O‘qituvchining pedagogik texnikasi tizimida mimik va pantomimik ifodalari ham muhim o‘rin tutadi. Pedagogning mimik va pantomimik ifodasi, o‘qituvchining imo-ishorasida, ma’noli qarashlarida, rag‘batlantiruvchi yoki kinoyali tabassumida namoyon bo‘ladi va ular o‘qituvchi-tarbiyachining pedagogik ta’sir ko‘rsatishida, o‘q.uvchi-talabalarga mashg‘ulotlarni ta’sirchan, qiziqarli, samarali va mazmunli o‘tish uchun puxta zamin tayyorlab beradi.
MIMIKA – bu o‘z fikrlarini, kayfiyati, holati, hissiyotini o‘quvchi – talabalar bajarayotgan ishdan roziligi yoki norizoligini bildirish maqsadida uchun yuz, qosh, ko‘z muskullarini harakatga keltira olish san’atidir. Ba’zan yuzning va nigohning ifodasi o‘quvchi-talabalarga katta tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatadi. Mimik harakatlar, ifodalar ma’lumotlarning hissiy ahamiyatini kuchaytirib, ularni chuqur o‘zlashtirish uchun imkon yaratadi. O‘quvchi – talabalar o‘qituvchiga qarab uning kayfiyatini, munosabatini «o‘qib» oladilar. SHuning uchun uydagi ba’zi noxushliklar o‘quv mashg‘ulotlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Mimik ifodalar o‘quvchi – talabalarning o‘quv kayfiyatiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmasligi kerak. YUz ifodasida, mimik belgilarida faqat dars mashg‘ulotlariga xos ta’sirini ko‘rsata bilishi talab etiladi. Bu o‘quv – tarbiya topshiriqlarini echish o‘quvchi-talabalar ta’limi va tarbiyasiga ijobiy yo‘nalish bera oladigan ko‘rinishlarni ifodalashi lozim.
Yuz ifodasi, esa o‘z navbatida nutq va munosabat xarakteriga mos bo‘lishi kerak. U ishonch, ma’qullash, ta’qiqlash, norozilik, quvonch, faxrlanish, qiziquvchanlik, befarqlik, ikkilanish kabi xususiyatlarda ifodalanishi mumkin. Mimik ifodaning asosiy detali sifatida qayd qilinganidek qosh, ko‘z, yuz ko‘rinishi va muskullari ishtirok etadi. Ko‘z, qosh, yuz o‘quvchi- talabalar javobidan qoniqish, xursand bo‘lish, faxrlanish yoki e’tirof, norozilik, qoniqmaslik, xafa bo‘lish va boshqa belgilarni ifodalasa, ta’lim oluvchilar diqqatini bo‘lmasdan, boshqalarga xalaqit bermasdan ta’lim – tarbiya ishlarini olib borish muvaffaqiyatli kechadi. Shuni ham alohida e’tirof etish joizki, mimik ifodalar namoyish qilinayotgan paytda o‘qituvchining nigohi o‘quvchi-talabalarga, yoki ayrim o‘quvchilarga qaratilgan bo‘lishi zarur.
Doskaga, eshikka, derazaga, ko‘rgazma qurollarga yoki devorga nigoh tashlab mimik ifodalarni namoyish qilishdan qochish lozim.
PANTOMIMIKA – bu gavda, qo‘l, oyoq harakatidir. O‘qituvchi darsda o‘quv ma’lumotlarini bayon qilar ekan, gavda holati orqali ma’lumotlarning obrazini chizadi, o‘quvchi-talabalar bundan zavqlanadilar, ichki his-tuyg‘ulari, ularning tashqi hissiyotlari bilan qo‘shilib butun borliq ma’lumotlar mazmunini o‘zlashtirishga qaratiladi. Gavdani rost tutib yura bilish, fikrlarini aniq va to‘liq bayon qila turib qo‘l, boshni turli harakatlarga keltirish o‘qituvchining o‘z bilimiga, kuchiga ishonchini anglatadi. SHuni ham unutmaslik kerakki, o‘qituvchi talabalar oldida o‘zini tuta bilsa, harakatlarini tartibga keltira olsa, o‘quv-tarbiya jarayoni samarali bo‘ladi. Ma’ruzada oyoqlar 12-15 sm. oraliqda bir oyoq sal oldinga surilgan holda turish bu o‘qituvchining fanini mukammal bo‘lishi, uni tushuntira olishiga ishoradir. O‘qituvchining ishoralari ma’noli bo‘lib, u ortiqcha harakatlardan xoli bo‘lmog‘i darkor. Masalan, keraksiz hollarda qo‘llari bilan imo-ishoralar qilish, boshini uyoq-buyoqqa tashlash, oyoqlarini kerib o‘tirish va h.k. Bunday holatlar o‘quvchi-talabalarning g‘ashini keltiradi va o‘quv faniga, o‘qituvchiga nisbatan hurmatsizlik his-tuyg‘ularini uyg‘otadi.
O‘qituvchi auditoriya (sinf)da yurgan paytida faqat oldin va orqaga qarab yurishi tavsiya etiladi. Chunki, agar u yon tomonlarga, ya’ni, u yondan, bu yonga yursa talabalar fikri bo‘linadi va ular tez charchab qoladilar. Old tomonga yurayotganida, o‘qituvchi eng muhim voqealarni bayon qilishi lozim, chunki bunda talabalar o‘qituvchini butun diqqatlari bilan eshitayotgan bo‘ladilar.
Yuzi talalabalarga teskari holda yurayotganda uncha ahamiyatga molik bo‘lmagan fikrlarni aytish, dalillar keltirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki, bu vaqtda o‘quvchi-talabalar bir oz erkin holatda o‘zlarini his qilayotganbo‘ladilar.
O‘z hissiyotini boshqara olish malakasi. O‘qituvchining pedagogik texnikasi tizimida o‘z hatti-harakati, hissiyotini idora qilishi va ruhiy (psixik) holatini boshqara olishi ta’lim-tarbiya jarayoni uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O‘qituvchi ta’sir ko‘rsatish vaqtida (darsda, darsdan tashqari mashg‘ulotlar paytida, tarbiyaviy ishlar jarayonida) o‘z hissiyotini boshqara olishi, jiddiy bo‘lishi, umidbaxshlik, hayrixohlik kayfiyatda bo‘la olishi ham pedagogik texnika tizimining muhim elementidir. Buyuk rus pedagogi A.S.Makarenko aytganidek: «Tarbiyachi tashkil etishni, yurishni, hazillashishni, quvnoq, yoki jahldor bo‘lishini bilishi lozim, U o‘zini shunday tutishi kerakki, uning har bir harakati tarbiyalasin va o‘qitsin». Bunday malakaga ega bo‘lgan pedagog o‘z-o‘zini nazorat qila oladi, pedagogik faoliyati davomida sog‘lom asab tizimini o‘zida tarbiyalay oladi, asabiylashishdan, hissiy va aqliy zo‘riqishlardan o‘zini asraydi.
O‘z xatti – harakati, hissiy holatini nazorat qilishda pedagog, avvalo, o‘zida quyidagilarni shakllantirishi lozim:
- hayrixohlik va optimizm ruhida bo‘lish;
- o‘z hulqini nazorat qilish, (muskul zo‘riqishini, harakatini, nutq tempini, nafas olishini tartibga solish);
- faoliyatni dam oldirish, ya’ni lirik, musiqaviy, yumoristik, jismoniy daqiqalarni yaratish;
- o‘z – o‘ziga salbiy ta’sir ko‘rsatishning oldini olish va h. k.