Yurtimizning buyuk allomalari

0

Aniq va tabiiy fanlarning rivoji

Aniq va tabiiy fanlarning rivoji. IX–XII asrlarda yurtimizda ilm-fan yuksak taraqqiyotga erishdi. Bu davrda yashab ijod qilgan buyuk bobolarimiz jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdilar. Ayniqsa, aniq va tabiiy fanlar taraqqiyotiga qo‘shgan betakror hissalari bilan o‘z nomlarini abadiylikka muhrladilar. Bu abadiylikka muhrlanganlar ro‘yxati buyuk bobomiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy nomi bilan boshlanadi.

Al-Xorazmiy
Al-Xorazmiy

Al-Xorazmiy 783-yilda Xorazmning Xiva shahrida tug‘ildi. Dastlab Xiva shahrida ilm olib yetuk olim bo‘lib yetishdi. So‘ng O‘rta Osiyoning o‘sha davrdagi yirik ilm-fan markazi bo‘lgan Marv shahrida (hozirgi Turkmanistondagi shahar) ijod qildi. Keyinroq Bag‘dod shahridagi (hozirgi Iroq davlati poytaxti) ilmfan markazi – «Bayt ul-hikmat»da faoliyatini davom ettirdi. Uning eng yirik ishlaridan biri.

Hindlar kashf etgan «0» dan «9» gacha bo‘lgan o‘nta raqam bilan har qanday sonni yozish mumkinligini, uning murakkab rim raqamlaridan afzalliklarini isbotlab berdi. To‘rt amal – qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish va bo‘lish qoidalarini yaratdi.

Al-Xorazmiy Siz 7-sinfdan boshlab o‘rganadigan algebra fanining asoschisi hamdir.

Uning bu fanga bag‘ishlab yozgan asari «Al-jabr val muqobala» deb ataladi.

Al-Xorazmiyning bu asari XII asrdan boshlab Yevropada tarqala boshladi. Yevropaning ba’zi xalqlari «al-jabr» o‘rniga «algebra» atamasini ishlatganlar. Allomaning o‘z nomi esa matematika fanida ko‘p ishlatiladigan (bu haqda yuqori sinflarda bilib olasiz) «algoritm» atamasida yashab kelmoqda. Dunyoda o‘z nomi yoki asarining nomi fan nomiga aylanib ketgan allomalar juda kam. Siz bu hodisa bilan har qancha g‘ururlansangiz, faxrlansangiz arziydi. Al-Xorazmiy 850-yilda Bag‘dod shahrida vafot etdi.

Ahmad al-Farg‘oniy

Ahmad al-Farg‘oniy. Jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yana bir buyuk bobomiz Ahmad al-Farg‘oniy 797-yilda Farg‘onaning Quva shahrida tug‘ildi. U yoshligidan ilm-fan asoslarini chuqur o‘rgandi. O‘z ilmini yanada chuqurlashtirish maqsadida O‘rta Osiyoning o‘sha davrdagi eng yirik ilm-fan markazi Marv shahriga keldi. So‘ng Bag‘dod shahridagi «Bayt ul-hikmat»da astronomiya, matematika va geografiya kabi fanlar sohasida ijod qildi. Uning nomini mashhur qilib yuborgan «Astronomiya asoslari haqidagi kitob» asari XII asrda Yevropada lotin tiliga tarjima qilindi.

Bu asar Ahmad al-Farg‘oniyni Yevropada «Alfraganus» nomi bilan mashhur qilib yubordi. Ayni paytda, asarning o‘zi Yevropa mamlakatlari universitetlarida (oliy o‘quv yurtlari) bir necha asr davomida darslik sifatida o‘qitildi.

Jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa Ahmad al-Farg‘oniy.

Qo‘shgan buyuk bobomiz 865-yilda Misrda vafot etdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 1998-yilda buyuk bobomiz tavalludining 1200 yilligi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyo miqyosida ham keng nishonlandi.

Abu Rayhon Beruniy

Абу Райхан Беруни
Абу Райхан Беруни

Abu Rayhon Beruniy (973–1048). Abu Rayhon Beruniy bobomiz ham jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomadir. Ul zot Xorazmning Kat shahrida tug‘ildi. Zehni nihoyatda o‘tkir bo‘lgan Beruniy Xorazm Ma’mun akademiyasida ijod qilgan. Beruniy, ayniqsa, astronomiya, matematika, fizika, ma’danshunoslik, geografiya, til, tarix kabi fanlarni puxta egalladi. Ayni paytda o‘zi ham bu fanlar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi.
Bizga Beruniydan ko‘plab asarlar meros bo‘lib qoldi. Ularning ichida astronomiyaga. oid asari benihoya katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» va «Hindiston» kabi asarlari tarix fani uchun muhim manba hisoblanadi.

U «Hindiston» asarida ummon ortida qit’a borligi haqidagi taxminni ilgari surdi. Yevropalik sayyoh olimlar esa Beruniydan qariyb 500 yildan so‘ng bu qit’aning borligini amalda isbotladilar.

«XI asr Beruniy asridir», — deb yozgan edi AQSHning fanlar tarixi bilan shug‘ullanuvchi olimi Jorj Sarton.

Abu Ali ibn Sino

Abu Ali ibn Sino. O‘z zamonasida Shayx ur-rais, ya’ni «olimlar raisi», deb ulug‘langan buyuk alloma Abu Ali ibn Sino 980-yilda Buxoro shahri yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ildi. Ibn Sino o‘z davrining barcha bilimlarini puxta egalladi. Ibn Sino dunyoga, avvalo, buyuk tibbiyot allomasi bo‘lib tanildi. Uning tibbiyotga oid mashhur asari «Tib qonunlari» deb ataladi. Asar XII asrda Yevropada lotin tilida chop etildi va Ibn Sino Yevropada «Avitsenna» nomi bilan mashhur bo‘ldi.

«Tib qonunlari» XVII asrgacha Yevropamamlakatlari universitetlarida darslik sifatida xizmat qildi. Ibn Sinoning nomi yer yuzida hamon mashhurligicha qolmoqda.

2000-yilda Yevropaning Belgiya davlatida uning xotirasiga haykal o‘rnatilganligi buning yana bir dalilidir.


Savol va topshiriqlar

  1. IX–XII asrlar yurtimiz ilm-fani taraqqiyotida qanday o‘rin tutadi?
  2. Al-Xorazmiyning matematika fani taraqqiyotida tutgan o‘rni nimalar bilan belgilanadi?
  3. Ahmad al-Farg‘oniyning jahon ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida nimalarni bilib oldingiz?
  4. Amerika olimi J. Sarton «XI asr Beruniy asridir», deb yozganida nimalarga asoslanganligi haqida mulohaza yuritib ko‘ring.
  5. Ibn Sinoning jahon tibbiyot ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida so‘zlab bering.
Previous articleНафл намози (намозлар) нечта?
Next articleJismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi predmeti