida falsafaning ahamiyatini chuqurroq tushunishga imkon beradi. XX asr turli davrlardagi falsafiy yo‘nalishlarni o‘zida birlashtirdi va o‘tmish tajribasiga tayangan holda, olam va odam masalasiga juda murakkab ijtimoiy siyosiy vaziyatda ziddiyatli, yangi falsafiy qarashlar shakllandi.Hozirgi zamon falsafasining o‘ziga xos xususiyati uning dunyoqarashli va metodologik jihatdan turli tumanligidir.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati.

  1. Kаrimоv I.А. Yuksаk mа’nаviyat yеngilmаs kuch. – T.: “Mа’nаviyat” 2008 y.
  2. Karimov I.A. O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – T.: “O’zbekiston” 2011 y.
  3. Jaxon falsafasi. – T.: “Sharq”, 2004 y.
  4. Zotov A.F. Sovremennaya Zapadnaya filosofiya. – M., 2002.
  5. Nosirov R.N., Sirojiddinov Sh.S., Ziyautdinova X.A. O‘rta Osiyolik allomalarning falsafiy qarashlari. – T.: “O‘zbekiston”, 2007 y.
  6. Tohir Karim. Milliy tafakkur tarixidan. – T.: “Sharq”, 2003 y.
  7. Skirbekk Gunnar, Nils Gilyo. Falsafa tarixi. – T.: 2002 y.
  8. Qomusiy lug‘at. – T.: “Sharq”, 2004 y.
  9. Sharq falsafasi – T.: TDSHI nashriyoti, 2006 y.
  10. Yangi va eng yangi davr G‘arbiy yevropa falsafasi. – T.: “Sharq”, 2002 y.
  11. O‘zbekistonda ijtimoiy falsafiy fikrlar tarixidan lavxalar. – T.: “Sharq”, 1995 y.
  12. G‘arb falsafasi. – T.: “Sharq”, 2004 y.
  13. www.talaba.su

[1] Qarang: O‘zbekistonda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixidan lavhalar. Akademik M.Hayrullaev tahriri ostida. – T.: O‘zbekiston, 1995. -B.192-193.

[2] Qarang: O‘sha kitob. -B.195.

[3] Qarang: O‘sha kitob. –B.199.


Yangi va eng yangi davr falsafasi (referat)

Previous articleXVI-XX asr boshlarigacha O‘rta Osiyoda ijtimoiy-axloqiy, falsafiy qarashlar
Next articleO‘zbekiston Respublikasining muzeylari