Din va «ommaviy madaniyat»

0

Дин ва «оммавий маданият»


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Ommaviy madaniyat deganda nimani tushunasiz?
  2. Ommaviy madaniyatning jamiyat rivojiga ta’siri bormi?
  3. Qo‘shtirnoq ichidagi «ommaviy madaniyat»ni siz qanday tushunasiz?
  4. «Ommaviy madaniyat»ning jamiyat ma’naviyatiga ta’siri qanday, uning xavfli tomonlari bormi? Fikringizni asoslang.

«Ommaviy madaniyat» tushunchasi

Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan tezkor zamonda yashayapmiz. Har tomondan axborot xuruji, turli chalg‘itishlar, nomaqbul va xatarli ma’lumotlar bilan yoshlarimiz ong-u tafakkurini egallashga intilishlar mavjud… Ana shunday tahdidlardan biri «ommaviy madaniyat»dir.

«Ommaviy madaniyat» degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatishga qaratilgan, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar, harakatlarni tushunish mumkin.


Ey, mardlar, xotinlar kiyimini kiymaslik uchun g‘ayrat qilingiz.

Sa’diy Sheroziy


Bunday g‘arazli g‘oyalarni tarqatadigan guruhlarning asl maqsadi boshqalar hisobidan boylik orttirishdir.


«Ommaviy madaniyat»ning maqsadi

«Ommaviy madaniyat»ning maqsadi, avvalo, iqtisodiy boylik orttirish, odamlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, bir-birini va shu bilan birga o‘zini o‘zi o‘ldirishigacha olib borishdan iborat. Natijada esa uning tarqatuv chilari dunyo va undagi boyliklarga yagona hukmron bo‘lib qolishni xohlaydilar.

Ommaviy madaniyatning ijobiy tomonlari
Ommaviy madaniyatning ijobiy tomonlari

Siz tengi o‘smirlar, yoshlar tengqurlariga havasmand, yangiliklarni tez o‘zlashtirishga intiluvchan bo‘ladilar. Ulardagi ana shu ijtimoiy-psixologik holat, ko‘pincha, soxta qadriyatlar ta’siriga berilib qolishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat va aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda. Bunga misol tariqasida bir jinslik nikohlar, nikohsiz yashash, befarzand o‘tish, ya’ni farzandni ortiqcha muammo deb hisoblash, qiyofasini g‘ayrioddiy shakllarga solish (badanga igna bilan turli suratlar va shakllar berish), o‘z joniga qasd qilishni qahramonlik deb bilish kabi salbiy oqibatlarni keltirishimiz mumkin. Bunday holatlarga barcha dinlar qat’iy qarshidir.

Umuminsoniy qadriyatlarga zid kiyimlarni kiyish «ommaviy madaniyat»dir. Masalan, tizzasi yoki pochasi yirtilgan, manmanlik belgisi sifatida tor va uzun, beli yoki qorni ochilib turadigan kiyimlarni kiyish shular jum lasidandir.


Ijodiy faoliyat

Berilgan matnni o‘qing va «ommaviy madaniyat» xavfsizlik uchun qanday tahdid solishi mumkinligiga misollar keltiring.

XXI asrning xalqaro munosabatlar va milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan alohida ajralib turadigan tomoni — globallashuv sharoitida yangidan yangi qarama­qarshiliklar yuzaga kelib, ular milliy xavfsizlik uchun yangi tahdidlarni keltirib chiqardi.


Islom dinining muqaddas manbayi Qur’oni karimda Xudo tomonidan insonlarning xushbichim va xushsurat yaratilganligi alohida ta’kidlanadi. Shuningdek, islom ta’limotida inson jismini pok tutishi, toza va xushbo‘y bo‘lishiga targ‘ib va tashviq qilinib, go‘zallik belgilangan chegaradan chiqmasligi ham alohida zikr etilgan.

«Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat­belgilaridandir. Shoyadki eslasalar». (Libosning zaruri avratni pinhon tutadiganidir. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a’zolarini ham to‘sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Xuddi shunday libosni o‘z o‘rnida, ya’ni shariatga muvofiq foydalangan inson ziynatli hisoblanadi. Ammo eng asosiy libos – taqvo libosi.)

A’rof surasi, 26-oyat

Keyingi vaqtlarda tatuaj, rastushovka, tatuirovka (tanaga rasm soldirish) odat tusiga kirib bormoqda. Bu jarayonlar ham og‘riqli, ham insonlarning sog‘lig‘i uchun zararlidir.

«Tatuaj», «Rastushovka» jarayoni haqida soha mutaxassislari o‘z fikrlarini bildirganlar. Tatuaj — permament pardoz, ya’ni yuzdagi a’zolar — qosh, ko‘z va labni uzoq vaqtgacha ketmaydigan qilib bo‘yab, pardoz berish demak. Permament pardozda sanab o‘tilgan a’zolarning terisiga tatuaj uchun mo‘ljallangan igna yordamida maxsus bo‘yoq yuboriladi. Bu pigmentlarning uzoq vaqt ushlanib turishini ta’minlaydi. Permament pardoz muolajasi og‘riqli bo‘lib, bir-ikki soatga cho‘ziladi.

Ammo soxta zebning inson organizmi uchun zararlari tuzatib bo‘lmas asoratlarga olib kelishi ham mumkin.


