Ksenofobiya va din

0

Ксенофобия ва дин.


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar
  1. Ksenofobiya, xristianofobiya, yudofobiya, islamofobiya degan atamalarni eshitganmisiz?
  2. Insonga xos bo‘lgan qo‘rquv holatiga qanday hodisalar ko‘proq sabab bo‘ladi?
  3. Qo‘rquvni yengish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
  4. Biologik qo‘rquv bilan sun’iy qo‘rquvning farqi nimada?

Ksenofobiya — (yunon. ksenos — begona; fobos — qo‘rquv) yunon tilida birorta «begona», «notanish» bo‘lgan narsa yoki tushunchadan «qo‘rqish» ma’nosini anglatadi.

Tibbiyotda bu so‘z insondagi «notanish shaxs, narsa, hodisa va boshqalardan qo‘rqish» yoki ulardan «nafratlanish» tuyg‘ularini bildiradi. O‘zi uchun begona bo‘lgan narsalardan yotsirab qo‘rqish, ayniqsa, yosh go‘daklarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Notanish narsa va hodisalardan ehtiyotkorlik yuzasidan begonasirab, ulardan yetishi mumkin bo‘lgan xavf-xatardan qo‘rqish insondagi o‘z-o‘zini himoya qilish xususiyati bilan bog‘liq bo‘lib, odatda, sog‘lom insonda kuzatiladigan holatdir. Bu kabi o‘z hayoti, nasli, turini begona va noma’lum xavf-xatardan himoyalash, biologik qo‘rquv hissiyoti hayvonlarda ham mavjud.


«Biz, shuningdek, dunyoning turli joylarida antisemitizm va islamofobiyaning kuchayganini, yahudiy, musulmon arab jamoalariga nisbatan zo‘ravonlik, irqchilikni targ‘ib qiluvchi hamda ularni kamsituvchi g‘oyalarga asoslangan ayirmachilik harakatlarining paydo bo‘layotganini chuqur tashvish bilan tan olamiz».

«Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi deklaratsiya»ning 61-moddasi


Ksenofobiya bu tabiiy bo‘lmagan, insondagi biror notanish narsaga nisbatan haddan ortiq nafrat hissining yuzaga kelishi, asab tizimining izdan chiqishi holatidir.

Insondagi ushbu psixologik xususiyat har qanday yangilikni, u yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’i nazar, undan hadiksiragan holda qabul qilishdan iborat. Masalan, yangilik kashfiyotchilaridan Galileo Galiley (1564–1642), Nikolay Kopernik (1473–1543) kabi olimlarning olamshumul ixtirolariga bo‘lgan munosabatni olishimiz mumkin. XIX asrda mahalliy xalqlar o‘rtasida «Tunuka tom yopilgan uyga farishta kirmaydi», «kartoshka — musulmonning taomi emas» kabi mutaassibona fikrlar tarqalgan. Bu masala haqida gapirilganida kulib qo‘yasiz. Ammo hozirgi XXI asrdagi sivilizatsiya jarayonlarining jadallashuvi davrida insonlar orasida ijobiy yangilikka nisbatan qo‘rquv hissi yo‘qolmaydi. Qo‘rquvning obyekti o‘zgaradi, xolos.


Tarixga nazar

AQSHda XIX asrda yuzaga kelgan «Ku-kluks-klan» guruhi qora tanlilarga qarshi oq tanlilar millatchiligi sifatida yuzaga kelgan edi. Bu guruh tomonidan qora tanlilarga nisbatan o‘tkazilgan tazyiq va terrorchilik harakatlari natijasida jamiyatda anchagina notinchliklar kelib chiqdi. «Oq irqchilik» nomi bilan mashhur bo‘lgan bu yashirin jamoa AQSHda 1861–1865-yillardagi fuqarolar urushidan keyin janublik sobiq askarlar tomonidan tashkil etilgan edi. Ular tomonidan nishonga olingan qora tanli «qurbon»ga dub daraxti shox-butog‘i yoki apelsin urug‘lari tashlab ketilar edi. Bu belgini olgan qora tanli kishi aytilgan ishni qilishi yoki mamlakatni tashlab chiqib ketishi kerak edi. Aks holda uni muqarrar o‘lim kutar edi.

Ку Клукс Клaн. Белое движение в СШA. — Москвa, 2001; McVeigh, Rory.

Ksenofobiya irqiy yoki diniy kamsitishlarga sabab bo‘ladi.
Ksenofobiya irqiy yoki diniy kamsitishlarga sabab bo‘ladi.

