Yerning havo qobig’i — Atmosfera. Atmosferaning tuzilishi

0

Yerning havo qobig’i — Atmosfera. Atmosferaning tuzilishi. Atmosferaning ahamiyati. Troposfera. Stratosfera. Mezosfera, termosfera va ekzosfera. Atmosferani o‘rganish. Ернинг ҳаво қобиғи — Атмосфера. Атмосферанинг тузилиши. Атмосферанинг аҳамияти. Тропосфера. Стратосфера. Мезосфера, термосфера ва экзосфера. Атмосферани ўрганиш.


Atmosferaning ahamiyati

Atmosfera – Yerni o‘rab turgan havo qobig‘i. Yunoncha «atmos» – bug‘, «sphaira» – shar ma’nosini bildiradi. Atmosfera Yer bilan birga aylanadi. Yer yuzini samodan keladigan meteor jism- lardan, Quyoshning tirik jonlar uchun zararli bo‘lgan ultrabinafsha nurlaridan saqlaydi. Atmosfera bo‘lmaganida Yer yuzi kunduzi + 120 °C gacha qizib, tunda esa -180°, -200 °C gacha sovib ketar edi. Havo qobig‘i Yer yuzini shaffof ko‘rpa kabi asrab turadi.

Yerning havo qobig‘i, asosan, ikki xil gaz- dan, ya’ni azot va kislorod aralashmasidan ibo- rat. Havodagi gazlarning 78 % ini azot, 21 % ini kislorod tashkil etadi. Bulardan tashqari havoda karbonat angidrid, boshqa gazlar, suv bug‘lari, changlar ham bor.

Azot va kislorod nisbati o‘simliklar ta’sirida saqlanib turadi. Lekin avtomobillardan chi- qadigan is gazi, yirik korxonalardan chiqadigan tutun havoni ifloslaydi. Shuning uchun ham havo tarkibini, uning tozaligini doimo qattiq nazorat qilib turish, ifloslanishining oldini olish zarur. Chunki, insonning sog‘ligi atmosferaning tozaligiga juda bog‘liq.

52-rasm. Atmosferaning quyi qatlamlari
52-rasm. Atmosferaning quyi qatlamlari

Yer havo qobig‘ining yuqori aniq chegarasi yo‘q. Taxminan 2000 km balandda deyiladi. Lekin turli balandlikda havoning tarkibi, haro- rati, zichligi har xil bo’lib, atmosfera bir qancha qatlamlarga ajratiladi (52-rasm).

Troposfera

Troposfera – atmosferaning quyi qatlami («tropos» – yunoncha so‘z bo’lib, aylanmoq, o’zgarmoq degani). O’rtacha qalinligi 10-11 kilometr. Qutblar ustida 8-9 km, ekvatorda 17 km gacha yetadi. Havodagi barcha suv bug‘lari shu qatlamda. Bu qatlamda bulutlar paydo bo‘ladi. Yog ‘inlar yog ‘adi, ob-havo o‘zgarib turadi, tirik mavjudotlar shu qatlamda yashaydi. Yuqoriga ko‘tarilgan sari har 1000 m da harorat havoning namlik darajasiga bog‘liq ravishda o‘rtacha 6 °C ga pasayadi.

Stratosfera

Stratosfera – (yunoncha «stratum» – qatlam) troposferadan yuqorida joylashgan. Yuqori chegarasi 50-55 km balandda. Stra- tosferaning quyi qismida harorat -45 °C dan -75 °C gacha pasayadi. Lekin yuqoriga ko‘tarilgan sari havo yana isib, +10 °C gacha ko‘- tariladi.

Mezosfera, termosfera va ekzosfera

Mezosfera, termosfera va ekzosfera – (yunoncha «mesos» – o‘rta, «thermos» – issiq, «exos» – tashqi) atmosferaning yuqori qatlamlaridir. Bu qatlamlarda havo juda siyrak va koinotdan keladigan nurlar ta’sirida elektr tokini yaxshi o‘tkazadigan bo‘lib qolgan. Qutb yog‘dulari, «Yulduz uchishi» hodisalari shu qatlamlarda ro‘y beradi.

Atmosferani o‘rganish

Inson juda qadim zamonlardan ob-havoni, atmosferada bo‘ladigan hodisalarni kuzatib keladi. Atmosferada ro‘y beradigan ayrim hodisalar havo aynib, yomg‘ir yog‘ishidan, boshqa hodisalar esa havo ochilishi, Quyoshli kunlar bo‘lishidan darak be- rishini odamlar qadimdan anglab olganlar. Inson uchun ob-havoni oldindan bilish juda zarur (Qani ayting-chi, nima uchun zarur?).

Hozirgi vaqtda atmosfera, unda ro‘y beradigan hodisalar dunyoning turli joylaridagi minglab meteorologik stansiyalarda o‘rganiladi. Bu ishda elektron hisoblash mashinalari, kompyuterlar, havo sharlari, meteorologik raketalar, Yerning sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalaniladi. Barcha ma’lumotlar maxsus ilmiy tadqiqot muassasalarida o‘rganilib, ob-havo xaritalari tuziladi va ob-havoda ro‘y beradigan o‘zgarishlar e’lon qilib turiladi.

Yer yuzidagi insonlarning, umuman, barcha jonzotlarning, hatto o‘simliklarning hayoti ham atmosfera havosining tozaligiga bog‘liq. Shuning uchun ham havoni ifloslanishdan saqlash har bir odamning muqaddas burchi bo‘lmog‘i kerak.


Tayanch so‘z va tushunchalar

  • Atmosfera
  • Troposfera
  • Stratosfera
  • Mezosfera
  • Termosfera
  • Ekzosfera
  • Kislorod
  • Karbonat angidrid
  • Azot
  • «Yulduz uchishi»

Savollar

  1. «Atmosfera» so‘zining ma’nosini ayting.
  2. Atmosfera nima va u qanday qatlamlardan tuzilgan?
  3. Havo qanday gazlardan tarkib topgan?
Previous articleKo‘l va muzliklar. Yer osti suvlari
Next articleTroposfera nima? Тропосфера нима?