«Yulduzlar Mangu Yonadi» qissasi haqida

0

«Юлдузлар Мангу Ёнади» қиссаси ҳақида. «Yulduzlar Mangu Yonadi» qissasi haqida.


Yulduzlar mangu yonadi (qissadan boblar, Tog’ay Murod) >>

«Yulduzlar mangu yonadi» qissasini o’qir ekanmiz, bu asar biz mutolaa qilgan boshqa asarlardan juda ko’p jihati bilan farq qilishini anglaymiz. Bu farq, avvalo, muallifning hikoya tarzida ko’rinadi. Guvohi bo’lganingizdek, asar tili va yozuvchi uslubi muallif unib-o’sgan Surxon vohasida yashaydigan xalq tili va muomala usuli bilan chambarchas bog’liqdir. Tog’ay Murod go’yo qishloqdoshlariga qiziqarli bir rivoyat so’zlab berayotganday tutadi o’zini. U shu tinglovchilariga tushunarli, sodda tilda so’zlaydi, qisqa-qisqa gaplar tuzadi. Shunisi qiziqki, bu hikoya usuli yurtimizning istagan hududidagi o’quvchini ham darrov o’ziga tortadi, uni jon qulog’ini berib eshitishga undaydi.

Nega?

Nega o’rtada anglashmovchilik paydo bo’lmaydi, tushunarsiz holatlar yuzaga kelmaydi? Axir, Siz bilan biz o’rganib qolgan nasriy asarlarning voqea-hodisalarni bayon qilish usuliga Tog’ay Murod hikoya tarzi hecham o’xshamaydi-ku! Yozuvchi bilan bizni yaqinlashtirayotgan narsa nima o’zi? Nimaga biz ham muallif bilan birga suyunib, birga yuragimiz achishib boradi?

Tog’ay Murod hayoti va ijodi haqida gapirganimizda, uning asarlarida favqulodda qahramonlar, o’ta aqlli odamlar uchramasligini eslatgandik. U tanlagan qahramonlar oddiy – Siz bilan biz deyarli har kuni ko’cha-ko’yda uchratadigan, ko’pincha ahamiyat ham bermay o’tib ketadigan kishilardir.

Demak, Tog’ay Murod qahramonlari bilan bizni qalban yaqinlashtirayotgan narsa – xalqimizga xos bo’lgan soddalik, samimiylik, to’g’rilik, ochiq ko’ngillik xislatlaridir.

Millatning bu bebaho fazilatlari «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida ortiqcha jimjimaga o’ralmay, alohida bo’rttirilmay, atayin ta’kidlanmay aks ettiriladi. Surxondaryoning olis qishloqlarida yashaydigan oddiy insonlar uchun OR, NOMUS, G’URUR, UYAT, ANDISHA, KAMTARLIK, HALOLLIK, MARDLIK singari hislar alohida qahramonlik belgisi emas. Bu hislar har bir kishining tabiiy yo’ldoshi bo’lishi lozimligini qissaning ko’plab ta’sirchan voqealaridan bilib olamiz.

Eslang, bu asar 1976-yilda yozilgandi.

U yillari o’zbek xalqi miyasiga «Sizlar o’tmishda savodsiz, madaniyatsiz, aqliy va jismoniy imkoniyatlari cheklangan xalq bo’lgansizlar. Faqat yurtingizda sho’ro hukumati o’rnatilgandan keyingina madaniyatli millatlar qatoriga qo’shilish imkoniyatiga ega bo’ldingiz» qabilidagi tushunchalar g’oyat ayyorlik bilan singdirilardi.

Ikki-uch yillik harbiy xizmatga olib ketilgan yigitlarimiz aksariyat qurilish batalyonlariga tashlanar, ularning kuchidan suvtekin foydalanilardi. Respublikada sportni rivojlantirish, bolalarni sog’lomlashtirish masalalariga kam e’tibor berilar, bolalar umri paxta dalalarida, xavfli kimyoviy dorilar ostida zaharlanib o’tardi. O’z intilishi bilan ko’pchilikni qoyil qoldirgan iste’dodli sportchilar ham xorijiy davlatlarda bo’ladigan xalqaro musobaqalarga jo’natilmas, natijada, dunyo ahli o’zbeklar kim, O’zbekiston qanday yurt ekanidan bexabar qolaverardi.

Boshqa yoqdan esa turli bahonalar bilan bizning milliy an’analarimiz, urf-odatlarimizga davlat miqyosida hujumlar uyushtirilardi. Dinimiz, e’tiqodimiz ustidan ochiqdan ochiq kulishar, nene asrlar osha zavol ko’rmay kelgan ko’plab muqaddas qadamjolarimiz buzib tashlanardi. Ona tilimiz butun rasmiy idoralar, hujjatlar, aksariyat ta’lim dargohlaridan siqib chiqarilgan, bu tilda gaplashish esa madaniyatsizlik belgisi sifatida qaralardi…

Tog’ay Murod mana shunday sharoitda o’z qahramoni Bo’ri polvonga qo’shilib og’ir-og’ir, ayni choqda yozuvchi uchun xavfli-xavfli o’ylarga cho’madi. Bu o’ylarini el oldiga, boyagi makkor hukumat oldiga olib chiqishdan cho’chib o’tirmaydi:

«Xalq nimasi bilan xalq?

