Hamid Olimjonning «Muqanna» dramasi (insho)

0
muqanna
muqanna

Hamid Olimjonning «Muqanna» dramasi

Reja:

  1. Dramaning yozilish tarixi.
  2. «Muqanna» dramasida tarixiy haqiqatning ifodalanishi.
  3. Asardagi Muqanna obrazi.
  4. Muqanna va Guloyin o’rtasidagi munosabatlarning tasvirlanishi.
  5. Dramaning badiiy qimmati.

Bayoni

Odatda «Muqanna», «Jaloliddin Manguberdi» singari tragediyalarning ijodiy tarixi to’g’risida so’z borganda, ularning ikkinchi jahon urushi yillarida jang maydonlarida kurashayotgan va mehnat jabhalarida faoliyat olib borayotgan xalqni jasorat va qahramonlikka chorlash maqsadida, davrning ijtimoiy buyurtmasi sifatida yozilgani aytildi. Ammo Hamid Olimjon ijodining tadqiqotchilari bergan ma’lumotga ko’ra, shoir Muqanna qo’zholoniga bag’ishlangan sahna asarini yozishga 1937-yildayoq kirishgan va hatto o’sha yil asarning birinchi pardasini yozib tugatgan. To’g’ri, 1937-yilda shoir ustida ham qatag’on bulutlarining to’planishi bilan u asar ustidagi ishni to’xtatib qo’ygan va 1942-yilning boshlarida asarga qayta kirishib, o’sha yilning 12-fevralida birinchi pardaning yangi nusxasini yozib tugatgan. 1942-yil 31-mayda esa asar ustidagi ish uzil-kesil yakunlangan.

Hamid Olimjonning «Muqanna» tragediyasini urush yillarida yozish undan o’n uch asr muqaddam bo’lib o’tgan xalq ozodlik harakatiga shu davrning «ko’z»i bilan qarashni, shu davrdagi siyosiy-ijtimoiy sharoitni, davr g’oyalari va ma’naviy ehtiyojlarni ‘tiborga olishnm talab etdi. Binobarin, shoir, birinchi navbatda, Vatan ozodligi yo’lida kurashgan va shu kurashda qurbon bo’lgan Muqanna va uning safdoshlari qahramonona obrazlarini yaratishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi.

Hamid Olimjon tarixiy haqiqatdan kelib chiqib, asarga Muqannadan tashqari, uning safdoshlari – G’irdak, Bog’iy, Xishriy, Hakim, Kulartagin singari tarixiy shaxslar va shu bilan birga oddiy xalq ommasining Otash, Gulobod va Guloyin singari vakillarining to’qima obrazlarini ham olib kirgan. Bu har ikkala toifadagi obrazlar o’zaroaloqaga kirishib, muallifga tarixiy davr haqiqatini o’z badiiy niyati doirasida mujassamlantirish imkonini bergan.

Muqanna xalq zo’rlik bilan musulmon diniga o’tkazilayotgan bir paytda Muqannaning o’z maslakdoshlari bilan kelib, vatandoshlarni zulm va zo’ravonlikka qarshi kurashga undashi bilan tragediyaning tuguni boshlanadi. Va bu tugun rivojlani, ikki ijtimoiy kuch o’rtasidagi kurash o’t bo’lib olib ketadi.

Muqanna aksar tarixiy manbalarda soxta payg’ambar sifatida tasvirlangan. Narshaxiy singari tarixchilar o’zlari mansub bo’lgan ijtimoiy qatlamning dunyoqarashidan kelib chiqib, Muqannani qandaydir lo’ttiboz sifatida talqin etganlar. Holbuki, Muqanna qo’zg’oloni feodal jamiyatning turli-tuman qatlamlarini o’zida birlashtirgan ulkan xalq harakati edi. Bu harakat o’zidan yuz yil muqaddam O’rta Osiyo va Movarounnahr cho’llarida o’tkazilgan va mahalliy xalqning qoni bilan sug’orilib turgan islomning hali nimjon niholini tag-tomiri bilan sug’urib tashlashga oz qolgan. Milliy ozodlik kurashi bayrog’i ostida o’tgan bu harakat arab bosqinchilari olib kelgan davlat tuzumini qariyb 15 yil mobaynida larzaga keltirib turgan.

Muqannaning asl ismi Hoshim ibn Hakim bo’lib, Muqanna uning laqabidir. «Niqobli kishi» ma’nosini anglatuvchi bu laqab, aftidan, unga xalq tomonidan berilgan. Muqanna marvlik bo’lib, otasi singari Abu Muslim huzurida sarxang (ofitser) bo’lib xizmat qilgan. Narshaxiyning aytishicha, u keng bilimli, turli fanlar va «sirli san’atlar»dan xabardor kishi bo’lgan. U o’z atrofiga xalq ommasini to’plash va uning muhabbatini qozonish niyatida o’zini payg’ambar deb e’lon qilgan. Manbalarda aytilishicha, Muqanna odamlarning: «Boshqalar faqat payg’ambarlik da’vosini qilgan edilar. Nega endi sen xudolik da’vosini ham qilayapsan?» degan savolga: «Boshqalar faqat vujuddan iborat edilar. Men esa boshdan-oyoq ruhdan iboratman va istagan qiyofada, hatto Odam Ato, Nuh, Ibrohim, Muso, Iso, Muhammad, Abu Muslim sifatida paydo bo’lishim mumkin», degan.

