O‘tda yonmaydigan meros

0

O‘tda yonmaydigan meros. Ўтда ёнмайдиган мерос. Утда ёнмайдиган мерос.


Aziz o‘quvchi, moddiy boylik qanchalik ko‘p, qanchalik bebaho bo‘lmasin, bir kuni kelib eskirishi yoki turli falokatlar tufayli o‘tda kuyib, suvga cho‘kib ketishi mumkin. Ma’naviy boylikning afzalligi shundaki, unga vaqt, zamon o‘z ta’sirini o‘tkazolmaydi.

Ma’naviy boylik o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi, toki inson, xalq va millat bor ekan, ularning qalbida, ong-u shuurida yashayveradi.

Necha asrlar davomida xalqimiz kabi uning ma’naviy boyliklari ham og‘ir va murakkab sinovlarni boshidan kechirdi. Lekin qanchalik shafqatsiz qirg‘in va bosqinlarga duch kelmasin, xalqimiz hayotida ma’naviyat bulog‘i hech qachon qurib qolmadi.

12 MING QORAMOL TERISIGA BITILGAN KITOB

Bundan 2700 yil avval bizning yurtimiz hududida yaratilib, 12 ming qoramol terisiga tilla suvi bilan yozilgan «Avesto» kitobi chet o‘lkalarda ham ma’lum va mashhur bo‘lgan.

Dunyodagi turli kuchlar bu boylikka egalik qilishga uringan. Masalan, mashhur yunon sarkardasi Aleksandr Makedonskiy 32 kitobdan iborat bu asarning asl nusxasini Yunonistonga yuborgan. Yunonlar mazkur kitobning tibbiyot, astronomiya, falsafaga oid boblarini alohida ko‘chirtirib olib, qolgan sahifalarini olovga tashlab, yoqib yuborgan. Bizning diyorimizda tug‘ilgan buyuk kashfiyotlar shu tariqa Yunoniston orqali butun Yevropaga yoyilgan.

Bu haqiqatni g‘arb olimlari ham e’tirof etgan. Mashhur nemis faylasufi Fridrix Nitsshe «Avesto» hikmatlaridan ruhlanib, «Zardusht tavallosi» nomli asar ham yozgan.

Bu kitob o‘tda yondirilganiga qaramasdan, uning ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan g‘oyalari xalqimizning qalbida, kundalik urf-odat va an’analarida yashayvergan. Bu asarning asosiy g‘oyasi bo‘lgan ezgulik bugungi kunda ham barcha orzu-intilishlarimizning negizida mujassam ekani haqida siz avvalgi darslarimizdan yaxshi xabardorsiz.

Urganch shahridagi «Avesto» yodgorligi
Urganch shahridagi «Avesto» yodgorligi

Bilim va ezgulikning inson, jamiyat hayotidagi ulkan ahamiyatini yaxshi tushungan ma’rifatli xalqlar o‘z kuchi, moddiy imkoniyatlarini ana shunday hech qachon yo‘qolmaydigan ma’naviy boyliklarga sarflashga harakat qilgan.

El-yurtimiz azaldan bilim-ma’rifatga intilib yashaydigan xalq sifatida dunyoga tanilgan. Buning isbotini butun hayotini ilm-fan rivojiga bag‘ishlab, jahon ahlini hanuzgacha hayratga solib kelayotgan buyuk allomalarimiz misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

MING YILDA BIR TUG‘ILADIGAN ALLOMA

Qadimiy Xorazm zaminidan yetishib chiqqan ulug‘ ajdodimiz Mahmud Zamaxshariy ilm-u ma’rifat yo‘lidagi beqiyos xizmatlari uchun «Jorulloh», ya’ni «Ollohning qo‘shnisi» degan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan. U yaratgan «Al-mufassal» kitobi arab tilining grammatikasiga asos qilib olingan bo‘lib, arab dunyosida unga hozirgacha amal qilinadi. Shu bois arab mutafakkirlaridan biri «Olamdagi barcha qishloqlar jamlanib, Xorazmning birgina Zamaxshar qishlog‘iga fido bo‘lsa arziydi. Chunki bu qishloq ming yillarda bir marta dunyoga kelishi mumkin bo‘lgan Zamaxshariydek mashhur allomaning vatanidir» deganida to‘la haqlidir[1].

Yurtimiz shuhratini olamga yoygan alloma bobolarimizdan yana biri tabobat ilmida ulkan kashfiyotlarni amalga oshirgan, shayxur-rais, ya’ni allomalarning eng ulug‘i nomini olgan Abu Ali ibn Sinodir. U zotning «Tib qonunlari» asari Yevropa universitetlarida olti asr davomida darslik sifatida o‘qitilgan, o‘ziga xos falsafiy ta’limoti esa olimlar tomonidan hanuz katta qiziqish bilan o‘rganiladi.

Ibn Sino va oshiq yigit (Rivoyat)

Toshkent shahridagi Ibn Sino haykali
Toshkent shahridagi Ibn Sino haykali

Bir yigit qattiq betob bo‘lib qolibdi. Hech qaysi tabib uning dardiga davo topa olmabdi. Ota-onasi oxiri buyuk hakim Ibn Sinoga murojaat qilibdi. Ulug‘ alloma yigitning tomirini ushlab: «Shu yaqin-atrofdagi mahallalarning nomini aytingiz»,– debdi. Qaysidir mahallaning nomi aytilganida, yigitning tomir urishi tezlashib ketibdi. Shunda Ibn Sino yana xonadon sohiblariga qarab: «Endi o‘sha mahalladagi ko‘chalarning nomini aytingiz»,– debdi. Ko‘chalardan birining nomini eshitganida yigitning tomiri yana tez ura boshlabdi. Buyuk tabib bemor dardining sababini tobora aniq his etib: «Endi o‘sha

ko‘chada yashaydigan qizlarning nomini aytingiz», – debdi. Qizlardan birining nomi aytilganida, yigit oh tortib yuboribdi. «O‘g‘lingizning kasali ma’lum bo‘ldi, – debdi Ibn Sino, – uni qiynayotgan dard – muhabbat dardidir».

 

____________

Ibn Sino nima uchun bemor yigitga dori yozib bermadi?

«Milliy tariximizning yana bir yorqin yulduzi Abu Rayhon Beruniy faoliyatiga haqqoniy baho berar ekan, amerikalik fan tarixchisi Sarton XI asrni «Beruniy asri» deb ta’riflaydi. Bunday yuksak va haqli baho avvalo qomusiy tafakkur sohibi bolmish buyuk vatandoshimizning ilm-fan taraqqiyotiga qoshgan beqiyos hissasi bilan izohlanadi»[2].


[1] Islom ziyosi o‘zbegim siymosida. –Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2001-yil, 189-bet.

[2] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 42-bet.


Savol va topshiriqlar:

  1. Moddiy boylik abadiy turishi mumkinmi?
  2. Ma’naviy boylikni yo‘q qilib bo‘ladimi?
  3. «Avesto» kitobi nechta qoramol terisiga yozilgan?
  4. O‘tda yoqilgan bu kitob butunlay yo‘q bo‘lib ketdimi?
  5. Mahmud Zamaxshariy kim bo‘lgan?

Previous articleOliyjanoblik (Rivoyat)
Next articleO‘zbekiston – buyuk allomalar yurti