Gidrosferaning tarkibi. Dunyo okeani

0

Yerning suv qobig‘i — gidrosfera. Gidrosferaning tarkibi. Dunyo okeani. Ернинг сув қобиғигидросфера. Гидросферанинг таркиби. Дунё океани. Tinch ocean. Atlantika okeani. Hind okeani. Shimoliy Muz okeani. Dengizlar, qo‘ltiqlar, bo‘g‘izlar. Тинч океан. Атлантика океани. Ҳинд / хинд океани. Шимолий Муз океани. Денгизлар, қўлтиқлар, бўғизлар, култиклар, бугизлар. Okeanlar tagi relyefi. Океанлар таги рельефи


Yerning suv qobig’i gidrosfera deb ataladi (yunoncha «hydro» – suv, «sphaira» – shar degani). Gidrosferada suv uch xil – suyuq, qattiq (muz) va bug‘ holatida uchraydi. Gidrosfera, asosan, ikki qismdan iborat (quyidagi jadvalga qarang).

Gidrosfera qismlari

Suv miqdorining nisbati, % his.

Suv miqdori, mln. km3

Dunyo okeani96,51340
Quruqlikdagi suvlar3,547,5

Gidrosferadagi suvning asosiy qismi okeanlarda yig‘ilgan (96,5 %). Biroq bu suv juda sho‘r bo‘lganligi uchun undan ichishga ham, ekinlarni sug‘orishga ham foydalanib bo‘lmaydi. Quruqlikdagi suvning deyarli yarmi sovuq o‘lkalardagi muzliklarda to‘plangan. Muzliklar suvi chuchuk, toza suv, lekin odamlar yashaydigan joylardan uzoqda bo‘lganligidan foydalanish qiyin. Issiq o‘lkalarning baland tog‘laridagi muzliklar yozda daryolarga suv berib turadi.

Yer osti suvlari taxminan muzlik suvlaricha bo‘lsa ham, ularning sifati har xil. Sho‘r yer osti suvlari ham ko‘p.

Yer usti suvlari – daryo va ko‘llarda to‘plangan. Ularda suv kam. Lekin suv aylanib kelaverganidan insoniyat foydalanishi uchun eng qulay. Yer usti suvlari Yer yuzida juda notekis taqsimlangan. Havodagi suv bug‘lari Yer yuziga yog‘adigan yog‘inlar manbayidir.

Dunyoda suv to‘xtovsiz aylanma harakatda bo‘ladi. Quyosh nuri okeanlardan juda ko‘p suvni bug‘latadi. Bug‘ning bir qismi okeanlarga yog‘in bo‘lib yog‘adi. Bir qismini shamol quruqliklarga olib ketadi va u yerlarda yog‘in bo‘lib yerga tushadi. Bu suv daryolarga tushib oqadi va yana okeanlarga quyiladi. Suvning okeanlardan havo orqali quruqliklarga va quruqlikdan daryolar orqali yana okeanlarga qaytib keladigan to‘xtovsiz harakati suvning tabiatda aylanishi deyiladi.

Suvning bunday aylanib turishining ahamiyati juda katta. Quruq- likda yog‘in yog‘may qo‘ysa nima bo‘lardi? Quruqlikdagi hamma suv bug‘lanib ketib, o‘simliklar qurirdi, hayvonlar qirilib ketardi. Hamma joy qurib qaqshab yotgan cho‘lga aylanar edi.

Dunyo okeani

Dunyoda okeanlar 4 ta: Tinch, Atlantika, Hind va Shimoliy Muz okeanlari (40-rasm). Ularning hammasi birgalikda Dunyo okeani deb ataladi.

40-rasm. Dunyo okeanining engyirik qismlari - okeanlar
40-rasm. Dunyo okeanining engyirik qismlari – okeanlar

Tinch okean

Tinch okean eng katta va eng chuqur okean. Maydoni butun quruqlik maydonidan katta – 180 mln km2. Eng chuqur joyi Mariana botig’i – 11022 metr.

Atlantika okeani

Atlantika okeani kattaligi jihatidan ikkinchi o‘rinda turadi. May- doni 91 mln km2. Eng chuqur joyi Puerto-Riko botig‘i – 8742 metr.

Hind okeani

Hind okeani maydonining kattaligiga ko‘ra uchinchi o‘rinda turadi. Uning maydoni 76 mln km2. Eng chuqur joyi Zond botig‘i – 7729 metr.

Shimoliy Muz okeani

Shimoliy Muz okeani eng kichik okean – maydoni 14 mln km2. Eng chuqur joyi – 5527 metr. Bu okean Shimoliy qutb atrofida joy- lashgani tufayli eng sovuq okean hisoblanadi. Ko‘p qismi doimo muz bilan qoplanib yotadi.

