Hujayralarning hayotiy faoliyati

0

Tirik hujayralar ichidagi harakatni kuzatish hammani qi- ziqtiradi. Bu harakatni akvariumda o‘stirilgan elodeya suv- o‘tidan tayyorlangan preparatda ko‘rish mumkin. Elodeyaning barglari bir qavat hujayralardan tuzilgan bo‘ladi, uni mikroskopda butunligicha ko‘rish mumkin (22-rasm).

22-rasm. Elodeya o’simligi hujayrasida sitoplazmaning harakati.

Elodeya suvda o‘sganligi uchun mikroskopdagi suv tomchisida tabiiy sharoitda o‘sgandek tirik bo‘ladi. Shu- ning uchun uning hujayralaridagi sitoplazmaning uzluksiz harakati aniq ko‘rinadi. Sitoplazma bir yo‘nalishda harakatlanadi, ya’ni hujayraning turli qismidagi oziq moddalar va kisl orodning harakat yo‘nalishi tomon siljiydi. Hujay¬ralar qobig‘ida teshikchalar bo‘lib, sitoplazmaning harakati davomida bir hujayradagi oziq moddalar va kislorod ikkinchi hujayraga shu teshikchalar orqali o‘tadi. Bu jarayonni kuzatish uchun hujayra qobig‘i da (ko‘zga ko‘rinmaydigan) teshikchali kichkina sellofan  xaltachaga bug‘doy unidan tayyorlangan ozgina xamir solib, og‘zi bog‘lab qo‘yiladi va stakandagi yodli suvga tushiriladi. Vaqt o‘tishi bilan xamir ko‘kish rangga kiradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, hujayralar qobig‘i orqali ular ichiga moddalar o‘tgan.

O‘simliklarning har bir tirik hujayrasi yashash uchun nafas oladi va oziqlanadi. Bu jarayon hujayralarda quyosh nuri ta’sirida, suv va unda erigan turli moddalar hamda kislorod bo‘lgan holdagina amalga oshadi.

Tabiiyki, tashqi muhitdan hujayralar ichiga zarur mod­dalar qanday qilib kirishi mumkin, degan savol tug‘iladi. Hujayralar qobig‘i va sitoplazma o‘zi orqali hamma modda- larni ham o‘tkazavermaydi. Masalan, tuproqdan hujayralar ichiga suv va unda erigan moddalar kiradi.

O‘simliklar hujayrasi ichiga tashqaridan kirgan turli eritmalar qayta ishlanib, hayotiy zarur moddalarga aylanadi.

Shunday qilib, hujayralar ichiga tashqaridan turli moddalar kiradi. Bu hujayralarning hayotiy xususiyatlaridan biridir.

Hujayralarning o‘sishi va bo‘linishi

Hujayralarning o‘sishi va bo‘linishi. Hujayralarga xos muhim biologik xususiyatlardan biri ularning o‘sishi va bo‘linishidir. Hujayralarning o‘sishini mikroskopda kuzatish ancha murakkab bo‘lsa-da, lekin kuzatish mumkin.

23-rasm. Hujayralarning o’sishi.
23-rasm. Hujayralarning o’sishi.

Tabiiyki, yosh hujayralar ancha kichik bo‘lib, o‘sgan sari kattalasha boradi (23-rasm). Shuni aytish kerakki, har bir hujayra ma’lum o‘lchamgacha o‘sadi. O‘sish jarayonida o‘simliklarning ayrim hujayralari shaklini o‘zgartirmagani holda, ko‘pchilik hujayralar shaklini ma’lum darajada o‘zgartiradi. Hujayralarning qobig‘i yoshiga qarab qalinlashadi. Qari huj ayralarda vakuol sitoplazmaga qaraganda ko‘proq joy egallaydi. Bu belgi yosh va qari hujayralarni ajratish imkonini beradi. Vaqt o‘tishi bilan qari hujayralarda sitoplazma va mag‘iz butunlay yo‘qolib, ularning o‘rnini suv yoki havo egallaydi, natijada ular nobud bo‘ladi.

Siz endigina urug‘dan unib chiqqan niholning vaqt o‘tishi bilan o‘sib kattalashib, turli o‘lcham va shakldagi barg, poya, kurtak, gul, meva hosil qilishini yaxshi bilasiz. Sa- lobatli yong‘oq, chinor, terak va boshqa daraxtlarning barcha organlari hujayralarning bo‘linib ko‘payishi hisobiga vujudga kelgan.

Hujayralar bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi. Shuni ham aytish kerakki, hamma hujayralar ham bo‘linavermaydi. Faqat o‘sish nuqtasidagi hujayralargina bo‘linadi. Hujayralarning bo‘linishida mag‘iz katta rol o‘ynaydi.

Qari hujayralardan yosh huj ayralar yuzaga kelguncha ularda juda katta va murakkab biologik o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, ya’ni mag‘iz oldingi shaklini va qobig‘ini yo‘qotadi (24-rasm).

24-rasm. Hujayraning bo‘linishi: 1-ona hujayra bo‘linguncha; 2-bo‘linish oldidan hujayra mag‘izi kattalashadi; 3-mag‘izi ikkiga ajralgan hujayra; 4-yosh hujayralar.
24-rasm. Hujayraning bo‘linishi: 1-ona hujayra bo‘linguncha; 2-bo‘linish oldidan hujayra mag‘izi kattalashadi; 3-mag‘izi ikkiga ajralgan hujayra; 4-yosh hujayralar.

Ular sitoplazmadagi to‘siq orqali ajralib turadi.

Hujayra asosan uch xil: amitoz, mitoz va meyoz yo‘llari bilan bo‘linadi. Bo‘linadigan hujayralarda dastlab mag‘iz kattalashadi, so‘ng ikkiga bo‘linadi va ular maxsus parda bilan qoplanadi. Bu davrda sitoplazmada ham to‘siq paydo bo‘lib, ona hujayrani teng ikkita yosh hujayraga ajratadi. Hujayra bo‘linishi bilan undagi plastidalar ham teng ikkiga ajralib, yosh hujayralarga o‘tadi. Hosil bo‘lgan yosh hujayralar o‘zidagi oziq moddalar hisobiga o‘sishda davom etadi. Ular ona hujayra o‘lchamiga yetgach, yana yosh hujayralarga bo‘linadi. Shunday qilib, o‘simliklarning o‘sishi hujayralarning bo‘linib ko‘payishi va o‘sishi hisobiga boradi.


  1. Elodeya bargi hujayralaridagi sitoplazmaning hara- katini qanday kuzatish mumkin?
  2. Hujayralar ichiga moddalar qanday kiradi va ular qanday o‘zgarishlarga uchraydi?
  3. Hujayralar o‘sish jarayonida qanday o‘zgaradi?
  4. Yosh hujayralar ona hujayralardan qanday farq qiladi?
  5. Hujayralar bo‘linishida mag‘izda qanday o‘zga- rishlar sodir bo‘ladi?

>>>

Hujayra va uning tarkibiy qismlari

Previous articleМаколлардан намуналар
Next articleO‘simlik to‘qimalari