Muqanna xalq ommasiga qanday so’zlar bilan murojaat etmasin, uning maqsadi bitta g’ yurtga bosib kelgan, o’z dinini zo’rlab o’tkazmoqchi bo’lgan bosqinchilarga qarshi kurash, xalq va mamlakatni qullikdan ozod etish. Hamid Olimjon nemis fashizmi sovetlar mamlakatiga hujum qilgan Ikkinchi jahon urushi yillarida ana shu maqsadini badiiy mujassamlantirish uchun Muqanna qo’zg’oloni mavzusiga murojaat etgan.

Hamid Olimjon Guloyin siymosida siyosiy va mafkuraviy aqidalar to’riga ilinmagan, cho’ri bo’lsa ham o’zini erkin qushdek his etuvchi, pokiza, yorug’ orzular va intilishlar bilan yashayotgan qiz obrazini yaratgan. Guloyin otasining: «Biz hali ham topinamiz otashga. Sen-chi, qizim?» degan savoliga javoban bunday so’zlarni aytadi:

…Shuncha yillar otashgaohga topindim
Va bilmadim, ilohim kim, tangrim kim?
Qayg’usi yo’q biror kunni ko’rmadim,
Biror soat men baxtiyor bo’lmadim.
Ixtiyorni bersang agar menga sen
Ozodlikka topinardim yolg’iz men.

Guloyin o’zidagi ana shu erksevarlik fazilati tufayli Muqanna siymosida nafaqat xaloskori, balki o’z orzularining ushalishiga yordam berajak yorqin siymoni ham ko’radi, uni sevib qoladi va uning muhabbatini qozonadi.

Dramaturg Guloyin obrazini rivojlantira borar ekan, uning Battol va Feruz singari xoinlarni larzaga soluvchi qilich sohibi, mard va jasur ayol darajasiga ko’tarilganini ishonarli tasvirlaydi. Guloyin xoin qilichidan halok bo’ladi. Ammo uning qoni ozodlik yo’lida to’kilgan va boshqalarni kurashga yanada chorlagan hayotbaxsh qon edi. Dramaturg Komil Yashin o’sha yillarda «Muqanna» spektakliga yozgan taqrizida Guloyinni jahon adabiyotining Laurentsiya, Neston- Darijon obrazlariga qiyos qilgan ediki, bu tasodifiy emas.

«Muqanna» tragediyasi to’g’risida bahs borganda, uning nafaqat urush yillarida, balki sovet mafkurasi diniy e’tiqodiga qarshi o’t ochgan davrlarda yozilganini unutmaslik lozim. Xuddi shu narsa asar qahramonlarining musulmon dini sha’niga aytgan so’zlarida o’z ifodasini topgan. Lekin bu qahramonlar otashparatslar diniga mansub bo’lganlari uchun ularning Qur’on yoki islom dini sha’niga aytilgan so’zlarini muallif dunyoqarashining ifodasi sifatida qabul qilish to’g’ri bo’lmaydi. Zeroki, dramaturg asarda Muqanna qo’zg’oloni misolida o’zbek xalqining uzoq asrlar mobaynida har qanday zulm va zo’ravonlikka, bosqinchilikka qarshi, erk va hurriyat uchun olib borgan qahramonona kurashini tasvirlashigina o’ziga maqsad qilib olgan.

Hamid Olimjon XX asr o’zbek adabiyoti taraqqiyotiga dastavval lirik shoir sifatida katta hissa qo’shdi. Uning urush yillarida yozgan ikki dramatik asari, ayniqsa, «Muqanna» tragediyasi o’zbek dramaturgiyasida katta voqea bo’ldi. Bundan tashqari, u adabiyotshunos olim sifatida ham o’zbek xalq og’zaki ijodi, ham mumtoz o’zbek adabiyoti, ham XX asrning birinchi choragidagi o’zbek adabiyoti tarixini o’rganishga qaratilgan tadqiqodlarni yaratdi. Uning bu sohadagi ishlari orasida Fozil Yo’ldosh og’zidan yozib olingan «Alpomish» dostonini nashrga tayyorlaganligi va Alisher Navoiy ijodini o’rganishga bag’ishlangan ilmiy maqolalari, ayniqsa, ahamiyatlidir. Shuningdek, Hamid Olimjon rus adabiyotining bir qator go’zal namunalarini o’zbek tiliga katta mahorat bilan tarjima qilib, ularni xalqimiz va madaniyatimizning qimmatbaho mulkiga aylantirdi.


Tayanch so’z va iboralar:

Dramaturgiya, tragediya, asar g’oyasi, tarixiy davr haqiqati, badiiy talqin, bosqinchi, soxta payg’ambar, mahalliy xalq, dramatik vaziyat, siymo.

Savol

  1. «Muqanna» dramasida tarixiy haqiqat qanday ifodalangan?
  2. Muqanna obrazi o’zbek yozuvchilarining o’tmish mavzusida yozgan asarlaridagi qanday qahramonlarni eslatadi?
  3. Muqana va Guloyin o’rtasidagi munosabatlar haqida gapirib bering.
  4. Ushbu asarning badiiy qimmati nimada?

Hamid Olimjonning hayoti va ijodi

Previous articleHamid Olimjon sherlarininng g’oyaviy-baddiiy xususiyatlari (insho)
Next articleMirtemirning hayoti va ijodi. «Surat» lirik qissasi