Diniy ksenofobiyadan tashqari etnik, milliy, irqiy ksenofobiya turlari mavjud. Biror xalqqa (etnosga) nisbatan hadiksirash, qo‘rquv bilan qarash va shu qarashlar bilan bog‘liq xatti-harakatlar etnik ksenofobiyaning bir ko‘rinishidir.

Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalarida «terrorizm» va «islom» so‘zlari juda ko‘p holatlarda birgalikda ishlatilmoqdaki, oqibatda islomdan qo‘rqish — islamofobiya tushunchasi yuzaga keldi. Islamofobiya atamasi XX asrning oxirlaridan muomalaga kirib kelgan.

Islamofobiyaning mafkuraviy jihati shundan iboratki, bunda bir tomondan dunyoviylik, ikkinchi tomondan vijdon erkinligi tamoyillarining ba’zi g‘arb davlatlarida to‘liq tartibga solinmaganligida ko‘rinadi.

Islamofobiya ba’zan «diniy kamsitish» (diniy diskriminatsiya) ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. «Diniy kamsitish» kishilarni diniy mansubligiga ko‘ra, ularning haq-huquqlarini chegaralashdan iborat.

Diniy ksenofobiyaning ko‘rinishlari boshqa jahon dinlariga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, xristianlik diniga nisbatan salbiy munosabat «xristianofobiya» so‘zi shaklida, yahudiylik diniga nisbatan «yudofobiya» iborasi ishlatiladi.

Ko‘pincha, jamiyatdagi ksenofobiyaning paydo bo‘lishiga ommaviy axborot vositalari sababchi bo‘ladi. Chunki ommaviy axborot vositalari vakillari, ko‘pincha, shov-shuvga sabab bo‘ladigan, kishilarda qiziqish uyg‘otadigan ma’lumotlarni tezlik bilan yetkazishga harakat qiladilar. Bunda biror millat, irq, dinga oid tushuncha va istilohlarni salbiy munosabat uyg‘otuvchi shaklda taqdim etish asosiy rol o‘ynaydi.


Insonning psixologik holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan «fobiya»larning ham, o‘z navbatida, bir necha turi mavjud. Xususan, «akrofobiya» (balandlikdan qo‘rqish), «agorafobiya» (odamlar gavjum joylardan qo‘rqish), «araxnofobiya» (o‘rgimchak va sh.k. hasharotlardan qo‘rqish), «astrafobiya» (momaqaldiroq va chaqmoqdan qo‘rqish), «klaustrofobiya» (tor va yopiq joylardan qo‘rqish) va hokazo.

Islamofobiya — jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikka raxna soluvchi diniy ksenofobiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, u islom diniga, unga e’tiqod qiluvchilarga va shu din bilan bog‘liq obyekt va tushunchalarga bir yoqlama, ya’ni salbiy jihatdan yondashuvning natijasidir.


Ommaviy axborot vositalari qatoridan birinchi o‘rinni egallagan Internet hozirgi kunda islom dini deganda, asosan, «urush», «jang», «qo‘shin», «zo‘ravonlik», «bosqinchilik» kabi ma’lumotni taqdim etmoqda.

Masalan, islom nomidan faoliyat ko‘rsatayotgan ekstremistik guruhlarning islom manbalarini buzib, o‘z manfaatlariga mos ravishda talqin etishga urinish lari, ikkinchi tomondan bu kabi o‘z manfaatlari yo‘lida hech qanday muqaddas narsani, na din-u diyonatni, na millat va Vatanni tan olmaydigan guruhlarni «islom» deb atash, ular olib borayotgan xunrezliklarni «islomning shartlari» sifatida talqin etish islamofobiyaning kuchayishiga olib keladi.

Islom diniga e’tiqod qiluvchi kishi ushbu din muqaddas manbalaridagi aqidalar, ularning ezgu mohiyatini to‘g‘ri anglab yetishi zarurdir. Musulmonlarning o‘zlari islom manbalari umuminsoniy qadriyatlarga qarshi chiqmasligini tushunib yetishlari lozim bo‘ladi. Islom ezgulik dini bo‘lgani sababli ham uni adolatli tarzda talqin etish talab etiladi. Aks holda uning mohiyatiga putur yetishi va bu din haqida chuqur bilimga ega bo‘lmaslik kishida u haqda salbiy tasavvur hosil bo‘lishiga olib keladi.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Diniy ksenofobiyaning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ladi?
  2. Islamofobiyaning ma’naviyatga tahdidi bormi? Fikringizni asoslang.
  3. Islom dining ezgulik mohiyati haqida fikr bildiring.
Previous articleDin va «ommaviy madaniyat»
Next articleIslamofobiya nima? Исламофобия нима?