Eng ulug‘, eng aziz ayyom (Vatan tuyg‘usi)

0

Энг улуғ, энг азиз айём. Vatan ozodligi – oliy saodat.


Assalomu alaykum, aziz o‘quvchi!

Siz yangi o‘quv yilini boshlab, yana qadrdon maktabingiz bag‘riga qaytgan shu kunlarda yurtimizda bayram tantanalari davom etmoqda. 1-sentabr – Mustaqillik kuni ekanini siz albatta yaxshi bilasiz.

Vatan dunyodagi eng buyuk, eng muqaddas ne’mat bo‘lgani uchun uning mustaqilligi ham shunchalik qadrlidir.

Bugun siz foydalanayotgan imkoniyatlar – obod maktab, yorug‘ sinf xonalari, kompyuterlar, axborot-resurs markazlari, sport maydonlari, zamonoviy darslik va o‘quv qurollari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas. Mustaqillikdan oldin ular haqida hatto tasavvur qilish ham qiyin edi.

Mustaqillik el-yurtimizni zulm va kishanlardan ozod qildi, uning qonuniy huquqlari, sha’n-u g‘ururi, tarixi, tili va dini, milliy qadriyatlarini tikladi. Shu bois Mustaqillik kuni biz uchun eng ulug‘, eng aziz bayramdir.

Biz o‘zimiz nafas oladigan, hayotimizning eng muhim sharti bo‘lgan toza havo, tinch-osoyishta hayot naqadar bebaho ne’mat ekani haqida ko‘pincha chuqur o‘ylab ko‘rmaymiz. Vaholanki, ulardan bahramand bo‘lmasdan, yashash mumkin emas.

Siz bugun erkin va ozod, tinch va osoyishta yurtda yashab, zamonaviy bilim maskanlarida ta’lim-tarbiya olmoqdasiz. Afsuski, dunyoning barcha mamlakatlarida ham bolalar bunday imkoniyatlarga ega emas.


Afg‘on qizining armoni

Fransuz kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Budda ham uyatdan portlab ketdi» deb nomlangan badiiy filmda jajji bir qizaloqning butun borlig‘i bilan ilm olishga intilishi, lekin Afg‘onistondagi notinch vaziyat, jaholatga berilgan kimsalarning bunga xalaqit berishi haqida hikoya qilinadi. Qizaloq ne-ne azoblar bilan ozgina pul topadi va daftar sotib oladi. Ammo ruchkaga puli yetmaydi. Oyisining pardoz qalamini olib, maktabga otlanadi. Yo‘lda faqat urushni umrining mazmuni deb biladigan yo‘lto‘sar bolalarga duch keladi. Ular qizchani «asir» olib, tiriklayin yerga ko‘mmoqchi bo‘lishadi. Qizcha ularning qo‘lidan qochib, bir maktabga yetib keladi. Afsuski, bu o‘g‘il bolalar maktabi bo‘lib chiqadi. Muallim uni ko‘chaga haydab soladi.

 Qizcha endi olis qishloqdagi qizlar maktabiga yo‘l oladi. Ammo boshqa qishloqdan kelgani uchun u yerdan ham quviladi. Shu tariqa ko‘chada qolishdan, o‘zi dastlab duch kelgan qaroqchi bolalarga, ya’ni jaholatga yem bo‘lishdan boshqa iloji qolmaydi.

Aziz o‘quvchi, mamlakatimizda o‘quvchilarni maktablarning 1-sinfiga qabul qilish haqiqiy bayram sifatida o‘tishi haqida gapirib bering. Bu holatni afg‘on qizi duch kelgan voqealar bilan solishtiring.


Xayriddin Sultonov, Murtazo Qarshiboyev “Vatan Tuyg‘usi” Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 6-sinflari uchun o‘quv qo‘llanmasi

Previous articleG – K, Q – G‘ undoshlari talaffuzi va imlosi
Next articleO‘zbekiston maktablari