O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti. Ўзбекистон / Узбекистон – буюк алломалар юрти.
Aziz o‘quvchi, ona Vatanimiz haqida so‘z borganida, ko‘pchilik uning yana bir xususiyatini ta’kidlaydi. Bu – mamlakatimiz qadimdan buyuk allomalar yurti sifatida mashhur ekanidir. Shu mavzudagi xalqaro konferensiya 2014-yil 15–16-may kunlari aynan bizning diyorimizda, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tkazilganidan siz avvalgi darslarimiz orqali yaxshi xabardorsiz. Bu anjumanda o‘rta asrlarda yurtimizdan shu qadar ko‘p va buyuk allomalar yetishib chiqqani dunyo tarixida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida ta’kidlandi.
Rivoyat
Olimlik martabasi

Mirzo Ulug‘bekdan: «Siz nega siyosatdan ko‘ra ilmga ko‘proq qiziqqansiz?» – deb so‘raganlarida, bunday deb javob bergan ekan: «Men ilmning qudratini bobomdan bildim. Bir safar bobomning tizzasida o‘ltirardim. Uning huzuriga bir kishi kirdi. Bobom shoshib o‘rnidan turdi. Men uning tizzasidan tushib ketdim. Bobom bunga parvo ham qilmasdan, haligi odamni kutib olishga oshiqdi. Keyin bilsam, o‘sha kishi bobomga bir paytlar ilm o‘rgatgan ustozi ekan. Olimlik martabasi podsholikdan ham ulug‘roq ekanini o‘shanda bilganman. Shunda ko‘nglimda olim bo‘lish havasi uyg‘ongan edi».
Jahon tilshunos olimlari dunyodagi buyuk shoir va yozuvchilar orasida eng ko‘p so‘z boyligiga ega bo‘lgan ijodkorni aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgan. Uning natijasiga ko‘ra, ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy jahondagi so‘z boyligi eng ko‘p shoir sifatida tan olingan. Alisher Navoiy o‘z asarlarida 26 ming 35 ta so‘z ishlatgan ekan. Buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin 21 ming 193 ta, ingliz shoiri Uilyam Shekspir 20 mingdan ortiq so‘z qo‘llagan ekan.
Shu bois Alisher Navoiy bobomiz butun dunyoda ma’lum-u mashhurdir. Bu ulug‘ zotning xotirasiga Rossiya Federatsiyasining poytaxti Moskva shahrida, Yaponiya poytaxti Tokioda va Ozarboyjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida muazzam haykallar o‘rnatilgani buyuk ajdodlarimizga, butun xalqimizga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Shuning uchun ham Prezidentimiz Islom Karimov Alisher Navoiyning buyuk dahosiga ulkan baho berib, ul zot haqida g‘urur-iftixor bilan bunday so‘zlarni yozgan:
«Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir»[1].
Buyuk iste’dod sohibi bo‘lgan yana bir ajdodimiz — Kamoliddin Behzod o‘rta asrlarda Sharq rassomchiligida katta maktab yaratgan.
Bu zotni buyuk mutafakkir bobolarimizdan biri Zahiriddin Muhammad Bobur «musavvirlik ishini bisyor nozuk qildi», deya ta’riflaydi. Bu so‘zlar Behzodning kishi chehrasi orqali uning ichki dunyosi, fe’1atvorini juda nozik tasvirlab bera olish mahoratiga ishora. Garchi G‘arbda Behzodni «Sharq Rafaeli», deya o‘zlari bilgan va yaxshi ko‘rgan rassomga qiyoslab ulug‘lagan bo‘lsalar-da, uning ijodi buyuk italyan rassomi va me’mori, g‘arb uyg‘onish davrining yetuk namoyandasi hisoblangan Rafael Santining ijodidan mutlaqo farq qiladi. Rafael Santi saroy va ibodatxonalarga suratlar ishlagan, katta-katta polotnolar chizgan. Kamoliddin Behzod esa inson ruhiyatini chuqur aks ettirgan Sharq, xususan, Movarounnahr va Xuroson miniatyura san’ati maktabiga asos solgan.
Amudaryodan janub tarafdagi hududlar qadimda Xuroson deb atalgan.
G‘arb uyg‘onish davri dastlab XIV–XV asrlarda Italiyada boshlangan va butun Yevropaga yoyilgan. Uyg‘onish davri deganda, o‘rta asrlardagi diniy jaholat hukmron bo‘lgan davrdan ma’rifiy qarashlar kuchaygan yangi davrga qadam qo‘yish tushuniladi. Bu davr Sharqda biroz oldinroq – IX asrda boshlanib, XV asrgacha davom etgan.
Yurtimiz tuprog‘i moddiy boyliklar qatori ma’naviy boyliklarga ham kon. Uning har qarich yerida ko‘hna sivilizatsiyaga daxldor bo‘lgan noyob yodgorliklarni topish mumkin. Ularning aksariyati YUNESKOning maxsus ro‘yxatida turishi ham shundan dalolat beradi. Katta bo‘lib, dunyoning eng nufuzli muzeylarini tomosha qilsangiz, albatta, O‘zbekistonga taalluqli bo‘lgan nodir yodgorliklarga ham duch kelasiz. Bularning barchasi bizning naqadar ulkan ma’naviy boylikka voris ekanimizni bildiradi. Bular-ku ko‘zga ko‘rinib turgan boyliklarimiz, lekin bir qarashda ko‘zga tashlanmaydigan, odamlarimizga xos buyuk fazilatlar, ularning boy ruhiy dunyosi, go‘zal fazilatlari, betakror histuyg‘ulari-chi?
Agar daryolarning qanday hosil bo‘lishiga e’tibor bergan bo‘lsangiz, tog‘lardagi jilg‘alar irmoqlarga, irmoqlar soylarga qo‘shilib, daryoga aylanadi. Ular o‘z yo‘lida qanchadan-qancha tosh-u giyohlarni, tuz va ma’danlarni o‘ziga singdirib, yerning tomiriga hayot baxsh etib turadi.
Ma’naviyatni ham ana shunday daryoga qiyoslash mumkin. U ham asrlar qa’ridan ne-ne hayotiy tajribalarni, millionlab insonlarga xos bilim va hissiyotlarni o‘zi bilan birga olib keladi. Xuddi daryo suvi yerning tomirlariga hayot bag‘ishlab turganidek, u ham insonlar va xalqlar turmushiga ma’no-mazmun beradi.
[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 47-bet.
Savol va topshiriqlar:
- Samarqandda buyuk allomalarimiz merosiga bag‘ishlangan xalqarokonferensiya qachon bo‘lib o‘tdi?
- Mirzo Ulug‘bek olimlik martabasining benihoya buyuk ekaniniqachon his etgan?
- Ushbu shaharlar ichidan Alisher Navoiy haykali qo‘yilgan shaharlarniajratib ko‘rsating.