Tatuirovka asboblari bilan gepatit B, S hamda OIV infeksiyasini yuqtirib olish juda oson. Tatuirovkasi bor insonlarning gepatit S kasalligiga chalinish xavfi oddiy odamlarga qaraganda 9 baravar yuqori bo‘ladi.

Qosh tatuaj qilinganda qoshlar ildizining yo‘q bo‘lishiga olib kelib, ularning to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Ko‘zlarga tatuaj qilinganda esa ko‘zning ko‘rish qobiliyatiga, qovoq terilarining sezuvchanligiga salbiy ta’sir etadi. Lablar tatuaj qilinganda og‘iz atrofida shishlar paydo bo‘ladi. Bu muolajalarda igna bilan teri teshilgani bois organizm turli infeksiyalarga beriluvchan bo‘lib qoladi. Teri teshiklariga esa turli kimyoviy bo‘yoqlar kiritilishi allergiya kasalliklarini keltirib chiqaradi.

«Tatuirovka» igna bilan asab tomirlariga zarar yetkazib, tanaga surat soldirishdir. Bu og‘riqli jarayon bo‘lib, inson o‘z-o‘ziga shikast yetkazadi. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, «tatuirovka» qildirgan insonlarda 20 dan ortiq kasallikka chalinish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lar ekan. Tatuirovka bo‘yog‘i tarkibida saratonni yuzaga keltiradigan omillar mavjud. Bo‘yoqlar tarkibida inson organizmi uchun zararli bo‘lgan metallar, ya’ni simob sulfidi, xrom, kadmiy, qo‘rg‘oshin, titan, aluminiy, kobalt kabi unsurlar bor.

«Mycobacterium haemophilum» bakteriyasi sil va moxov kasalligini chaqiradi, odamlarda immun tizimini sustlashtiradi. Bu bakteriya esa faqat tatuirovka chizdirgach yuzaga keladi. Xristianlik dinining muqaddas kitobida ham tatuirovkalar qilish qoralanib, badanni tilmaslik, teriga o‘yib narsa yozmaslik uqtiriladi.


Sizlar Xudoyingiz — Egamizning farzandlarisizlar, o‘lganlar uchun o‘zingizni kesmang, sochingizning oldini qirqmang.

Qadimgi Ahd (Ikkinchi qonun, 14:1).


«Ommaviy madaniyat»ning yana bir korinishi «Gotlar»dir. «Gotlar» (ingliz tilidan «goths» — gotlar, varvarlar, madaniyatsiz odamlar, johil va nodonlar deb tarjima qilinadi) axloqsizlik, g‘ayriinsoniylik kabi illatlarni targ‘ib qiluvchi submadaniyat bo‘lib, XX asrning 70-yillari oxirida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan. Xususan, 1982-yilda «Betkav» klubining ochilishi got hayot tarzini targ‘ib qilishda katta o‘rin tutgan. Aynan ularning faoliyati natijasida gotik-rok musiqiy janri yuzaga kelib, ingliz yoshlari orasida mashhur bo‘la boshlagan. «Gotlar» harakatining asosiy g‘oyasi o‘limni romantiklashtirish, iztirob, azob-uqubat, ifloslikdan rohatlanishdan iboratdir. Mazkur submadaniyat vakillari qora rangga asoslangan imijga tayanadilar, gotik musiqaga qiziqadilar, bugungi kun bilan yashaydilar. Gotlar pozitiv his-tuyg‘ulardan zavqlanish o‘rniga, ruhiy azoblanish, umidsizlik va ruhiy alamdan lazzatlanadilar.

Gotlarni ko‘cha-ko‘yda tanib olish mushkul emas.

Yuqorida qayd etilganidek, mazkur submadaniyat vakillari qora rangga asoslangan «dress-kod»ga amal qiladilar. Jumladan, gotik kiyinish uslubining asosiy elementlari — liboslarda qora rang ko‘p bo‘lishi, metalldan ishlangan turli bezaklarni ishlatishdir. Yuqorida keltirilgan misollar ko‘rsatmoqdaki, «ommaviy madaniyat» insonni manqurtga aylantiradi. U o‘zining «men»ligini yo‘qotadi. Uning uchun qadrli narsalar qolmaydi, otaona, farzand, qadriyat kabilarni tan olmaydi.

Jamiyatda hech narsani qadrlamaydigan insonlarning ko‘payib ketishi davlatni inqirozga olib keladi. Natijada befarq odamlar ko‘payadi, milliy qadriyatlarga, ma’naviyatda putur yetadi.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
  1. «Ommaviy madaniyat» insonning hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
  2. Adabiyot fanidan olgan bilimlaringizga tayanib, «manqurt» tushunchasining jamiyat rivojiga ta’siri haqida fikr yuriting.
  3. Diniy ta’limotlarning «ommaviy madaniyat»ga munosabati qanday?
  4. Siz nima uchun «ommaviy madaniyat»ni qoralaysiz? Fikringizni asoslang.
  5. Berilgan xalq maqolini «ommaviy madaniyat» bilan bog‘lab tushuntiring: «Barcha yaltirab ko‘ringan narsalar oltin bo‘lavermaydi».
  6. Berilgan rasmlarda tasvirlangan holatlar umuminsoniy qadriyatlarga qanday putur yetkazadi?
Previous articleMadaniy o’simliklarning vegetativ ko’payishi
Next articleKsenofobiya va din