Dengizlar, qo‘ltiqlar, bo‘g‘izlar

Dengizlar okeanlarning kichik qismlari bo‘lib, ulardan yarimorollar, orollar va suv osti qirlari bilan ajralib turadi. Quruqliklarning chekkasiga tutashgan dengizlar chekka dengizlar deyiladi. Masalan, Hind okeanidagi Arabiston dengizi, Tinch okeandagi Bering dengizi. Lekin ayrim dengizlar quruqlikning ichiga ancha kirib borib, okeanlar bilan bo‘g‘izlar orqali tutashgan. Bunday dengizlar ichki dengizlar deb ataladi. O‘rta dengiz, Qizil dengiz, Qora dengiz ichki dengizlardir.

Okean, dengiz va ko‘llarda qo‘ltiqlar ham bo‘ladi. Qo‘ltiq deb okean, dengiz va ko‘llarning quruqlik ichkarisiga kirib borgan kichik va sayoz qismlariga aytiladi. Hind okeanining Bengaliya va Fors qo‘ltiqlari, Atlantika okeanining Biskay qo‘ltig‘i bor.

Okean, dengiz va ko‘llarning ikkita katta qismini tutashtirib tura- digan suvli tor yo‘lakka bo‘g‘iz deyiladi. Masalan, Gibraltar bo‘g‘izi Atlantika okeanini O‘rtayer dengiz bilan tutashtirib turadi.

Okeanlar tagi relyefi

Okeanlar tagi ham quruqliklar yuzasi kabi notekis. Okeanlarning materiklarga tutashgan chekka qismlarida quruq- likning suv tagidagi davomi – materik sayozligi, ya’ni shelf joylashgan. Uning chuqurligi 200 m dan oshmaydi. Kengligi har xil. Materik sayozliklari foydali qazilmalarga, ayniqsa, neft va gazga boy bo‘ladi.

200 metrdan 2500-3000 metr chuqurlikkacha bo‘lgan joylar materik yonbag‘ri deyiladi. Undan chuqurda okean tagi boshlanadi. Okean tagida keng tekisliklar, tog‘lar, juda chuqur botiqlar mavjud. Suv osti tog‘ tizmalari minglab kilometrga cho‘zilgan (41-rasm).

41-rasm. Okean tagi relyefi
41-rasm. Okean tagi relyefi

Dengiz va okeanlarning chuqurligi exolot deb ataladigan asbob bilan o‘lchanadi (42-rasm). Bunda okean yoki dengiz tubiga qarab exolotdan tovush to‘lqini yuboriladi.

42 - rasm. Chuqurlikni exolot yordamida o ‘lchash — a); zamonaviy exolot — b).
42 – rasm. Chuqurlikni exolot yordamida o ‘lchash — a); zamonaviy exolot — b).

Suvda tovush to‘lqini 1 sekundda 1500 m tezlik bilan tarqaladi. Tovush to‘lqinining okean yoki dengiz tubiga yetib borib, qaytib kelishiga ketgan vaqt asosida suv havzalarining chuquliklari aniqlanadi. Masalan, okean tubiga yuborilgan tovush to‘lqini 4 sekundda qaytib kelganligi ma’lum bo‘lsa, okeanning chuqurligi quyidagicha topiladi. Tovush to‘lqini yetib borib, qaytib kelishi uchun ketgan vaqt ikkiga bo‘linadi. Chunki tovush to‘lqini bu masofani 2 marta bosib o‘tadi, ya’ni 4 sekund : 2 = 2 sekund. Olingan natijani 1500 m, ya’ni suvda tovush to‘lqinining tarqalish tezligiga ko‘paytiramiz: 2 x 1500 m = 3000 m. Demak, okeanning chuqurligi 3000 m ekan.


Tayanch so‘z va tushunchalar

  • Gidrosfera
  • Dunyo okeani
  • Quruqlikdagi suvlar
  • Suvning tabiatda aylanishi
  • Shelf
  • Materik yonbag‘ri
  • Exolot

Savollar

  1. Gidrosfera nima va u qanday tarkibiy qismlardan iborat?
  2. Qo‘ltiq nima?
  3. Bo‘g‘iz deb nimaga aytiladi?
  4. Darslikdagi ma’lumotlardan foydalangan holda quyidagilarni bajaring:
    a) dengizning chuqurligi 7500 metr bo‘lsa, exolotdan yuborilgan tovush to‘lqini qancha vaqtda dengiz tubiga yetib borishini;
    b) dengizning chuqurligi 6000 metr bo‘lsa, exolotdan yuborilgan tovush to‘lqini qancha vaqtda qaytib kelishini hisoblang.
Previous articleYer yuzasi relyefining asosiy shakllari
Next articleDaryolar (дарёлар)