O’zining urf-odatlari bilan xalq! Ko’p urf-odatlarimizni birovlar… birovlar o’ziniki qilib oldi! Biz qo’limizni burnimizga tiqib qoldik.

Shunday keta bersak, hademay… o’zimizni-da boy berib qo’yamiz!

Bu yog’i kamday, ne-ne nimalarimizni eskilik sarqiti deb yo’q qildik. Xiyol bo’lmasa xalqning o’zini-da… eskilik sarqitiga chiqarib yuborayin, dedik!

Bugun buni yo’qota bersak, ertaga uni yo’qota bersak… podadan nima farqimiz qoladi?..»

Bo’ri polvonning bu o’ylari «Buni rais biladimi?..» degan savol bilan tugayotganiga e’tibor bering. Xo’p, rais biladi ham deylik, nima qila oladi? Undan kattaroq raislar, vazir-u noiblar nima qila olyaptiki, kichik bir kolxoz raisi bir narsa qila olsin! Aslida ularning biror narsa qilishi, nimanidir o’zgartirishi – keyingi masala. O’zi ular bu haqida jiddiyroq o’ylaydimi? Shu muammolarni o’ylab hech uyqulari qochganmi?

Agar jiddiyroq o’ylaganlarida, ozgina ixlos qo’yib harakat qilganlarida bu masalalarni ham yoritish yozuvchiga qolmas ediku! Shunday emasmi?

Xuddi Bo’ri polvondek yozuvchi ham noyob urflarimiz, ko’hna ma’naviy boyliklarimiz sekin-asta unutilishi, borib-borib esa yo’q bo’lib ketishidan jiddiy xavotirga tushadi. Agar e’tibor qilgan bo’lsangiz, bu qissada qadimiy xalq musobaqasi – kurash san’atining butun qonun-qoidalari eng mayda jihatlarigacha batafsil tasvirlanadi. Ikkinchi qissa – «Ot kishnagan oqshom»da chavandozlik, otlar bilan bog’liq o’yinlar, otlarning zoti, parvarishi singari mavzular yoritiladi. «Otamdan qolgan dalalar» romanida bo’lsa, qadim o’zbekning paxtakorlik faoliyati sirsinoatlari to’liq qog’ozga tushiriladi. Tog’ay Murod bu ishni ongli ravishda, ezgu maqsad yo’lida qilgani shubhasizdir.

Zero, chinakam yozuvchilar ajdodlarni avlodlarga, zamonlarni zamonlarga ulovchi, xalq madaniyatining jonkuyar targ’ibotchilari sifatida ham tarixiy vazifalarni ado etadilar!

Xalqona ibora bilan aytsak, «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi muallifi Tog’ay Murodning Xudoga aytgani bor ekan. Yurtimiz mustaqilligi qo’lga kiritilgach, juda ko’p xalq an’analari singari o’zbek kurashini keng targ’ib etish, yoshlarni unga jalb qilish, bu sport turini har tomonlama ommalashtirish borasida ulkan ijobiy ishlar amalga oshirildi. Birinchi Prezidentimiz tomonidan kurashga alohida e’tibor qaratilib, bugungi kunda bu sport turi bilan nafaqat mamlakatimizda, balki ko’plab xorijiy yurtlarda ham minglab odamlar shug’ullanmoqda. O’zbek kurashi bo’yicha xalqaro turnirlar bugunga kelib Yer yuzining barcha qit’alarida o’tkazilayotgani bu mardlar musobaqasining qanchalar halol, gumanistik xarakterga ega ekanini yana bir bor isbotlamoqda.

Yulduzlar mangu yonadi (qissadan boblar, Tog’ay Murod) >>


Savol va topshiriqlar

  1. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi Siz hozirga qadar o’qiganboshqa yozuvchilar asarlaridan ko’proq nimasi bilan farq qiladi?
  2. Bo’ri polvon tabiatan qanaqa odam? Nega u o’ttizga kirgunchauylanmay yurdi?
  3. Nasim polvon bilan Bo’ri polvon o’rtasida qanday ziddiyat yuzberganini qissani to’liq o’qish orqali bilib olishga harakat qiling.
  4. Bo’ri polvonning hech qachon o’z manfaatini ko’zlab ish qilmasligi qaysi harakatlarida namoyon bo’ladi?
  5. Bo’ri polvon nega o’g’li Tilovberdining g’alabasini tan olishniistamadi va uni qaytadan kurashga tushishga majbur qildi?
  6. Tilovberdining Abray polvondan yengilganidan keyingi holatiniqanday izohlaysiz? Bu otaga hurmatsizlik belgisimidi yoki boshqa narsami?
  7. Tog’ay Murod qissasini mutolaa qilib, o’zingiz uchun o’zlashtirgan eng muhim ma’naviy boylik nima bo’ldi?
  8. «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi asosida ijodiy insho yozingva sinfdoshlaringizga o’qib bering.
Previous articleYulduzlar mangu yonadi (qissadan boblar, Tog’ay Murod)
Next articleIbroyim Yusupov hayoti va ijodi